Ha, sarlavhada xech qanday xatolik yo‘q, haqiqatdan ham qonunchilik normalariga ko‘ra, ayrim xodimlar olti soat ishlab, sakkiz soatga oylik olishi mumkin. Xo‘sh, ushbu ayrim toifadagi xodimlar kimlar?
O‘zbekiston Respublikasi Mexnat kodeksining 183-moddasida ayrim toifadagi xodimlar uchun ularning yoshi, sog‘lig‘ining holati, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining o‘ziga xos xususiyatlari va boshqa holatlar hisobga olingan holda qonunchilikka hamda mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarga, shuningdek mehnat shartnomasi shartlariga muvofiq mehnatga to‘lanadigan haqni kamaytirmasdan ish vaqtining qisqartirilgan davomiyligi belgilanadi.
Ish vaqtining davomiyligi quyidagilarga majburiy tartibda belgilanadi:
– o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan xodimlarga (MKning 415-moddasi);
– I va II guruh nogironligi bo‘lgan xodimlarga ( MK 427-moddasining birinchi qismi);
– noqulay mehnat sharoitlaridagi ishlarda band bo‘lgan xodimlarga (MK 477-moddasi);
– ishi yuqori darajadagi ruhiy, aqliy, asabiy zo‘riqish bilan bog‘liq bo‘lgan tibbiyot xodimlariga, pedagoglarga va boshqa toifadagi xodimlarga (MK 184-moddasi);
– uch yoshgacha bo‘lgan bolaning byudjetdan moliyalashtiriladigan tashkilotlarda ishlaydigan ota-onasidan biriga (vasiysiga) (MK 397-moddasining birinchi qismi).
Aynan shu bandga to‘liqroq tushuntirish bersam. Oldingi Mehnat kodeksida mazkur huquq faqat onaga berilgan edi. Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksida ushbu huquqdan bolaning otasi yoki vasiysi ham foydalanishi mumkinligi belgilandi. Bunda, agar ota yoki vasiy ushbu imtiyozdan foydalanishni xohlasa, mazkur imtiyoz bolaning onasiga qo‘llanmayotganini tegishli ma’lumotnoma orqali isbotlashi shart.
Qisqartirilgan ish vaqti sharoitlarida band bo‘lgan xodimlarning ish haqi normal ish vaqti uchun belgilangan to‘liq hajmda to‘lanadi. Ya’ni, tashkilotda ikki nafar ofis menejeri ishlaydi. Ulardan biri to‘liq ish vaqti shartlarida haftada 40 soat ishlaydi, boshqasiga 36-soatlik ish haftasi o‘rnatilgan. Sababi u 17 yoshli balog‘atga yetmagan xodim. Ofis menejerining lavozim maoshi – 2 000 000 so‘m. Ikkala xodim, ikkinchisi kamroq mehnat qilishiga qaramay, 2 000 000 so‘mdan oladi.
Qisqartirilgan ish vaqti muddatini o‘rnatishning yuqorida ko‘rsatilgan tartibi mulkchilik shakli, tashkiliy-huquqiy shakli va idoraviy mansubligidan qat’i nazar barcha tashkilotlarga tatbiq etiladi. Ushbu tartibni buzish MJTKning 49-moddasiga binoan ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
I.Qahhorova huquqshunos
O‘zA
- Qo'shildi: 15.02.2024
- Ko'rishlar: 2245
- Chop etish