“Sud binosiga kelgan har bir inson O'zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak”. Kuni kecha O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev raisligida odil sudlovni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida yangragan bu ta'kid sohaga oid bugungi kunning barcha talablarini o'zida mujassamlashtiradi.
Insoniyat adolatli hayot tarziga, umr yo'llarida haqiqat qaror topishiga hamisha tashna. Sud-huquq tizimi esa jamiyatda qonun ustuvorligi, haqiqat barqarorligi va adolat barhayotligi uchun mas'uldir. Sudlar adolatli hukmlar chiqarar ekan, qonunlar ustuvorligini yo'qotmaydi, haqiqat toptalmaydi, insonlar esa xo'rlanmaydi.
Davlat rahbari tomonidan bu borada belgilab berilgan vazifalarning mohiyati va ahamiyati haqida sud-huquq sohasining bir qator mutaxassislari, sud`yalar va deputatlar o'z fikrlarini bildirdi.
Davlatmirza KOMILOV, Jinoyat ishlari bo'yicha Namangan viloyat sudi raisi:
– Davlatning qudrati, avvalo unda barcha itoat etadigan tartib- intizom o'rnatilgani, inson huquqlari va manfaatlarini har tomonlama ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonunlarning mavjudligi va ularga izchil amal qilish kabi qator mezonlar bilan baholanadi.
Buyuk bobokolonimiz Amir Temur ta'biri bilan aytganda, davlat agar tartib asosida qurilmas ekan, to'ra-tuzukka bog'lanmas ekan, unday saltanatning shukuhi, qudrati va tartibi yo'qoladi.
Shu ma'noda, davlatimiz rahbari tashabbusi asosida ajdodlarimizning davlatchilikni shakllantirish borasidagi tajribalari hamda xorijiy ibratli amaliyotga tayangan holda ishlab chiqilgan va keng jamoatchilik muhokamasi natijalariga ko'ra 2017 yilda qabul qilingan Harakatlar strategiyasi yangi O'zbekiston kelajagini barpo etish yo'lida muhim dasturilamal hujjat vazifasini muvaffaqiyat bilan o'tamoqda. Uning ijrosi doirasida erishayotgan yutuqlarimiz nafaqat yurtimizda, balki xalqaro maydonda ham yuksak e'tirof etilmoqda.
Kuni kecha odil sudlovni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ushbu ustuvor masalalar yuzasidan o'tgan uch yilda yigirmadan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilingani qayd etildi.
Bu hujjatlarning samarasi sudlar tomonidan qisqa davrda 2 ming 273 nafar fuqaroga oqlov hukmi chiqarilgani, jinoyat yo'liga bilib-bilmay kirib qolgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlar jamoatchilik kafilligiga berilganida namoyon bo'ldi.
Bunday ijobiy o'zgarishlar fuqarolar o'rtasida haqiqat va adolatga bo'lgan ishonchni mustahkamlayotgan bo'lsa-da, xalqimiz sud-huquq tizimidan to'la rozi deyishga hali asos yo'qligi ta'kidlangani bejiz emas. Chunki yaqinda Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralari xodimlari o'z g'ayriqonuniy xatti-harakatlari bilan ikki nafar fuqaroning erta vafot etishiga sababchi bo'ldi.
Shunga o'xshash holatlar islohotlarga to'g'anoq bo'layotgani qat'iy qoralandi. Qayd etilgan mudhish fojialarga aloqador 34 nafar IIB xodimi qonun oldida javob bermoqda. Keyingi davrda huquq-tartibot idoralarining 60 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Yig'ilishda tergov sifati va tergovchilar malakasi talabga javob bermasligi, bu yo'nalishda maktab shakllantirilmagani, tergov organlari o'ttiz yil avvalgi metodologiya asosida faoliyat olib borilayotgani tanqid qilindi.
Buning natijasida joriy yilning o'tgan 5 oyi davomida tergov organlari tomonidan asossiz ayb qo'yilgan 323 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlanib, 1 ming 854 nafar shaxsga nisbatan qo'yilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan. O'tgan yilning o'zida oqlangan 236 nafar shaxsga davlat hisobidan 6,7 milliard so'mlik moddiy va ma'naviy zarar to'lab berilgan.
Islohotlarga salbiy ta'sir o'tkazayotgan bu kabi holatlarni bartaraf etish maqsadida mamlakatda tergov institutini tashkil etib, tergovchilik kasbini egallash yo'nalishida bugungi kun talabiga mos ravishdagi mutlaqo yangi talablarni joriy qilish taklif etildi.
2018-2019 yillarda oqlangan 307 nafar shaxsga oid 192 ta jinoyat ishi bo'yicha davlat ayblovchilari ayblovdan voz kechishmagani ham asosli ravishda tanqid tig'iga olindi. Binobarin, endilikda ayblovdan voz kechish institutini shakllantirish islohotlarning asosiy mezonlaridan biri bo'lib, bu fuqarolarning huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga ishonchini mustahkamlashda muhim rol` o'ynaydi.
Fuqarolardan sudlarda ishlar uzoq muddat ko'rilayotgani yuzasidan kelib tushayotgan murojaatlarning soni kamaymayapti. Bu, o'z navbatida, sudlarda ishlarni turli instantsiyalarda qayta-qayta ko'rish amaliyotiga chek qo'yishni taqozo etayotir. Shuning uchun “Bir sud, bir instantsiya” tizimini joriy etib, ishlarni nazorat tartibida ko'rish amaliyotini tugatish tavsiya etildi.
Shu bilan birga, har chorakda sud rahbarlarining ommaviy axborot vositalari orqali odil sudlov faoliyati yuzasidan axborot berishlari yo'lga qo'yiladi. Sud`yalar oliy maktabida sudyalar va sud xodimlarini sirtqi, kechki, masofaviy o'qitish tashkil etiladi.
Gender tenglikni ta'minlash maqsadida sud korpusida ayol kadrlarni yanada ko'paytirish ko'zda tutilmoqda. Tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalarida videokonferentsaloqa tizimini joriy qilish, sud majlislarida audioyozishni joriy etish
davr talabi ekani alohida ta'kidlandi.
Sud mustaqilligini chin ma'noda ta'minlash maqsadida sud`yalarning adolatli qaror qabul qilishlariga, sud ishiga har qanday shaklda aralashuvlarga, shuningdek sudyalarni odil sudlov faoliyati bilan bog'liq bo'lmagan turli xil yig'ilish va tadbirlarga ortiqcha jalb qilishga chek qo'yish haqidagi fikrlar juda muhim. Sudyalarni uy-joy bilan ta'minlash masalasiga ham e'tibor qaratildi.
Ushbu vazifalarni bajarish sud korpusi vakillaridan jiddiy mas'uliyatni talab etadi. Biz, barcha sud`yalar ongimizda adolatni qo'rg'on qilib, tilimizda faqat haqiqatni so'zlab, dilimizda poklik va halollikni saqlab, tanqidiy tahlil, qat'iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlikni faoliyatimizning kundalik qoidasiga aylantirib, sudning obro'sini, nufuzini ko'tarish yo'lida tinimsiz mehnat qilamiz.
Narimon UMAROV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o'rinbosari, O'zbekison “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi raisi:
– Prezidentimiz ta'kidlaganidek, parlament a'zolari joylarda xalq bilan ochiq muloqot o'tkazgan paytda jamoatchilik sud-huquq sohasida o'zlari duch kelgan adolatsizliklarni ochiq-oydin bayon qildi. Ha, biz deputatlar xalq ichiga chuqur kirib borganimiz sayin ularning hayotlaridan to'liq boxabar bo'lmoqdamiz.
Afsuski, murojaatlarda mansabdor shaxslar, davlat idoralari, huquq-tartibot organlari faoliyatidagi nojo'ya harakat va harakatsizliklardan shikoyatlar ko'p. Ularni birgalikda hal qilishga kelishib oldik va bu bilan yangi islohotlarga dastlabki qadamni qo'ydik, desak mubolag'a emas.
Odil sudlovga ko'maklashish, tergov jarayonlarini shaffoflashtirish va korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha muntazam ravishda muloqotlar olib borishni galdagi vazifa sifatida belgilab oldik. Binobarin, aholi tomonidan ko'tarilgan adolatsizlik holatlari va muammolar har chorakda mahalliy Kengashlarda tanqidiy muhokama qilinishi natija berishi aniq.
Prezident Shavkat Mirziyoev sudyalarning adolatli qaror qabul qilishlariga ta'sir o'tkazuvchi barcha omillarni, shu jumladan Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish taklifini ilgari surdi. Hozirda fraktsiya a'zolari hamda partiya ekspertlari ushbu taklifni ko'rib chiqish ustida bosh qotirmoqdalar.
Sud`yaning faoliyatiga to'sqinlik qilgani va adolatsiz qaror chiqarishga majburlagani uchun javobgarlikni kuchaytirish masalasi ko'tarilgani ayni muddao bo'ldi. O'zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi saylovoldi dasturida sud tizimini kompleks rivojlantirish, sudlarning mavqeini oshirish, sudyalarning daxlsizligini ta'minlash kabi masalalar ustuvor vazifalarimiz qatoriga kiritilgan. Zero, mazkur islohotlar adolatli jamiyat qurishning muhim shartidir.
Yurtboshimiz tomonidan advokatura odil sudlovning ajralmas qismi sifatida tilga olingani juda o'rinli. Binobarin, inson huquqlarini ta'minlash va uni munosib himoya qilishda advokatura institutining o'rni va roli beqiyosdir. Bu borada partiyamiz sud jarayonida advokatura va prokuratura huquqlarining tenglik printsipini ta'minlash uchun kurashadi.
Videolselektor yig'ilishida ham advokatlar mavqeini oshirish va faoliyatini mustahkamlash xususida bir qancha takliflar berildi. Jumladan, davlat tomonidan taqdim etilgan advokatlarni tanlashning ochiq-oshkora tartibi yo'qligi bois ayrim tergovchilar o'ziga tanish advokatlarni chaqirib, ayblanuvchiga ta'sir o'tkazish hollari uchrab turadi.
Buning oldini olish uchun esa tegishli vazirliklarga davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimini ishga tushiriladi. Sudlarga elektron murojaat
qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma'lumotlarni elektron shaklda yuborish aholi uchun qulaylik yaratishidan tashqari tizimning shaffoflashishi, adolat asosiy mezonga aylanishiga xizmat qiladi.
Sudgacha bo'lgan tergov jarayonlari borki, aholining ko'plab e'tirozlari ayni shu bosqichdan boshlanadi. Buni biz saylovoldi dasturini shakllantirish jarayonlarida aholidan kelib tushgan ko'plab murojaatlar va ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo'lgan ayrim voqealar doirasida tahlil etgan edik.
Tergov jarayonlaridagi adolatsizliklarning ko'pligi, tergov yakunidan so'ng ham tergov idoralarining idoraviy manfaatlari saqlanib qolayotgani va buning sud`yalar daxlsizligiga ta'sir etayotgani natijasida saylovoldi dasturimizga turli muassasalarda mavjud bo'lgan tergov organlarini yagona mustaqil tergov organiga aylantirish tashabbusi kiritilgan.
E'tiborlisi, mazkur tashabbus ko'plab fuqarolarimizdan tomonidan qo'llab-quvvatlangan va hanuzgacha ushbu tashabbusni tezroq amalga oshirishimizni so'rab ko'plab murojaatlar kelayotgan edi.
Kechagi yig'ilishda bu borada ham so'z bordi. Ahamiyatlisi, Prezidentimiz tomonidan mazkur holatlarni bartaraf etish maqsadida yagona, mustaqil tergov organini tuzish to'g'risidagi tashabbus ilgari surildi. Bu o'z-o'zidan xalqimiz fikrlari asosida shakllangan dasturiy vazifalarimiz hayotga tatbiq etilishida navbatdagi qadam hisoblanadi.
Yig'ilishda korruptsiyaga qarshi kurash borasida islohotlar muhokama qilingani sud islohotlariga oid fikrlarning uzviy davomi bo'ldi. Ayniqsa, O'zbekiston Prezidenti tomonidan Korruptsiyaga qarshi kurashish agentligini tashkil etish haqidagi farmon qabul qilingani muhim qadamdir. Mazkur yangi tashkilot korruptsiyaga qarshi kurashish ishlarining holatini tahlil qilib, har yili Prezident va Oliy Majlis palatalariga milliy hisobot kiritib boradi.
Prezident ma'ruzasi o'z yo'limizdan ravon borish uchun yangi rejalarni tuzishga imkon yaratdi. Endi bizni eng asosiy ish – belgilab olgan maqsadlarimizni dadillik bilan amalga oshirish kutmoqda.
A.SHUKUROV, Fuqarolik ishlari bo'yicha Jizzax viloyat sudi raisi:
– Biz, sudyalar bugungi kunda xalq bilan onlayn muloqotlarni amalga oshirib, mahalliy Kengash deputatlariga muntazam axborot taqdim etib kelmoqdamiz. Ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokidagi brifinglarda sud faoliyatini targ'ib etayapmiz.
Karantin vaqtida ham fuqarolarni sudga chaqirmasdan nizolarni mahallalarda, karantin qoidalariga qat'iy rioya etgan holda sayyor tartibda ko'rishni yo'lga qo'ydik. Bunday o'zgarishlar odamlarimizda haqiqat va adolatga bo'lgan ishonchni mustahkamlamoqda.
Prezidentimiz ma'ruzasi ko'rsatib o'tgan xato va kamchiliklar sud tizimida haqiqatdan ham mavjud. Xalqimiz sud tizimidan rozi deyishga hali erta.
Albatta, ish faoliyatimizdagi xato-kamchiliklarga tanqidiy ko'z bilan qaragan holda ularni tahlil etayapmiz. Bor imkoniyatlarimizdan foydalanib, nizolarni vaqtida hal etish, odamlar roziligini olish bo'yicha qilayotgan ishlarimiz yildan-yilga yaxshilanib borayotgan bo'lsa-da, lekin sud tizimini bugungi kun talabi darajasiga olib chiqishimiz lozim.
Joriy yilning besh oyida aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ziyodi yoki 44 foizida sudlarda ishlar to'liq va xolis ko'rilmayotgani, uzoq muddat cho'zilayotgani bildirilgan. Bu albatta achinarli holat.
Shu sababli nafaqat sudya, balki sudda ishlovchi har bir xodim sudga murojaat etgan fuqarolarga to'g'ri huquqiy tushuntirishlar berishi, xushmuomala munosabatda bo'lishi shart. Sud binosida murojaat etuvchilar uchun yaratilgan sharoitlarni yaxshilash, fuqarolarni tezkor qabul qilish, sud tizimidagi ochiqlik va shaffoflikni ta'minlash, o'z ustimizda ishlab, tajriba oshirish, yangi tayinlangan sud`yalarimizni «ustoz-shogird» tizimi bo'yicha o'rgatib borish choralarini ko'rishimiz zarur, deb hisoblayman.
Ushbu yig'ilishga tayyorgarlik asnosida Parlament a'zolari eng chekka hududlarga borib, aholi bilan uchrashdilar, ularning sud-huquq masalalari yuzasidan fikrlari olindi. Bu albatta aholimiz tomonidan iliq kutib olindi va ularda katta qiziqish uyg'otdi.
Prezidentimiz tomonidan bundan buyon deputat va senatorlar o'zlari saylangan hududlarda sudyalar korpusi, sektor rahbarlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda odil sudlovga ko'maklashish va korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha muntazam ravishda muloqotlar o'tkazib turishi haqida ko'rsatma berildi. Bunday yondashuvni juda ham to'g'ri, deb bilaman.
Shuningdek, sudga borish uchun ayrim tuman va shaharlarimizda odamlarga qulaylik yaratish zarurligi masalasi ham asoslidir. Fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarning eng quyi pog'onasi tumanlararo shaklda, ya'ni bitta sud bir necha tuman aholisi uchun xizmat ko'rsatib kelayotgan bo'lib, ayrim hollarda bu aholi uchun ortiqcha ovoragarchiliklarni, o'z navbatida ularning noroziligini ham keltirib chiqarmoqda.
Shu bois aholi soni va hududi, ko'rilayotgan ishlar toifasi va sonidan kelib chiqqan holda sudlarni va ularning faoliyatini maqbullashtirish vaqti keldi.
Bugungi kunda chet el investorlarini mamlakatimizga jalb etish masalasi juda ham dolzarb. Buning uchun chet el investorlari o'zlari kiritayotgan xususiy mulk qonun hamda sudning kafolatli himoyasida ekanligiga ishonch hosil qilishlari lozim.
Xususiy mulk huquqining sud tartibisiz bekor bo'lib ketishi, yerga bo'lgan huquqlarning qonuniy kafolatlanmagani, bunda hokim qarorlarining noqonuniy qabul qilinishi kabi holatlar investorlarining sarmoya olib kirishiga salbiy ta'sir ko'rsatmay qolmaydi.
Yerga bo'lgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat'iy belgilash esa investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishi aniq.
Davlat rahbari tomonidan sud faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish masalasiga e'tibor qaratilgani biz uchun quvonarli, albatta. Bugungi kunda videokonferentsiya aloqa tizimi bilan jihozlangan sud majlisi zallari qisman mavjud.
Bu zamonaviy tizim birinchi navbatda fuqarolarimizga juda ham katta qulayliklar yaratib, sud majlislarini masofadan turib o'tkazish imkonini beradi. Ya'ni, ish bo'yicha taraflar turli viloyatlardan turib sud majlisida to'g'ridan-to'g'ri qatnashishlari mumkin.
Shundan kelib chiqqan holda, sudlarni joriy yilda videokonferentsiya aloqa tizimi bilan 100 foiz qamrab olish belgilandi. Barcha fuqarolar uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma'lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyatining yaratilishi esa sudlarning ochiqligi va shaffofligini ta'minlaydi.
Sudlar uchun yaratilayotgan sharoitlardan kelib chiqqan holda, biz sudyalar o'zimizga bo'lgan talabchanlikni yanada oshiramiz va bundan ham yaxshi ishlaymiz. Bunda birinchi navbatda sudda ko'rilgan ishlarni umumlashtirib, fuqarolar o'rtasida ko'payayotgan nizolarning sabablarini barataraf etish va ularni sudgacha hal etish choralarini ko'ramiz.
Ilgari nizolarni sudda qonuniy hal etishga e'tiborimizni qaratgan bo'lsak, endi esa ularning barvaqt oldini olishga e'tibor beramiz. Mahalla va oilani qo'llab-quvvatlash boshqarmasi bilan hamkorlikda oilalarni yarashtirish borasidagi ishlarimizni yanada jonlantiramiz.
Biz aholining tinchligi va osoyishtaligini ta'minlash, nizolarning oldini olish, ishlarni o'z vaqtida qonuniy hal etish, sud qarorlarining barqarorligini ta'minlash, fuqarolarning roziligiga erishib, ularning adolatli sudga bo'lgan ishonchini oshirish choralarini ko'ramiz.
Husan TURSUNOV, Qarshi tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi:
– Kuni kecha Prezidentimiz raisligida o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligiga erishish, odil sudlovning sifat va samaradorligini oshirish, yangicha ish uslubiga ega dunyoqarashi keng sud`yalar korpusini shakllantirish yo'lida amalga oshirilgan chinakamiga xalqchil islohotlar haqida so'z yuritildi. Sohada hali yechimini
kutayotgan tizimli muammolar tanqidiy-tahliliy negizda ko'rib chiqildi.
Fuqarolarning sudga bo'lgan ishonchini qozonishda soha xodimlari oldida turgan qator vazifalar, yo'l qo'yilayotgan va xalqimizni qiynayotgan kamchiliklar, jamoatchilik bilan muloqotda sudlar zimmasidagi muhim masalalar atroflicha muhokama qilindi. Bu masalalarning barchasini qisqa muddatlarda tezkor va tizimli hal etishga qaratilgan “Yo'l xarita”si ham belgilab berildi.
Mazkur yig'ilishning yana bir e'tiborli tomoni shundaki, davlatimiz rahbari tomonidan ko'tarilgan masalalar nafaqat sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari doirasida muhokama qilindi. Balki Parlament a'zolari, mahalliy Kengashlar deputatlari, vazirliklar, keng jamoatchilik ishtirokida ochiq va shaffof ruhda o'tgan yig'ilishda anchayin keskin muammolar yechimi bo'yicha aniq amaliy takliflar bildirildi.
Yig'ilishda aytilgan fikrlarni Prezidentimiz tomonidan biz, sud`yalarga bildirilgan navbatdagi yuksak ishonch, imkoniyat, qolaversa kelgusida faoliyatimiz uchun o'ziga xos dasturilamal murojaat sifatida qabul qildim.
Albatta, davlatimiz rahbarining sa'y-harakatlari bilan mamlakatimizda inson huquqlari va sud-huquq sohasida amalga oshirilgan shiddatli islohotlarning dastlabki natijalariga jamiyatimizning yangicha qiyofasi va oddiy fuqarolar hayoti misolida guvoh bo'lib turibmiz. Bunday ildam demokratik qadamlarga bugun xalqaro ekspertlar ijobiy baho berayotgani bejiz emas.
Prezidentimiz ilgari surgan “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqqa xizmat qilishi kerak” degan xayotiy tamoyil haqiqatan ham bizni kabinetdan pastga tushirib, odamlar bilan qanday muloqot olib borish lozimligiga o'rgatdi. Joylarda sayyor qabullarni, sayyor sud majlislarini qanday tashkil etish, fuqarolar, tadbirkorlar bilan qanday muomalada bo'lishni ochiqlab berdi.
Mamlakatimizda inson huquqlarini eng oliy qadriyatga aylantirish, adolatli sud hokimiyatini barpo etish yo'lida katta qadamlar qo'yildi. Ammo, chindan ham, hali fuqarolarning sud idoralaridan rozi bo'lishiga erishish, sud majlislarini oshkora va shaffof tarzda o'tkazish, jurnalistlar bilan cho'chimasdan ochiq muloqotni yo'lga qo'yish borasida talay muammolarimiz bor.
Jamiyatimizda odil sudlovga bo'lgan ishonch va adolat hissini mustahkamlash, ochiqlikni ta'minlash, sud organlari harakatlaridan norozi bo'lib yozilayotgan murojaatlarni kamaytirish uchun nimalarga e'tibor berishimiz kerak?
Albatta, kimdir va qaysidir tomon sudda yutqazishi aniq. Shunga qaramasdan, biz haq tarafning nima sababdan haqligini, nohaq tomonning esa nima uchun nohaqligini aniq dalillar bilan erinmasdan obdon tushuntirib berishimiz kerak, nazarimda.
To'g'risi, bugun sudlar tomonidan mahalliy Kengashlar oldida berilayotgan hisobotlarda natijadorlik emas, aksincha “rasmiyatchilik” ko'proq ko'rinayotganga o'xshaydi. Sudlar u yoki bu yo'nalish bo'yicha hisobot taqdim etdimi, deputatlarimiz qat'iy turib muhokama qilishlari, qaysi mahallada ajralish yoki huquqbuzarliklar ko'pligi sabablarini o'rganib, manzilli sayyor yurishlarni tashkil etishlari lozim bo'ladi.
Yaqinda Prezidentimizning tarixiy Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasida belgilab berilgan muhim vazifalar ham har birimizga katta mas'uliyat yuklaydi. Farmon ijrosining izchil ta'minlanishi, hech shubhasiz, odil sudlov orqali inson huquqlarini himoya qilish borasida mamlakatimizning xalqaro maydondagi imijini, obro'-e'tiborini oshirishda g'oyat muhim qadam bo'lishi tayin.
Xayrulloxon KAMOLOV, Jinoyat ishlari bo'yicha Bekobod tuman sudi raisi:
– O'zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida odil sudlovni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida ochiq va achchiq tanqidiy fikrlar bildirildi. Shu bilan birga, uzoq yillardan buyon o'z yechimini kutayotgan muammolarning hal etish yo'llarini izlash borasida o'ziga xos amaliy muloqot bo'lib o'tdi.
Muhokamaga qo'yilgan masalalarga mutlaqo yangicha munosabat yaqqol sezilib turdi. Teran tahliliy yondashuv va bildirilgan ko'pdan-ko'p amaliy takliflar yig'ilishga ilgari kuzatilmagan o'zgacha shukuh bag'ishladi, deyish mumkin.
Yurtboshimiz ta'kidlaganidek, kun tartibidagi har ikkala masala, ya'ni odil sudlovni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish vazifalari bir-biriga chambarchas bog'liqdir. Bugungi voqeligimizda ularning ahamiyati o'ta muhim.
Mamlakatimizda keyingi yillarda barcha sohalarda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarning ijobiy natija berishi aynan shu omillarga borib taqaladi. Bu esa odil sudlovni ta'minlashga bevosita mas'ul bo'lgan sud`yalar va huquq-tartibot xodimlari zimmasiga ulkan mas'uliyat yuklaydi.
Shu o'rinda mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiboriga soya tashlaydigan, fuqarolarimizda islohotlar natijasiga ishonchni yo'qotadigan va jamiyatdagi barqarorlikka putur yetkazishi mumkin bo'lgan har qanday salbiy holatlarga sud`yalarimiz ham o'zlarining printsipial munosabatlarini bildirishlari lozim, deb aytgan bo'lardim. Binobarin, biz
inson huquqlari paymol etilishining har qanday ko'rinishlariga murosasiz bo'lishimiz shart.
Yana bir diqqatga molik masala: Davlat rahbari hozirgi kundagi tergov ishlarining sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermasligini ta'kidlash orqali ko'pchilikni anchadan buyon o'ylantirib kelayotgan muammoni ro'y-rost ochib berdi. Sa'y-harakatlarimizga qaramasdan, fuqarolarimizning tergov idoralaridan norozilik darajasi yuqoriligicha qolayotgani, murojaatlarning salmoqli qismi shu xususda ekani ayon haqiqat.
Shu bois, bir qator mutasaddi idoralarga Tergov institutini tashkil etish, tergovchilik kasbini egallashga mutlaqo yangi talablarni ishlab chiqish, sohaga ilg'or tajriba va standartlarni joriy etish vazifalari yuklandi. Bu yangi tashabbusni ko'pchilik mamnuniyat bilan qabul qilmoqda va xalqimiz bundan katta o'zgarishlar kutmoqda.
Shuningdek, sudyalarning ayrim faoliyatiga tanqidiy baho berilib, ba'zi sud`yalar tergov materiallariga bog'lanib qolgani, bu esa qonun, sud va davlat obro'siga putur yetkazishi qayd etildi. Odil sudlov xalqning ko'z o'ngida, ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topishi lozimligi aytib o'tildi.
Xususiy mulk qonun va sudning kafolatli himoyasida bo'lishi, yerga bo'lgan huquqlar kafolati kuchaytirilib, mulkiy huquqlarni bekor qilish faqat sud tartibida hal etilishini qat'iy belgilash ham jamiyatimizning bugungi voqeligidan kelib chiqib, xalqimizning xohish-irodasiga monand zarurat ekanligi yaqqol ko'rinib turibdi.
Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, sarmoya kiritayotgan investor birinchi navbatda o'z huquqlari sud orqali kafolatli himoya qilinishiga e'tibor beradi. Sud faoliyatiga aralashishga
hech kimning haqqi yo'q.
Xulosa qilib aytganda, “Sud binosiga kelgan har bir inson O'zbekistonda adolat borligiga ishonib chiqib ketishi kerak. Bu Prezident talabi!” deya ta'kidlar ekan, davlatimiz rahbari oldimizga aniq, qat'iy va haqqoniy talabni qo'ydi. Biz sud`yalar uchun ushbu talab muhim dasturilamal bo'lib xizmat qiladi.
Davra suhbatini G'ulom Mirzo tayyorladi.
- Qo'shildi: 07.07.2020
- Ko'rishlar: 5762
- Chop etish