Joriy yilning 26-fevral kuni Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2023-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitildi.
Unda senatorlar, vazirlik va idoralar masʼullari, ekspertlar, shuningdek mahalliy Kengashlarning tegishli doimiy komissiyalari aʼzolari hamda Yoshlar parlamenti vakillari ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, Ombudsman nomiga 2023-yilda 18622 ta murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 6487 tasi yoki 40,7 foizi xotin-qizlardan, 9473 ta yoki 59,3 foizi erkaklardan kelgan.
Muhokamalar jarayonida senatorlar yoshlar va bolalar huquqlari hamda manfaatlari himoya qilinganiga alohida eʼtibor qaratdi.
Jumladan, Ombudsmanning tashkilotlarga qilgan murojaatlari natijasida 5 nafar talabaning oliy taʼlim muassasalarida taʼlim olishlari uchun 24 mln so‘mlik kontrakt pullari to‘lanishida, 3 nafar voyaga yetmagan bolalarning maktabga qabul qilinishida hamda 2 nafar maktab o‘qituvchilari dars yuklamasining tiklanishida, 2 nafar talabaga OTMga qarashli yotoqxonadan joy ajratilishida ko‘maklashilgan.
Shuningdek, 30 nafar fuqaroning tibbiy ko‘rikdan o‘tishida va 17 nafarining davolanishi uchun yo‘llanma berilishida, 1 nafarining “Saxovat” uyiga joylashtirilishida, 5 nafari nogironlik aravachasi hamda 2 nafari bilak protezi bilan taʼminlanishida, 2 nafariga nogironlik nafaqasi va 1 nafariga nogironlik guruhi belgilanishida yordam ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, 20 nafar fuqaroning “ayollar daftari”ga kiritilishida, 3 nafar xotin-qizga “himoya orderi” berilishida, 2 nafar fuqaroning yoshlar daftariga kiritilishida ko‘maklashilgan.
Muhokamalar davomida senatorlar tomonidan Ombudsmanning keyingi faoliyatlarida eʼtibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim masalalar taʼkidlandi.
Jumladan, fuqarolik jamiyati institutlari bilan hamkorlikda xotin-qizlarning huquqlarini taʼminlash borasidagi saʼy-harakatlarni yana-da kuchaytirish, havoning ifloslantirilishi yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarni alohida nazoratga olish va taʼsirchan choralar ko‘rish, Ombudsmanga murojaat qilishning tez va qulay imkoniyatini beruvchi “mobil ilova”ni ishlab chiqish va yo‘lga qo‘yish kabi takliflar bildirildi.
Majlis yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.
O'ZBEKISTON RESPUBLIKASI
OLIY MAJLISI SENATI
- Qo'shildi: 27.02.2024
- Ko'rishlar: 1955
- Chop etish