Nelson Mandela qoidalari va qiynoqlarga qarshi kurash

2021 yil 8 noyabr kuni mamlakatimiz jazoni ijro etish muassasalari xodimlari uchun “Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari” mavzusida amaliy trening boshlandi. Uch kunlik ushbu tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YeXHTning O‘zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi va Daniyaning Qiynoqlarga qarshi kurash instituti bilan hamkorlikda tashkil etilmoqda.

Amaliy treningda Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori A.Saidov, YeXHTning Insoniylik mezoni bo‘yicha katta loyihasi xodimi Marte Langeland, xalqaro ekspertlar Kaliya Kambanella, Vadim Chovgan, Mari Brasxolt, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish instituti professor-o‘qituvchilari, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Jizzax, Sirdaryo, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahridagi jazoni ijro etish muassasalari xodimlari ishtirok etmoqda.

Amaliy trening O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etildi. Bunda Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari hamda ushbu qoidalarga kiritilgan o‘zgartirishlar, tegishli huquqbuzarliklarni aniqlash, mahkumlarni qiynoqlar va shafqatsiz muomaladan himoya qilish yuzasidan jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining bilimini oshirish va ko‘nikmalarini shakllantirishga alohida e’tibor qaratiladi.

Aslida, insonni qiynoqqa solishdan maqsad uning shaxsi va sha’nini oyoqosti qilish, or-nomusi va qadr-qimmatini toptash hamda xo‘rlashdir. Shuning uchun Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning teng huquqli a’zosi hisoblanuvchi O‘zbekiston ham qiynoqlarni muayyan odamlar tomonidan boshqalarga nisbatan qo‘llanadigan eng g‘ayriinsoniy qilmish sifatida har doim qoralab keladi.

Xalqaro huquqqa ko‘ra, qiynoqlar – insoniyatga qarshi jinoyatdir. Bu borada qabul qilingan barcha hujjatlarda qiynoqlar qat’iyan taqiqlanadi hamda qiynoqqa solish holatini oqlashga hech qachon va hech qanday yo‘l qo‘yilmaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 26-moddasi talabiga ko‘ra, hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa turdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas.

Bu haqida so‘z borganda, BMT Bosh Assambleyasi 1997 yil 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni deb e’lon qilinganini alohida ta’kidlash lozim. Mazkur xalqaro sanada dunyo miqyosida qiynoqlarga butunlay barham berish hamda BMTning Qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashga qarshi konvensiyasi yanada samarador ishlashini ta’minlashga qaratilgan turli tadbirlar o‘tkaziladi.

So‘nggi yillarda mamlakatimizda fuqarolar huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, mamlakatimizda 26 iyun – Qiynoq qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash xalqaro kuni har yili nishonlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Qiynoqqa solish holatlarini aniqlash va ularning oldini olish tizimini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorini joriy yilning xuddi shu kuni qabul qilgani kelgusida mazkur sananing biz uchun milliy va xalqaro darajadagi tarixiy ahamiyatini yanada oshiradi.

Qarordan ko‘zlangan maqsad – BMTning ustav organlari va shartnomaviy qo‘mitalari tavsiyalarini hisobga olgan holda, qiynoqqa solishning oldini olish bo‘yicha milliy priventiv mexanizmlarni takomillashtirishdan iborat. Prezidentimiz qarorida nazarda tutilgan yangilanishlar amaliyotga o‘z vaqtida va to‘liq joriy qilinishi, shubhasiz, mamlakatimizning ushbu yo‘nalishdagi islohotlariga xalqaro hamjamiyatning ijobiy fikrlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Shuningdek, davlatimiz rahbari 2020 yil 29 dekabrda Oliy Majlisga taqdim etgan Murojaatnomasida inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarning izchil davom ettirilishini ta’kidlar ekan, tezkor-qidiruv, tergov va jazoni ijro etish sohasida qiynoqlarning oldini olish tizimini tubdan takomillashtirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur dolzarb masala Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasida o‘z aksini topgan.

Yangi saylangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev lavozimga kirishish tantanali marosimiga bag‘ishlab kuni kecha o‘tkazilgan Oliy Majlis palatalari qo‘shma majlisidagi nutqida: “Asosiy qomusimiz kafili sifatida Konstitutsiya va qonunlarimiz talablarini so‘zsiz bajarish, “Inson qadri uchun” degan ustuvor tamoyilni to‘la ro‘yobga chiqarish, bundan buyon ham faoliyatimning bosh mezoni bo‘lib qoladi”, deb alohida ta’kidladi.

Albatta, inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz.

Amaliy trening doirasida jazoni ijro etish muassasalari xodimlarining:

  • jazoni ijro etish muassasasida xavfsizlik va inson huquqlarini muvozanatlash borasida tushuncha va amaliy bilimga ega bo‘lishi;
  • Nelson Mandela qoidalarining tarixi, ushbu qoidalarning inson huquqlari doirasidagi o‘rnini hamda ularning qamoqxonadagi milliy amaliyotga ta’sirini o‘rganish;
  • Nelson Mandela qoidalariga kiritilgan eng muhim o‘zgarishlar;
  • Nelson Mandela qoidalarining asosiy tamoyillari va asosiy qoidalari;
  • Nelson Mandela qoidalarini amalga oshirish, tegishli qonunbuzarliklarni aniqlash va mahbuslarni qiynoqlar va shafqatsiz muomalalardan himoya qilish kabi mavzular keng o‘rganilmoqda.

 

Inson huquqlari bo‘yicha
O‘zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati

Powered by GSpeech