AOKAda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Saodat Boymirzayeva ishtirokida brifing tashkil etildi.
Mutaxassis ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda barcha sohada xotin-qizlar va erkaklar tengligini ta’minlashning huquqiy asosini yanada mustahkamlash borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda. Mamlakatda qarorlar qabul qilish jarayonida xotin-qizlarning ishtiroki sezilarli darajada ortmoqda. Ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy hamda ma’naviy hayotda xotin-qizlarning ishtiroki tobora kengayib, ularning davlat boshqaruvidagi ulushi 35 foizga, tadbirkorlik sohasida 37 foizga, siyosiy partiyalar tarkibida esa 49 foizga yetdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 38 foizi (57 nafar), Senat a’zolarining 27 foizi (16 nafar), mahalliy kengashlar deputatlarining 25 foizi ayollardan iborat. Vazir va vazirga tenglashtirilgan lavozimlarda xotin-qizlar ulushi 2018 yilda qariyb 3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, o‘tgan davrda ikki barobar oshib, 5,7 foizga yetkazilgan.
Xususan, ayollarning ulushi tibbiyot tizimida 77 foizdan ko‘proqni, ta’lim sohasida salkam 74 foiz, savdoda 49 foiz, iqtisodiyot tarmoqlari, sanoat va ishlab chiqarishda qariyb 46 foiz, madaniyat va sportda 45 foiz, qishloq xo‘jaligida 42 foizdan ziyodni, moliya va sug‘urta faoliyatida 37 foizdan ortiqni, axborot va aloqa xizmatida 35 foiz, professional, ilmiy va texnik faoliyatda qariyb 34 foizni, davlat boshqaruvi va mudofaa tizimida 27 foizdan ko‘proqni tashkil etmoqda. Joriy o‘quv yilida respublika oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan xotin-qizlar ulushi 52,2 foizni tashkil etgan.
Mamlakatimizning gender tenglik sohasidagi erishgan yutuqlari xalqaro darajada munosib e’tirof etilmoqda. O‘zbekiston 2024 yilda gender tenglik va boshqaruv indeksi bo‘yicha 72,8 ball to‘pladi. Natijada 103-o‘rindan 51 pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egallashga muvaffaq bo‘lgan. Ushbu indeks 158 ta mamlakatni qamrab olib, gender tenglikka erishish yo‘lida muvaffaqiyat va kamchiliklarni aniqlash imkonini beradi.
O‘zbekistonning ushbu yutuqlariga asos bo‘lgan muhim islohotlar xotin-qizlarni IT va STEM sohalariga faol jalb etish, qizlar uchun raqamli ko‘nikmalar bo‘yicha ta’lim dasturlarining ishga tushirilishi, ayollar huquqlarini himoya qilish va gender tenglikni ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar sabablidir.
Shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizning “Ayollar daftari”ga kiritish haqidagi murojaatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilish tartibi o‘zgartirilib, endilikda “mahalla yettiligi”ning kollegial qarori orqali ko‘rib chiqish tartibi joriy qilindi. Nizomdagi asosiy tushunchalar qismiga “mahalla yettiligi” jumlasiga ta’rif berilmoqda. Unga ko‘ra “mahalla yettiligi”— mahalla fuqarolari yig‘ini raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim, soliq inspektoridan iborat jamoa” hisoblanishi belgilanmoqda.
Eski tartibga ko‘ra, “Ayollar daftari”ga ma’lumotlarni kiritish va chiqarish, ularning haqqoniyligi bo‘yicha oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari shaxsan javobgar ekanliklari belgilab o‘tilgan edi. Biroq endi yangi tartib bo‘yicha oila va xotin-qizlar bo‘limlari boshliqlari hamda “mahalla yettiligi a’zolari”ni ma’lumotlarni kiritish va chiqarish, ularning haqqoniyligi bo‘yicha javobgarligi belgilanmoqda.
Joriy yilda “Ayollar daftari”ning 5-bosqichi doirasida amalga oshirilgan ishlar nihoyasiga yetkazildi. “Ayollar daftari”ning 5-bosqichida respublika bo‘yicha 1 million 265 nafar xotin-qiz daftarga kiritilib, 995 ming 239 nafariga amaliy yordamlar ko‘rsatilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 16.12.2024
- Ko'rishlar: 372
- Chop etish