"Mamlakatimizda demokratik islohotlarni yanada chuqurlashtirish, inson huquq va erkinliklarini ta'minlash, xalq farovonligini oshirish borasida olib borilayotgan izchil siyosat jahon hamjamiyati tomonidan keng e'tirof etilmoqda". Ushbu fikrlar Prezident Shavkat Mirziyoevning O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 28 yillik bayrami munosabati bilan yo'llagan tabrigida yangradi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 10 dekabr` kuni "Yangi O'zbekiston va inson huquqlari" mavzuida tashkil etilgan turkum xalqaro tadbirlarning rasmiy ochilish marosimi davlatimiz rahbarining tabrigida ta'kidlangan ana shu e'tiroflar, eng muhim dalil va raqamlar tahlili hamda talqinidan boshlandi.
Onlayn va offlayn shakllarda o'tkazilgan ushbu tadbirlar Xalqaro inson huquqlari kuniga bag'ishlandi. Tadbirlarni O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor kirish so'zlari bilan ochdi.
Bundan 72 yil muqaddam – 1948 yil 10 dekabr kuni Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilingan. Mazkur muhim sana har yili butun dunyoda, shu jumladan O'zbekistonda ham Xalqaro inson huquqlari kuni sifatida nishonlanadi.
Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi O'zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach qo'shilgan birinchi xalqaro huquqiy hujjatdir. O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalari Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qoidalariga to'la mos keladi.
Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erkinligi, sha'ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi muhrlab qo'yilgani bejiz emas. O'zbekiston Prezidenti ushbu konstitutsiyaviy normani to'la amalga oshirish uchun davlatning siyosiy xohish-irodasi va zarur resurslari mavjud ekaniga e'tibor qaratar ekan, bu boradagi ustuvor vazifalarni belgilab berdi.
Asosiy qonunimizning qoida va tamoyillaridan kelib chiqib, bundan to'rt yil oldin Harakatlar strategiyasi qabul qilindi hamda mamlakatda keng ko'lamli va shiddatli demokratik islohotlar boshlab yuborildi. Yangi O'zbekistonni bunyod etishga qaratilgan tub yangilanishlarning huquqiy asosini Konstitutsiyamizga 7 marta kiritilgan o'zgartirishlar, qabul qilingan 5 ta kodeks va 250 ga yaqin qonunlar tashkil etmoqda.
Bugungi kunda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi qabul qilingani va izchil amalga oshirilayotgani, ayniqsa, e'tiborga sazovor. Bu, o'z navbatida, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmini takomillashtirish va inson huquqlari madaniyatini shakllantirishda katta ahamiyat kasb etmoqda.
O'zbekiston Prezidenti ta'kidlaganidek, "Konstitutsiyamiz mohiyatiga chuqur singdirilgan demokratiya va ijtimoiy adolatga sadoqat hamda insonparvarlik tamoyillarini ta'minlash bo'yicha mamlakatimizda tizimli va ortga qaytmaydigan demokratik islohotlar amalga oshirilmoqda".
Xususan, sud-huquq tizimidagi chuqur islohotlar doirasida afv institutini qo'llash borasidagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Joriy yilning o'zida bilib-bilmay jinoyatga qo'l urgan va o'z qilmishidan pushaymon bo'lgan 300 dan ortiq shaxs afv etilib, jazoni o'tash joylaridan ozod qilingani, 200 nafar mahkumning jazo muddatlari qisqartirilgani shundan dalolatdir.
O'z navbatida, Konstitutsiya kuni arafasida Prezident Shavkat Mirziyoev “Ozodlikdan mahrum etish jazosini o'tayotgan, qilmishiga chin ko'ngildan pushaymon bo'lgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan bir guruh shaxslarni afv etish to'g'risida”gi farmonni imzoladi. Farmonga muvofiq, jazo o'tayotgan va tuzalish yo'liga qat'iy o'tgan yana 104 nafar fuqaro afv etildi.
1991 yildan 2016 yil dekabrgacha 482 kishi O'zbekiston fuqaroligini olgan bo'lsa, 2016 yil dekabrdan 2020 yilgacha bo'lgan muddatda bunday shaxslar 15 ming nafarni tashkil etdi. Bundan tashqari, 1995 yil 1 yanvarga qadar O'zbekistonda yashab kelgan 50 ming nafar fuqaroligi bo'lmagan shaxs O'zbekiston Respublikasining fuqarosi deb tan olindi.
Bunday muhim qadamlar Birlashgan Millatlar Tashkilotining fuqaroligi bo'lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig'iga munosib javobdir. Prezidentimiz alohida qayd etganidek, "O'zbekiston fuqarolari hamisha o'z davlati va Konstitutsiyasi himoyasida bo'ladi va biz bu tamoyilni bundan buyon ham qat'iy amalga oshiramiz".
Hozirgi pandemiya davrida 500 mingdan ziyod O'zbekiston fuqarosi yurtimizga olib kelindi. Chet ellarda qiyin ahvolga tushib qolgan 100 mingga yaqin yurtdoshimizga turli yordamlar ko'rsatildi.
Yolg'on va'dalarga aldanib, mamlakatimizdan chiqib ketgan va qurolli mojarolar bo'layotgan Yaqin Sharq mintaqasida og'ir kunlarni boshidan o'tkazayotgan fuqarolarimiz, asosan ayollar va bolalarni mamlakatimizga qaytarib olib kelish bo'yicha insonparvarlik tadbirlari davom ettirilmoqda. Kuni kecha, 8 dekabr` tongida Suriyadan 98 nafar yurtdoshimiz – 25 nafar ayol va 73 nafar bola Toshkentga olib kelingani bu fikrni tasdiqlaydi.
Pandemiya davrida aholi sog'lig'ini saqlash, ishsiz qolgan fuqarolarga yordam berishga, tadbirkorlarga birinchi darajali e'tibor qaratilmoqda. Aholini arzon uy-joylar bilan ta'minlash bo'yicha davlat dasturi samarali amalga oshirilmoqda.
Faol gender siyosati doirasida xotin-qizlarimizning ijtimoiy-siyosiy mavqeini mustahkamlash bo'yicha jadal ish olib borilmoqda. Shu bilan birga, kambag'allikni qisqartirish maqsadida ijtimoiy yordamning yangi va samarali mexanizmlari joriy etilmoqda.
Ayni chog'da, “Yangi O'zbekiston – maktab ostonasidan boshlanadi”, degan g'oya asosida umummilliy ta'lim-tarbiya tizimini tubdan isloh qilishga misli ko'rilmagan e'tibor qaratilmoqda. Bularning barchasi yurtimizda Uchinchi Renessans – milliy taraqqiyotning yangi davri poydevorini yaratishga xizmat qilishi tayin.
Shuni alohida ta'kidlash joizki, kuni kecha AQSH Davlat departamentining rasmiy saytida e'lon qilingan AQSH Davlat kotibi Maykl Pompeoning bayonotida O'zbekiston maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar ro'yxatidan chiqarilgani ma'lum qilindi.
Bayonotda bu qisqa muddat ichida O'zbekiston rahbariyati tomonidan ko'rilgan tezkor va maqsadli chora-tadbirlarning natijasi ekani qayd etilgan. Shuningdek, maxsus ro'yxatdan chiqishda O'zbekiston tajribasi boshqa davlatlarga namuna bo'lib xizmat qilishi ham ta'kidlangan.
2020 yil oktyabr` oyida milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor O'zbekiston Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zo etib saylandi. Bu ham, shubhasiz, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida mamlakatimizda olib borilayotgan ochiq va faol tashqi siyosatning yana bir ulkan yutug'idir.
Shunday qilib, Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, “Yangi O'zbekiston” degan ibora xalqaro maydonda nafaqat yangi tushuncha, balki real ijtimoiy hodisa sifatida qabul qilinmoqda.
Markazning "Yangi O'zbekiston va inson huquqlari" mavzuida tashkil etgan tadbirlari doirasida «Inson huquqlari himoyasi uchun» ko'krak nishoni sohiblarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi.
Shuningdek, «Raqamli iqtisodiyot, inson huquqlari sohasida ta'lim va tadqiqotlar» tanlovi g'oliblarini taqdirlash tadbiri o'tkazildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan 2020 yilda nashr etilgan yangi adabiyotlar taqdimoti tashkil etildi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va Inson huquqlari bo'yicha Malayziya Milliy komissiyasi o'rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.12.2020
- Ko'rishlar: 4608
- Chop etish