12 noyabrToshkentda O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlari bajarilishi bo'yicha milliy maslahatlashuv bo'lib o'tdi. Ushbu onlayn tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi, "Taraqqiyot strategiyasi" markazi va YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Anjumanda tashkilotchilar vakillari bilan birga, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a'zolari, vazirlik va tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari, xalqaro tashkilotlar va diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.
O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o'rinbosari, Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov, O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisining birinchi o'rinbosari Robaxon Mahmudova, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov va YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi elchi Jon MakGregor tadbir ishtirokchilarini qutladilar.
Milliy maslahatlashuvning maqsadi - O'zbekistonning inson huquqlari bo'yicha xalqaro majburiyatlari, xususan, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi tomonidan O'zbekistonning Uchinchi Milliy ma'ruzasi ko'rib chiqilishi natijalari doirasida amalga oshirilgan ishlar to'g'risidagi Oraliq ma'ruza loyihasini muhokama qilishdir. Anjumanda, shuningdek BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tavsiyalarini bajarish bo'yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi ham ko'rib chiqildi.
Onlayn davra suhbati davomida ishtirokchilarga Universal davriy hisobotning ko'rib chiqilishi mexanizmlari, maqsad va vazifalari to'g'risida batafsil ma'lumotlar taqdim etildi.
Milliy maslahatlashuvda O'zbekiston inson huquqlari va asosiy erkinliklarini himoya qilish va rag'batlantirish sohasidagi asosiy xalqaro institut sifatida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining vakolati va roliga katta ahamiyat berishi ta'kidlandi. Shu nuqtai nazardan, O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi etib saylanishi mamlakat inson huquqlari sohasidagi fundamental tamoyillarga va xalqaro hamkorlikka sodiqligining yorqin dalilidir.
Bundan tashqari, BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi hamda BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi tavsiyalari bajarilishini monitoring qilishda fuqarolik jamiyati institutlari faol ishtirok etayotgani alohida qayd etildi.
O'zbekiston 2018-2020 yillarni o'z ichiga olgan Uchinchi davr doirasida BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi tavsiyalarining bajarilishiga doir o'rta muddatli sharh yuzasidan Ixtiyoriy Oraliq hisobot tayyorladi. Bu, bir tomondan, mamlakatimizning Universal davriy hisobot mexanizmi bilan o'zaro munosabatlari sohasida ilg'or amaliyot hisoblansa, ikkinchi tomondan, O'zbekistonning o'z xalqaro majburiyatlari doirasida inson huquqlarini ilgari surish va himoya qilish ishiga sodiqligini namoyish etadi.
Maslahatlashuvlar natijasida ishtirokchilar Universal davriy hisobotning Oraliq hisoboti mamlakatda inson huquqlari bilan bog'liq vaziyatni baholashning noyob vositasi ekanligini ta'kidladilar. Kelgusida ushbu hisobotdan katta yutuqlarga erishilgan va qo'shimcha e'tiborni talab qiladigan sohalarni aniqlash vositasi sifatida foydalaniladi.
Shu yil iyun oyida bo'lib o'tgan BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashi 44-sessiyasida Kengashning Sudyalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayanning O'zbekistonga rasmiy tashrifi yakunlariga bag'ishlangan ma'ruzasi taqdimoti o'tkazildi. Diego Garsiya-Sayanning ma'ruzasida Prezident Shavkat Mirziyoev tashabbusi bilan O'zbekistonning odil sudlov tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar ijobiy baholandi.
Shu bilan birga, BMT Maxsus ma'ruzachisi milliy huquqiy tizimni yanada takomillashtirishga doir xulosa va tavsiyalarini berdi. Xususan, sudyalar va prokurorlar mustaqilligini yanada mustahkamlash hamda yuristlarning o'z kasbi bilan erkin shug'ullanishlari uchun keng sharoitlar yaratish yuzasidan tavsiyalar taqdim etildi.
Milliy maslahatlashuvda BMT Maxsus ma'ruzachisining ushbu tashrifi natijalari jahon hamjamiyatining O'zbekistonga bo'lgan ishonchi yanada ortishi, natijada dunyo bo'ylab Vatanimiz imiji yuksalishida muhim omil bo'layotgani e'tirof etildi. Ishtirokchilar BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi tavsiyalarini bajarish bo'yicha Milliy harakatlar rejasi loyihasi yuzasidan o'z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur loyiha Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O'zbekiston Respublikasi Oliy sudi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. Milliy harakatlar rejasi loyihasining yakuniy muhokamalaridan so'ng ushbu hujjatni tasdiqlash uchun Oliy Majlis palatalariga kiritish rejalashtirilgan.
Tadbir doirasida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi va YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi hamda va YeXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.11.2020
- Ko'rishlar: 3962
- Chop etish