Joriy yilning birinchi yarmida jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 37 ming 179 nafar shaxsga nisbatan 29 ming 86 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 465 nafar shaxs oqlanib, reabilitatsiya qilindi.
– Sudlangan shaxslar soni 29 ming 382 nafarni tashkil etib, shundan 10 ming 287 nafar shaxsga ozodlikdan mahrum qilish va 18 579 nafariga boshqa turdagi jazolar tayinlandi, – dedi Oliy sud axborot xizmati rahbari Aziz Obidov. – 516 nafar shaxs shartli hukm qilindi. Sudlangan shaxslarning 26 ming 28 nafari erkak, 3 ming 354 nafari ayol, 11 ming 145 nafari yoshlar (shu jumladan, 1 ming 68 nafari voyaga yetmagan) va 1 ming 105 nafari 60 yoshdan oshgan shaxslardir.
3 ming 432 nafar shaxs ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan sud zalida qamoqdan ozod qilindi.
16 ming 624 nafari jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilindi. 5 ming 620 nafariga tayinlangan jazo yengili bilan almashtirildi. 7 ming nafarga yaqin shaxsga nisbatan dastlabki tergov organlari tomonidan asossiz ravishda qo‘yilgan moddalar ayblovdan chiqarib tashlandi yoki qayta malakalandi.
71 nafar shaxsga (yoshlar, ayollar va boshqalar) kafolat xatlari asosida ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.
Hisobot davrida ko‘rilgan jinoyat ishlarining aksariyati firibgarlik, transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish, o‘g‘rilik, o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish bilan bog‘liq bo‘ldi.
Bundan tashqari, hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, qasddan badanga yengil shikast yetkazish, bezorilik, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish hamda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, egallash, saqlash va boshqa harakatlar bilan bog‘liq jinoyatlar tashkil etdi.
Yarashuv institutining samarali qo‘llanilishi natijasida 6 ming 337 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod etildi.
Apellyatsiya tartibida 6 ming 395 nafar shaxsga nisbatan 4 ming 798 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 307 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 1 ming 311 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Kassatsiya tartibida 1 ming 636 nafar shaxsga nisbatan 1 ming 493 ta jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 106 nafar shaxsga nisbatan birinchi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 369 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Taftish tartibida 2 ming 560 nafar shaxsga nisbatan 2 ming 188 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 45 nafar shaxsga nisbatan quyi instansiya sudlari tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 337 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibida 590 nafar shaxsga nisbatan 504 jinoyat ishi ko‘rib chiqildi. 49 nafar shaxsga nisbatan quyi sudlar tomonidan chiqarilgan qarorlar bekor qilinib, 121 nafar shaxsga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari o‘zgartirildi.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 23.07.2024
- Ko'rishlar: 1249
- Chop etish