Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan joriy yil avgust-sentyabr oylarida xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 34 nafar bola O‘zbekiston Respublikasiga qaytarilgan.
Shuningdek, oktyabr oyining dastlabki kunlarida Ichki ishlar, Tashqi ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari bilan hamkorlikda xorijda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan yana 4 nafar bola (3 nafari Turkiyadan, 1 nafari Rossiya Federatsiyasidan) mamlakatimizga olib kelingan.
Bunda bolalarni joylashtirish va ularni oilalariga yoki yaqin qarindoshlariga qaytarish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rildi. O‘zbekistonga olib kelingan bolalarning 2 nafari ota-onasiga, 1 nafari xolasining vasiyligiga topshirish bo‘yicha rasmiylashtirildi. 1 nafar bola bo‘yicha vaziyat baholanmoqda va onasi Rossiya Federatsiyasidan qaytgunigacha vaqtinchalik vasiylikni rasmiylashtirish uchun yaqin qarindoshlari aniqlanmoqda.
Ularga o‘zlarining yashash manziliga yaqin "Inson" ijtimoiy xizmatlar markazlari tomonidan bir qator ijtimoiy xizmatlar, jumladan, bolalar va ularning oila a’zolariga psixologik va huquqiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 04.10.2024
- Ko'rishlar: 721
- Chop etish