Munosabat
Yosh avlod – yangi tamaddun va O‘zbekistonning eng katta boyligi, kelajak va istiqbolimiz poydevoridir. Shu bois, bugun mamlakatda yoshlar salohiyatini oshirish, ularning ta’lim-tarbiyasi uchun munosib shart-sharoitlar yaratish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, birgina ularning oliy ta’lim olishga bo‘lgan intilishlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari soni va qabul ko‘rsatkichlari yil sayin oshirib borilmoqda. 2016/2017 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalari soni 70 ta, qabul ko‘rsatkichi esa 9 foiz bo‘lgan. 2023/2024 o‘quv yiliga kelib OTMlar soni 213 tani, qabul ko‘rsatkichi 42 foizni tashkil qilgan. OTMlarning 116 tasi davlat, 67 tasi nodavlat, 30 tasi xorijiy oliy ta’lim muassasalari sanaladi.
Albatta, ushbu o‘zgarishlar yoshlarimizning ta’lim olishga bo‘lgan ehtiyojlarini qanoatlantirish, shu bilan birga, barcha sohalarda boshlangan islohotlarni izchil amalga oshiruvchi kadrlarni yetishtirib berishga ham xizmat qilmoqda. Xususan, bugungi kunda bakalavriat bosqichida 306 ta yo‘nalishda, magistraturada 625 ta mutaxassislik bo‘yicha kadrlar tayyorlab kelinmoqda.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, ta’lim doim rivojlanib, yangilanib boradigan jarayon sanaladi. Ushbu yo‘nalishdagi islohotlarni jadallashtirish maqsadida, davlatimiz rahbarining shu yil 2-fevraldagi qaroriga asosan, “Ta’lim sohasida loyihalar markazi” loyiha ofisi tashkil etilgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida ushbu ofis tomonidan vazirliklar bilan birga o‘quv jarayonlarini yangi tamoyillar asosida tashkil etish, kadrlar salohiyatini oshirish, ta’lim xizmatlari sifatini xalqaro standartlar darajasiga ko‘tarish bo‘yicha chora-tadbirlar va istiqbolli tashabbuslar ishlab chiqildi.
6-may kuni Prezident huzurida oliy ta’lim yo‘nalishlarini optimallashtirish, qabul va malaka tizimlarini takomillashtirish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi. Muhokama jarayonida bugungi kunda ayrim ta’lim yo‘nalishlarida mutaxassislarni tayyorlash jarayonlari xalqaro standartlar va zamonaviy mehnat bozori talablariga mos emasligi, natijada bitiruvchilarda to‘liq malaka shakllanishi va ularning ishga joylashishida muayyan qiyinchiliklar tug‘ilayotganligi tanqidiy muhokama qilindi.
Shu bois ta’limning xalqaro tasnifi, ilg‘or xorijiy tajriba asosida bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini qayta ko‘rib chiqish hamda ayni paytda talab yuqori bo‘lgan sohalarda yangi yo‘nalishlar ochish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Keyingi asosiy masalalardan biri sifatida oliy ta’limga qabul tizimini yanada adolatli qilish va davlat grantlarini iqtidorga yo‘naltirish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Sir emaski, hozirgi qabul tizimi, kvotalarning taqsimlanishi raqobatni to‘liq ta’minlamayapti. Natijada, ayrim abituriyentlar yuqori ball to‘plasa-da, topshirgan oliygohining kvotasi soniga qarab, o‘qishga kirolmay qolmoqda. Endilikda ushbu yo‘nalishda ham yangi tizim faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Yangi tartibga ko‘ra, muayyan bir yo‘nalishga ajratilgan davlat granti doirasida yuqori ball to‘plagan abituriyent, tanlagan oliy ta’lim muassasasidan qat’i nazar, davlat grantiga tavsiya etiladi. Ya’ni, yuqori ball olgan yoshlar o‘qishga kirmay qolmaydi.
Bu esa minglab yoshlarga qiziqqan yo‘nalishida o‘zlari uchun eng munosib va qulay deb bilgan OTMda tahsil olish imkonini beradi. Shuningdek, endilikda davlat granti 4-yilga bitta talabaga emas, balki har yili yuqori baholarga erishgan talabalar orasida qayta taqsimlanadi. Bu tizim ham birinchidan kirish test imtihonlarida arzimas bir xatoni deb 4-yil davomida talabaning kontraktga tushib qolishini oldini olsa, ikkinchidan talabalarning o‘qishga va o‘z ustida ishlashga bo‘lgan mas’uliyatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, ta’lim tizimida malaka talablari bo‘yicha ham bir qator muammolar saqlanib qolmoqda. Xususan, ayrim mezonlar xalqaro standartlarga va ish beruvchi talablariga to‘liq mos kelmaydi. Mehnat bozorida mavjud 8 mingga yaqin ishchi kasbdan 5 mingdan ortig‘i bo‘yicha malaka standartlari ishlab chiqilmagan. Borlari ham aniq va sifatli emas. Malakani baholash markazlarida sertifikatlash yo‘lga qo‘yilmagan.
Shu bois Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti tashkil qilinib, ish beruvchilar bilan birga malaka talablari to‘liq ishlab chiqiladi. Malakani baholash tizimining samarali yo‘lga qo‘yilishi mamlakatimizda yiliga tashkil qilinayotgan 3 mingdan ziyod sanoat korxonalari ehtiyojini kadrlar bilan ta’minlash imkonini beradi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, mamlakatimizni kelgusi yetti yilda rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham oliy ta’lim tizimini rivojlantirishga oid bir qator maqsad va ko‘rsatkichlar belgilangan. Xususan, strategiyaning 7-maqsadida oliy ta’lim bilan qamrovni kengaytirish, oliy ma’lumotli mutaxassislar tayyorlash sifatini oshirish belgilangan bo‘lsa, 8-maqsadda oliy ta’lim muassasalari tashkiliy-boshqaruv faoliyatini takomillashtirish, ularning moddiy-texnik ta’minotini mustahkamlash ko‘zda tutilgan.
Ushbu maqsadlarda belgilangan ko‘rsatkichlarning amalga oshirilishi natijasida yoshlarni oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasini kamida 50 foizga yetkazish, umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlarini oliy ma’lumotli pedagog-kadrlar bilan to‘liq ta’minlash imkoni yaratiladi. Buning uchun qo‘shimcha 120 ming o‘rinli o‘quv binolari hamda 150 ming o‘rinli talabalar turar joylari quriladi.
30 ta oliy ta’lim muassasasining ta’lim dasturlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazilib, “Top-500”ga kiradigan xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda kamida 50 ta qo‘shma ta’lim dasturi asosida “ikki diplomli tizim” joriy etiladi. 10 ta oliy ta’lim muassasasi dunyoning eng nufuzli “Top-1000” oliy ta’lim tashkilotlari reytingiga kiritilib, oliy ta’lim muassasalarida ilmiy tadqiqotlar natijadorligi oshiriladi va ilmiy salohiyat hozirgi 41 foizdan 70 foizga yetkaziladi.
Muxtasar aytganda, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ta’lim olish bilan bog‘liq belgilangan vazifalar va ularning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi yoshlarning ta’lim va tarbiya olishlari uchun munosib shart-sharoitlar yaratib berishi bilan yanada ahamiyatlidir.
Maxfirat XUSHVAQTOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA
- Qo'shildi: 10.05.2024
- Ko'rishlar: 1570
- Chop etish