Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Majlis kun tartibidan bir qator qonun loyihalari muhokamasi o‘rin olgan.
Majlisda dastlab «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) to‘g‘risida»gi qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
– Mazkur qonun loyihasi bilan Ombudsman faoliyatining institutsional asoslari takomillashtirilib, uning inson huquq va erkinliklariga rioya etilishini ta’minlash borasidagi vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan mutlaqo yangi huquq – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, Oliy Majlis palatalariga, shuningdek, Vazirlar Mahkamasiga «maxsus ma’ruza» taqdim etish huquqi belgilab qo‘yilmoqda, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari qo‘mitasi raisi Shuhrat Bafayev. – Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro majburiyatlari bajarilishi yuzasidan «muqobil ma’ruza» tayyorlashi hamda tegishli xalqaro tashkilotlarga taqdim etishi mumkinligi belgilanmoqda.
Ombudsman lavozimiga nomzodga qo‘yiladigan talablar soddalashtirilib, ayrim talablar (yuksak axloqiy sifatlarga, oliy ma’lumotga, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish sohasida zarur tajribaga ega bo‘lgan) bekor qilinmoqda. Qolaversa, Ombudsman ta’sir choralarining turlariga aniqlik kiritilgan holda (ogohlantirish, taqdimnoma, iltimosnoma va talabnoma) alohida bobda, har bir ta’sir chorasi alohida-alohida moddada aks ettirilyapti.
Ichki ishlar organlari tizimiga kiradigan ma’muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus muassasalarda, voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markazlarida, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining garnizoni, vaqtincha saqlash hibsxonalarida, tergov hibsxonalarida, jazoni ijro etish muassasalarida, intizomiy qismlarda, majburiy davolash muassasalarida saqlanayotgan shaxslarning murojaatlari bilan ishlash, ular bilan uchrashuv va suhbatlar o‘tkazishga oid huquqlari mustahkamlanmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida qo‘mitamiz tomonidan ishchi guruh a’zolari, huquqshunoslar, deputatlar ishtirokida bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilib, berilgan takliflarning salmoqli qismi loyiha matnida aks ettirildi, – dedi qo‘mita raisi.
Moddama-modda muhokamalar davomida deputatlar bir qator aniqlashtiruvchi savol hamda takliflarni o‘rtaga tashladi. Qonun loyihasining qabul qilinishi Ombudsman institutining inson huquqlari bo‘yicha milliy institut sifatidagi ahamiyati oshishiga, huquqlari kengaytirilishiga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi.
Majlisda qonun loyihasi qabul qilindi va Senatga yuboriladigan bo‘ldi.
Muhtarama Komilova, O‘zA
- Qo'shildi: 17.09.2024
- Ko'rishlar: 802
- Chop etish