O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan ushbu mamlakatda bo‘ldi.
15 yanvar kuni Abu-Dabi shahridagi "Qasr ash-Shati" qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar a’zolari ishtirokida muzokara o‘tkazdi.
Uchrashuv avvalida O‘zbekiston Prezidenti BAA Prezidentiga tashrif bilan kelish taklifi va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi hamda "Abu-Dabi barqaror rivojlanish haftaligi" muvaffaqiyatli o‘tkazilgani bilan tabrikladi.
Davlat rahbarlari O‘zbekiston – BAA do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini, shu jumladan, siyosat, savdo-iqtisodiyot, investitsiya, innovatsiya, madaniy-gumanitar va boshqa ustuvor sohalarni yanada rivojlantirishning muhim masalalarini muhokama qildilar.
O‘zbekiston va Amirliklar xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, o‘xshash an’ana va qadriyatlar, muqaddas islom dini chambarchas bog‘lab turgani ta’kidlandi.
O‘zbekiston yetakchisining BAAga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochayotgani – ular strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilayotgani qayd etildi.
So‘nggi yillarda tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, qo‘shma korxonalar soni bir necha barobar oshdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar soni ko‘paydi, vizasiz tartib joriy qilindi.
Tashrif doirasida BAAning yetakchi kompaniyalari bilan yangi, asosan yuqori texnologik tarmoqlarda loyihalar portfeli shakllantirildi.
Siyosiy aloqalarni yanada mustahkamlash maqsadida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi muloqotni yanada rivojlantirish muhimligi ta’kidlandi.
Yetakchilar iqtisodiy hamkorlikning yangi modelini, jumladan, sun’iy intellekt, raqamlashtirish, "yashil" energetika, shaharsozlik va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi 6 ta asosiy yo‘nalishni belgilab oldilar. Har bir ustuvor soha bo‘yicha alohida ishchi guruhlar tashkil etishga kelishildi.
Tomonlar 2025-2027 yillarni "O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikning yangi davri" deb e’lon qilish taklifini qo‘llab-quvvatladilar.
Shu ma’noda, 2030 yilga qadar o‘zaro savdo hajmini 10 barobarga ko‘paytirish va investitsiya portfelini 50 milliard dollarga yetkazishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish asosiy vazifa etib belgilandi.
O‘zbekiston ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash va BAA kompaniyalarining yurtimizdagi investitsiyaviy faoliyatini kengaytirishdan manfaatdorligi qayd etildi.
Madaniy-gumanitar almashinuv ko‘lamini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Davlatimiz rahbari Muhammad bin Zoid nomidagi universitet bilan hamkorlikda yuqori malakali kadrlar tayyorlash va sun’iy intellekt sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bo‘yicha qo‘shma dasturni ishga tushirishni taklif etdi.
Muzokaralar davomida bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlarga, shu jumladan, joriy yilda Samarqand shahrida o‘tkaziladigan "Markaziy Osiyo – Ko‘rfaz arab davlatlari hamkorlik kengashi" muloqotining ikkinchi sammitiga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi.
Yetakchilar xalqaro siyosatning dolzarb jihatlari yuzasidan ham fikr almashdilar.
Abu-Dabi shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari Prezidentlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida quyidagi hujjatlar imzolandi:
– Strategik sheriklik o‘rnatish to‘g‘risida deklaratsiya;
– Investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– Moliyaviy-texnik hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– Standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
–Investitsiyalar, sanoat va ilg‘or texnologiyalar, adliya, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi, foydali qazilmalar sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida idoralararo bitimlar;
– Madaniyat sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnoma, Diplomatik akademiyalar o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim va boshqalar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Abu-Dabi shahriga tashrifi doirasida Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Ko‘p qirrali hamkorlik va ustuvor yo‘nalishlardagi amaliy sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston – BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga olib chiqqan oliy darajadagi tarixiy muzokaralar yakunlari mamnuniyat bilan qayd etildi.
Kuni kecha Birlashgan Arab Amirliklarining yetakchi kompaniya va xoldinglari rahbarlari bilan erishilgan kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Uchrashuvda o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmini yanada oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Uy-joy va transport infratuzilmasi, energetika, tog‘-kon sanoati, shaharsozlik, raqamlashtirish va boshqa sohalarni rivojlantirish bo‘yicha kooperatsiya loyihalarini ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Sun’iy intellekt borasida, shu jumladan, soha mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma loyiha va dasturlarni amalga oshirish istiqbolli yo‘nalish sifatida belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi doirasida Dubay shahrida BAA Vitse-prezidenti, Bosh vaziri Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum bilan muzokara oʻtkazdi.
Uchrashuvda boʻlib oʻtgan oliy darajadagi muzokaralar samarali boʻlgani hamda Oʻzbekiston – BAA munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga koʻtargani yuqori baholandi.
Davlat boshqaruvi samaradorligini oshirish va boshqaruv kadrlarini tayyorlash kabi sohalarda faol muloqotlar va samarali hamkorlik olib borilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yuqori texnologiyalar, raqamlashtirish, infratuzilmani rivojlantirish va boshqa istiqbolli yoʻnalishlarda yangi loyihalarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishga kelishib olindi.
BAAdagi sheriklar bilan Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt sohasida yaqindan hamkorlik qilishdan manfaatdorlik bildirildi.
Dubayning ilgʻor yechimlarini shaharsozlik sohasiga, jumladan, Yangi Toshkentda zamonaviy infratuzilmani yaratish doirasida joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar faol muloqotni davom ettirish va amaliy sheriklikning barcha yoʻnalishlarida keng koʻlamli hamkorlikni rivojlantirishga kelishib oldilar.
Shu bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Arab Amirliklariga rasmiy tashrifi yakunlandi.
OʻzA
- Qo'shildi: 16.01.2025
- Ko'rishlar: 307
- Chop etish