Qonun loyihasiga sharh
Parlament quyi palatasiga kiritilgan “O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasiga ko‘ra, mehnat huquqlarining tengligi, mehnat va mashg‘ulotlar sohasida kamsitish, tazyiq va zo‘ravonlikni taqiqlash prinsiplari takomillashtirilmoqda. Ya’ni, mehnat jarayonida boshqa xodimga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etgan yoki tahdid qilgan xodimni ish beruvchi tashabbusi bilan boshqa ishga o‘tkazish yoki ishdan bo‘shatish amaliyoti qo‘llanilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, oilaviy (maishiy) zo‘ravonlikdan jabrlangan shaxslar aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalari ro‘yxatiga kiritilib, davlat tomonidan ularni ishga joylashtirish bo‘yicha qo‘shimcha kafolatlar ta’minlanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, loyihada ishlayotgan erkaklar farzandli bo‘lganda, turmush o‘rtog‘iga yordam berish va boshqa farzandlariga qarab turishi uchun qisqa muddatli ta’tilga chiqishi bilan bog‘liq me’yorlar taklif etilmoqda. Ta’kidlash joizki, shu kunga qadar milliy qonunchiligimizda bunday ta’til nazarda tutilmagan edi. Shu sababli erkaklar kasbiy va oilaviy majburiyatlarini uyg‘un tarzda amalga oshirishga qiynalgan yoki o‘z hisobidan ta’til olishga majbur bo‘lgan.
Ushbu qonun loyihasi haqida deputat Nodir Tilavoldiyev batafsil ma’lumot berdi.
Muhtarama Komilova, Doniyor Yoqubov, Anvar Ahmedov (video), O‘zA
- Qo'shildi: 18.12.2024
- Ko'rishlar: 282
- Chop etish