Yaqinda Prezident Shavkat Mirziyoevning Farmoni bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi tasdiqlandi. Milliy strategiyani bosqichma-bosqich amalga oshirishga qaratilgan “Yo'l xaritasi” ishlab chiqildi.
Mazkur hujjatlarda, jumladan, sud-huquq tizimini yanada rivojlantirishga taalluqli chora-tadbirlar o'z aksini topgan. Bu haqda so'z borganda, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan ushbu sohada qisqa muddat ichida amalga oshirilgan tarixiy demokratik islohotlar yurtimizni xalqaro maydondagi nufuzi va obro'-e'tiborini tamoman yangi bosqichga olib chiqqanini alohida ta'kidlash lozim.
Xususan, kuni kecha BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligini ta'minlash bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan tomonidan O'zbekistonga 2019 yilgi tashrifi yakunlari bo'yicha ma'ruzasi doirasida e'lon qilingan ijobiy fikrlar va dalillar ham bu boradagi xalqaro hamjamiyatning yakdil e'tirofi bo'ldi.
Mamlakatimizning inson huquqlari bo'yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatga, jumladan BMTning 6 ta asosiy shartnomasi va 4 ta fakultativ protokoliga qo'shilgani soha rivojida muhim ahamiyat kasb etmoqda. Binobarin, ushbu shartnomaviy majburiyatlarni bajarish yuzasidan inson huquqlariga oid milliy qonunchilik hujjatlari izchil takomillashtirilmoqda. Buni keyingi bir yil davomida 70 dan ortiq qonun, 350 dan ziyod Prezident farmon va qarorlari qabul qilinganligi ham tasdiqlaydi.
Ayniqsa, siyosiy-huquqiy nuqtai nazardan yondashganda, uzoq muddatga mo'ljallangan ushbu milliy strategiya O'zbekistonning 30 yillik mustaqil demokratik taraqqiyoti davrida inson huquqlarini himoya qilish va sud-huquq islohotlarini chuqurlashtirish yo'lida mamlakatimiz hayotidagi eng muhim tarixiy qadam bo'ldi.
Shu bilan birga, mazkur dasturiy hujjat Harakatlar strategiyasi doirasida hamda Prezidentimizning 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarni samarali amalga oshirishda jamiyatimizda Konstitutsiya va qonunlar ustuvorligini ta'minlashga xizmat qilishi bilan g'oyat ahamiyatlidir.
Milliy strategiyani inson huquqlari sohasida xalqaro shartnomalar bilan Konstitutsiya va qonunlarning o'zaro uyg'unligi hamda ustuvorligini ta'minlashga qaratilgan muhim hujjat sifatida ham baholasak bo'ladi.
Albatta, mazkur hujjatning qabul qilinishi o'z-o'zidan bo'lgani yo'q. Milliy strategiyani ishlab chiqishda ko'p yillik to'plangan boy huquqiy tajribamiz, demokratik an'ana va qadriyatlar, xalqaro tashkilotlar, ekspertlar tomonidan berilgan tavsiyalar va ilg'or xorijiy amaliyot yutuqlari hisobga olingan.
E'tiborli jihati shundaki, xalqaro mutaxassislar xolisona qayd etganidek, O'zbekiston inson huquqlari sohasida boshqa bir shakldagi yoki turdagi hujjat emas, balki aynan “Milliy strategiya” qabul qilgan sanoqli davlatlar qatoridan joy oldi. Shu omilning o'ziyoq mamlakatimizning xalqaro maydondagi iqtisodiy va iyosiy-huquqiy reyting hamda indekslardagi mavqeini mustahkamladi.
Darhaqiqat, gap Milliy strategiyada belgilangan ustuvor vazifalar haqida borar ekan, bu borada “Yo'l xaritasi”da mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda fuqarolarning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy huquqlarini himoya qilish mexanizmini yanada takomillashtirish maqsadida qariyb 20 ta yangi qonunlar loyihalarini, xalqaro shartnomalar majburiyatlaridan kelib chiqib, amaldagi kodekslar va qonunlarning yangi tahririni ishlab chiqish, ularga tegishli o'zgartish va qo'shimchalar kiritish ko'zda tutilganini qayd etish lozim.
Qolaversa, unda inson huquqlari bo'yicha milliy ta'lim tizimini qayta ko'rib chiqish va huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud idoralari xodimlarining inson huquqlari bo'yicha xalqaro huquqiy savodxonligini, malakasini oshirish bilan bog'liq bir qator chora-tadbirlar belgilangan.
Shuni ham ta'kidlash joizki, avvalombor, biz huquqshunoslar Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi hamda “Yo'l xaritasi”da belgilangan chora-tadbirlarni, ishlab chiqiladigan normativ-huquqiy hujjatlarni birma-bir chuqur o'zlashtirib, mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng targ'ib etishda, bu borada amaliy takliflar berishda faollik ko'rsatishimiz talab etiladi.
Shu ma'noda, BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo'mitalarining tavsiyalarini amalga oshirish maqsadida Inson huquqlari bo'yicha milliy strategiyaning “Yo'l xaritasi”da O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Sudlar tomonidan xalqaro huquq printsiplari va normalarini hamda O'zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini qo'llash amaliyoti to'g'risida”gi qarorini ishlab chiqish ko'zda tutilganligi e'tiborga molik bo'ldi.
Chunki bunday muhim hujjat xorijiy mamlakatlar sudlari tajribasi va odil sudlovga oid xalqaro amaliyotni milliy odil sudlov amaliyotiga tatbiq etish nuqtai-nazaridan alohida ahamiyat kasb etishi tayin.
Ushbu yo'nalishda muayyan ilmiy tadqiqotlar olib borgan mutaxassis sifatida mazkur Plenum qarorining qabul qilinishi sudlar faoliyatida yangi bir yo'nalishni boshlab beradigan tarixiy va dalil qadam bo'ladi, desam, mubolag'a emas.
Gap xalqaro huquqning sudlar faoliyati bilan bog'liq o'ziga xos jihatlari xususida borganda, bugungi kunda sud`yalar tomonidan xalqaro huquq normalarini qo'llash masalasi bir qator xalqaro shartnomalarda bevosita yoki bilvosita qayd etilganiga e'tibor qaratish kerak bo'ladi.
Masalan, 1997 yil 30 avgustdagi Qonun bilan O'zbekiston Respublikasi qo'shilgan Xalqaro mehnat tashkilotining Zo'raki yoki majburiy mehnat to'g'risidagi 29-konventsiyasining 26-moddasida ushbu Konventsiyani ratifikatsiya qilgan Xalqaro mehnat tashkilotining har bir a'zosi uni o'z suvereniteti ostida bo'lgan hududda yoki yurisdiktsiyasida qo'llashga majbur ekanligi belgilangan.
Shu bilan birga, BMTning fuqarolik va siyosiy huquqlar, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy huquqlar to'g'risidagi asosiy shartnomalari, shuningdek Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar yuzasidan huquqiy aloqalar hamda huquqiy yordam to'g'risidagi Minsk konventsiyasi hamda Xorijiy arbitraj hal qiluv qarorini e'tirof etish va ijro etish to'g'risidagi N`yu-York konventsiyasi ushbu yo'nalishda sudlar faoliyatini tartibga soluvchi xalqaro huquq normalari hisoblanadi.
Yana bir jihat: milliy qonunchiligimizning xalqaro huquq bilan munosabatidagi o'ziga xos xususiyat shundaki, xalqaro shartnomalar normalari milliy qonunchilik orqali ijro etiladi. Ya'ni, biron-bir xalqaro shartnomaga qo'shildikmi, shu xalqaro hujjat talablarini bajarish maqsadida alohida yangi qonun qabul qilinishi yo tegishli qonunlarga o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilishi mumkin.
Misol uchun, BMTning Bola huquqlari to'g'risidagi konventsiyasiga qo'shilishimiz bilan “Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi qonun, BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to'g'risidagi konventsiyasi hamda Odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalar savdosini oldini olish, unga chek qo'yish va uning uchun jazolash haqidagi Protokolini ratifikatsiya qilishimiz bilan “Odam savdosiga qarshi kurash to'g'risida”gi qonun qabul qilindi.
“Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida”gi yoki “Odam savdosiga qarshi kurash to'g'risida”gi qonunlarni qabul qilishimizning asosi va sababi ham yuqoridagi xalqaro shartnomalarga qo'shilganimiz ekan, unda nima uchun odam savdosiga oid jinoyat ishlarini yoxud bola huquqlari bilan bog'liq nizolarni ko'rishda sud qarorlarida mazkur konventsiyalar normalarini ko'rsatib o'tmasligimiz kerak?
Nima uchun biz mehnat nizolarini ko'rib chiqishda masalaga faqat Mehnat kodeksi va boshqa qonun hujjatlari talabidan kelib chiqib yondashamiz, lekin bunda O'zbekiston ratifikatsiya qilgan Xalqaro mehnat tashkilotining konventsiyalariga murojaat qilmaymiz? Yoki nima sababdan ish stolimizda Konstitutsiya, kodekslar va qonunlar turadi-yu, xalqaro shartnomalar to'plami ko'rinmaydi?
Vaholanki, mamlakatimiz tomonidan ratifikatsiya qilingan yoki tan olingan inson huquqlariga oid mazkur xalqaro hujjatlar O'zbekistonning ham xalqaro shartnomalari hisoblanadi.
Shunday ekan, qabul qilinishi kutilayotgan Plenum qarorining ahamiyati va zaruriyati nimada, degan savol tug'ilishi tabiiy. Fikrimizcha, bu muhim qadam sudlar faoliyatida xalqaro huquq normalarini qo'llash amaliyotini shakllantirish natijalari bilan bevosita bog'liqdir.
Buning quyidagi muhim omil va sabablari bor:
birinchidan, sud Konstitutsiya, qonunlar va xalqaro shartnomalar normalarini qo'llash orqali odil sudlov yo'li bilan inson huquqlari bo'yicha O'zbekistonning alqaro majburiyatlari bajarilishini ta'minlovchi asosiy va yagona organdir;
ikkinchidan, sud qarorida u yoki bu xalqaro huquq normasining ko'rsatilishi xalqaro huquqiy ahamiyatga ega. Sudlar faoliyatida bunday amaliyotning shakllanishi O'zbekistonning sud-huquq sohasidagi obro'-e'tiborini, xalqaro imijini yanada mustahkamlaydi;
uchinchidan, sudlar tomonidan xalqaro huquq normalari qo'llanilishi sud`yaning masalaga xalqaro huquq nuqtai nazardan ham yondashganini ko'rsatib beradi.
to'rtinchidan, Plenum qarori qabul qilinishi sudlarning nson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalarni qo'llash amaliyotini yanada kengaytiradi, shu bilan birga, yagona sud amaliyoti shakllanishiga ham turtki bo'ladi.
Eng muhimi, sud qarori jamiyatda adolat va qonuniylikni ta'minlash bilan birga, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuklashtirish vazifasini bajaradi. Sud qarorini yozgan sud`ya tomonidan xalqaro huquq printsiplari va normalari hamda xalqaro shartnomalarning qo'llanilishi fuqarolarning xalqaro huquqiy savodxonligini oshirishga ham xizmat qilishi shubhasiz.
Husan TURSUNOV,
Qarshi tumanlararo iqtisodiy
sudi sud`yasi, yuridik fanlar nomzodi
- Qo'shildi: 23.07.2020
- Ko'rishlar: 4284
- Chop etish