Orolni ko‘kalamzorlashtirish mavzusi Germaniya matbuotida

Germaniya poytaxtining “Stimme-der-Hauptstadt” (Poytaxt ovozi) onlayn nashrida Orolbo‘yi hududini ko‘kalamzorlashtirish jarayoniga bag‘ishlangan maxsus maqola e’lon qilindi.

Muallif dastlab O‘zbekistonda Orol dengizi qurib qolgan tubida o‘rmon yaratish, hududni obodonlashtirish maqsadida qator yirik loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotgani, ayni paytgacha 1,7 million gektar maydonga ko‘chat o‘tqazilganiga ehtibor qaratgan.

– Mamlakat shimolida ekologik vaziyatni yaxshilash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan hisoblanadi, – deyiladi maqolada. – Hukumat va mahalliy aholining bu boradagi umumiy sa’y-harakati yaxshi samara beryapti. O‘zbekiston va Qozog‘iston hududida Orolning qariyb olti million gektar qismi qurib qolgan, shundan 3,2 million gektari mamlakatimiz hududiga to‘g‘ri keladi. Qurigan maydonning 2,5 million gektari o‘rmon plantatsiyasi, jumladan saksovul va boshqa sho‘rxok tuproqqa chidamli o‘simlik o‘tqazish uchun ajratilgan. Bu chora-tadbir qumli tuproqni barqarorlashtirish orqali atrof-muhit sharoitini yaxshilashga yordam beradi. 2017-2021 yillarda Orol bo‘yida Davlat dasturi doirasida qurigan dengiz tubining 461 ming gektarida o‘rmon plantatsiyasi barpo etilgan. Ish urug‘ni, jumladan, havodan turib ekish va mexanizatsiya usulida amalga oshirilgan. 61 ming gektar joyga saksovul qo‘lda ekilgan. 2019-2020 yillarda 700 000, 2020-2021 yillarda yana 350 ming gektar maydonda o‘rmon plantatsiyasi barpo qilingan.

Ta’kidlanishicha, 2023 yil bahorida jami 128 ming gektar yetib borish qiyin hududda cho‘l butasi ekish bo‘yicha ish davom ettirilgan. Qoraqalpog‘iston o‘rmon xo‘jaligi va mahalliy aholi tomonidan 540 tonna o‘simlik urug‘i, jumladan 447 tonna saksovul boshqa cho‘l o‘simliklari yig‘ib olingan. Ushbu mashaqqatli mehnat va tashabbus nafaqat tabiiy muvozanatni tiklash, balki mahalliy aholi turmush sharoitini yaxshilashga hissa qo‘shadi.

Nemis nashri o‘rmon plantatsiyasi unib chiqishi turli tadqiqot institutlari olimlari tomonidan kuzatib borilayotganini ham qayd etgan.

– “Oroldagi bog‘im” loyihasi keng jamoatchilik e’tiborini tortgan, – deya davom etatiradi fikrini muallif. – Ushbu loyiha doirasida 800 million so‘mdan ortiq mablag‘ yig‘ilib, 6 ming ko‘chat sotib olingan. Bu jarayonda O‘zbekistondagi Gyote instituti, Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ), xalqaro jamg‘armalar, mahalliy korxonalar vakillari va Orol bo‘yi aholisi ishtirok etmoqda.

2020 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatida Orol bo‘yi mintaqasini rivojlantirish va ekologiya masalasi bo‘yicha yangi qo‘mita tashkil etilgan. Qisqa fursatda mamlakat atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan 15 xalqaro konvensiya va protokolni imzoladi va ratifikatsiya qildi. Masalan, yangi avlod kompleks bakterial o‘g‘iti “TERIA” unumdorlikni oshirish va suv resursini tejash imkonini beradi.

– Orol bo‘yi ekologiyasini tiklash va barqaror kelajak yaratishda ko‘chat ekish kampaniyasi muhim o‘rin tutadi, – deya sharhga yakun yasaydi “Stimme-der-Hauptstadt”. – “Oroldagi bog‘im” loyihasi davlat va jamiyatning muvaffaqiyatli hamkorligi samarasi o‘laroq, Orol dengizi qurib qolgan tubiga minglab turli xil daraxt ko‘chatlari o‘tqazish namunasi sifatida namoyon bo‘ldi. Bu sa’y-harakat ekologik muammolarni hal etishda hamjihat harakat qilish muhimligini yana bir bor tasdiqlaydi. Ushbu tashabbus va loyihalar mintaqa kelajagi barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

N.Ziyodullayeva tayyorladi. O‘zA

Powered by GSpeech