Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2024-yil 27-fevraldagi PQ – 88-son qaroriga muvofiq:

2024-yil 1-mayga qadar elektr yuritmali kreslo-aravacha, velo kreslo-aravacha, sanitariya uskunalari bilan jihozlangan mexanik kreslo-aravacha, yurish moslamasi (rollator), to‘rt oyoqli kassa, ovozli termometr va tonometr hamda boshqa vositalarni inobatga olgan holda, davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari turlarini 18 tadan 30 taga ko‘paytirish;

2024-yil 1-maydan boshlab protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarini xarid qilish uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar miqdori bozor konyunkturasidan kelib chiqib, o‘rtacha uch baravargacha, ayrim vositalarning turlarini esa o‘n baravargacha oshirish;

2024-yil 1-oktyabrga qadar respublikaning barcha hududlarida muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan vaucher asosida ta’minlash tartibi joriy etilishi;

“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlaridagi ijtimoiy xodimlar guruhlari tomonidan ishlab chiqilgan individual tartibdagi ijtimoiy xizmatlar va yordamlar ko‘rsatish rejalariga muvofiq protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlangan muhtoj shaxslarni ta’lim va sportga jalb etish hamda ularning bandligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarda ijtimoiy hayotga moslashtirish choralari ko‘rilishi belgilangan.

Hukumat qarori bilan Muhtoj shaxslarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. 

Nizomda:

protez moslamalari va reabilitatsiya vositalariga muhtojlikni belgilash va ularga bo‘lgan ehtiyojni aniqlash tartibi;

protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarini xarid qilish, yetkazib berish va to‘lovlarni to‘lash tartibi;

protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarini boshqasiga almashtirish tartibi belgilab berilgan.

Shuningdek, mazkur qaror bilan Davlat tomonidan kafolatlangan tarzda ta’minlanadigan protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari ro‘yxati ham tasdiqlandi. 

Qarorga ko‘ra, vaucher tizimi joriy etilmagan hududlarda muhtoj shaxslarni protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan sertifikat tizimi asosida ta’minlash tartibi saqlab qolinadi.

Protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari “Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimida yuritiladigan Protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalarini sotuvchi tadbirkorlik subyektlari reestriga kiritilgan tadbirkorlik subyektlari tomonidan vaucherga muvofiq realizatsiya qilinadi.

Bunda protez moslamalari va reabilitatsiya vositalari uchun davlat tomonidan muhtoj shaxslarga qoplab beriladigan mablag‘lar vaucher asosida Reestrga kiritilgan tadbirkorlik subyektlariga o‘tkazib beriladi.

Tadbirkorlik subyektlarining Reestrga kirmaganligi ularning protez moslamalari va reabilitatsiya vositalarini ishlab chiqarish yoki sotish faoliyatiga to‘sqinlik qilmaydi.

O‘zA

Powered by GSpeech