(“Adolat himoyasida” medialoyihasi: 3-maqola)
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi qabulxonasi hamisha fuqarolar bilan gavjum bo'ladi. Ular mamlakatimizning turli shahar va qishloqlaridan adolat izlab kelishgan.
Kimdir ma'murlarning huquqbuzarligidan, boshqa birovlar sud chiqargan adolatsiz hukmidan norozi ekanligidan shikoyat qilib kelishgan. Arizachilar Markazga kelguncha boshqa turli idoralarga murojaat qilishgan. Ammo ulardan olgan javoblari o'zlarini qanoatlantirmaganligi sababli adolat qaror topishida Inson huquqlari bo'yicha milliy markazdan najot topish ilinjida bo'ladilar.
Fuqarolar Markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limiga, shuningdek pochta va elektron pochta orqali ham o'z shikoyatlari bilan murojaat etadilar. Xususan, 2016 yilda Inson huquqlari bo'yicha milliy markazga fuqarolar tomonidan 2574 ta, 2017 yilda 2054 ta, 2018 yilda 2026 ta murojaat kelib tushgan.
Markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limiga fuqarolarning huquq va burchlarini, davlat tomonidan inson huquqlarini ta'minlash tartibi va tamoyillarini tushuntirish, buzilgan huquqlarning bartaraf etilishida ko'maklashish vazifasi yuklangan.
Ko'p yillik tajribaga ega Otabek Norboev rahbarlik qiladigan Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limida yuqori malakali huquqshunoslar ishlaydi. Ular har bir ariza ortida insonning hal qilinishi talab qilinayotgan hayotiy muammolari yotganini juda yaxshi bilishadi.
Fuqarolarning shikoyatlarida bayon etilgan har bir dalil chuqur tahlil etiladi, ularning qonuniy huquqlari buzilganligi o'z tasdig'ini topsa, O'zbekiston Bosh prokuraturasi, Oliy sudi, zarurat tug'ilsa Adliya va Ichki ishlar vazirligi bilan qalin hamkorlikda haqiqat qaror topishi uchun ba'zan oylar, yillar davomida kurash olib borishga to'g'ri keladi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ko'rsatib o'tganidek, “Afsuski, ayrim sudyalar tomonidan hali ham adolatsiz qarorlar qabul qilinmoqda. Bu esa, o'z navbatida, fuqarolarning odil sudlovga bo'lgan ishonchiga putur yetkazmoqda.
Shu boisdan ham, kasbiy mahorat va madaniyatni oshirish, har qanday holatda ham qonun, adolat va insonparvarlik tamoyillariga asoslanib ish ko'rish – har bir
sudyaning eng ustuvor vazifasi bo'lmog'i lozim.
Sudlar tomonidan qabul qilingan har bir qaror, eng avvalo, adolatli, qonuniy va asosli bo'lishi shart. Shundagina odamlarimizda har qanday holatda ham adolat qaror topishiga bo'lgan ishonch yanada mustahkamlanadi”.
Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi ana shunday holatlar to'g'risida, afsuski, ko'plab misollar keltirishi mumkin. Bo'lim tomonidan muntazam amalga oshirilayotgan monitoringlar, taassufki fuqarolarning o'z huquqlari buzilishi bo'yicha murojaatlarida sud organlari qarorlaridan norozilik bayon etilishi ko'p uchrab turayotganligidan dalolat beradi.
Markazga 2017 yilda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan sudlar chiqargan qarorlar yuzasidan 542 ta, 2018 yilda esa 619 ta shikoyat kelib tushgan.
Masalan, fuqaro M.Majitovning noqonuniy jinoiy javobgarlikka tortilganligi to'g'risidagi murojaati taqdim qilingan hujjatlar asosida o'rganib chiqilib, uni O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi va 205-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topish va unga tegishli jazo tayinlash haqidagi Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudining 2014 yil 21 noyabr` kungi hukmini bekor qilish uchun yetarli asoslar mavjud ekanligi aniqlandi hamda bu haqda xulosa tuzildi.
Ushbu xulosa va tegishli hujjatlar Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instantsiyasida 2018 yil 25 sentyabrda ko'rib chiqilib, sud ajrimiga binoan M.Majitov O'zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 83-moddasi 2-qismi bilan reabilitatsiya qilindi va to'liq oqlandi.
Fuqaro A.Abdullaevaning shikoyati yuzasidan amalga oshirilgan tekshirishlarda uning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarida belgilangan mulk huquqi buzilganligi aniqlangan. Bu ish 2018 yil 11 yanvarda O'zbekiston Oliy sudida nazorat tartibida ko'rib chiqilib, kassatsiya instantsiyasining 2017 yil 23 martdagi ajrimi bekor qilingan va ish yangidan kassatsiya instantsiyasida ko'rish uchun yuborilgan.
Fuqaro A.Abdullaevaning ishi Jinoyat ishlari bo'yicha Toshkent shahar sudi kassatsiya instantsiyasida 2018 yil 13 martda ko'rilib, Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Ko'hinur ko'chasi 1a-uydagi unga tegishli 15-xonadonni davlat egaligiga o'tkazish to'g'risidagi sud hukmining shu qismi bekor qilingan va xonadon o'z egasiga qaytarilishi haqida ajrim chiqarilgan.
Toshkent shahar Yunusobod tumanida yashovchi fuqaro SH.Shadmanov Fuqarolik ishlari bo'yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug'bek tumanlararo sudini undan 7.385.967 so'm undirish to'g'risidagi sud buyrug'idan noroziligi to'g'risida murojaat qilgan. Murojaat yuzasidan Fuqarolik ishlari bo'yicha Mirzo Ulug'bek tumanlararo sudiga kiritilgan taklifga binoan 2018 yil 19 iyunda sud buyrug'i bekor qilingan va fuqaro SH.Shadmanovning huquqlari tiklangan.
Toshkent shahar, Olmazor tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro N.Axmedovning sud hukmiga binoan oqlanganligi sababli unga yetkazilgan moddiy zarar moliya idoralari tomonidan to'lab berilmayotganligi, davlat ijrochilari esa o'z xizmat vazifalarini lozim darajada bajarmayotganligi to'g'risidagi murojaati ham ijobiy hal qilingan. Moliya vazirligi tomonidan fuqaro N.Axmedovga sud qaroriga binoan belgilangan 102.482.779 so'm moddiy zarar to'liq qoplab berilgan.
Inson huquqlari bo'yicha milliy markazning Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash bo'limi fuqarolarning murojaatlari asosida ularning buzilgan huquqlarini tiklash uchun ko'pincha sabot bilan kurash olib borishlariga to'g'ri keladi.
Erkin Ernazarov,
“Demokratlashtirish va inson huquqlari” jurnali
bosh muharririning o'rinbosari
- Qo'shildi: 29.12.2019
- Ko'rishlar: 5136
- Chop etish