25 noyabr – Xalqaro xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish kuni. Bu sanada ayollar va bolalarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurashni kuchaytirish, global miqyosda inson huquqlari va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha tadbirlar o‘tkaziladi.
O‘zbekistonda ham sana munosabati bilan turli tadbirlar o‘tkazib kelinmoqda. Shu bilan birga, zo‘ravonlikka qarshi kurashish bo‘yicha izchil ishlar amalga oshirilayotir. Natijada jamiyatda zo‘ravonlikka nisbatan murosasizlik muhiti qaror topmoqda.
«O‘zbekiston – 2030» strategiyasining har bir insonga o‘z salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun munosib sharoitlar yaratish yo‘nalishi bo‘yicha amaliy tadbirlar rejasi ijrosini ta’minlash, zo‘ravonlikdan aziyat chekkan shaxslarga ko‘rsatiladigan ijtimoiy xizmat sifatini takomillashtirish, xotin-qizlarning huquqlari kafolatlarini ta’minlash maqsadida davlatimiz rahbarining “Tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishni takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Shu asosda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslarga “oila - mahalla - tuman va hudud” tamoyili asosida kompleks ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish tizimi joriy etildi.
Mazkur qarorda tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin-qizlarning fuqarolik ishlari bo‘yicha sud ishlarida majburiy tartibda prokuror ishtirokini ta’minlash, ularga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tartibini yo‘lga qo‘yish belgilangan.
Sudlar tomonidan bu yo‘nalishdagi ishlar ko‘rilayotganda jabrlangan, zo‘ravonlikka uchragan shaxslar huquqlari himoya qilinib, bunda aybdor deb topilgan shaxslarga qonun doirasida jazo choralari belgilanmoqda.
Oliy sud axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, joriy yilning 10 oyi davomida Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 59-2-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 15 ming 427 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Ularning 9 ming 210 nafariga jarima jazosi, 6 ming 217 nafariga esa ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan.
Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) bilan 399 nafar shaxs sudlanib, ularning 126 nafariga ozodlikdan mahrum qilish jazosi, 255 nafariga esa ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. 18 nafar shaxs shartli hukm qilingan.
N.Abduraimova, O‘zA
- Qo'shildi: 25.11.2024
- Ko'rishlar: 635
- Chop etish