Statistika agentligi joriy yil 1-aprelda O‘zbekistonning doimiy aholisi soni 36 million 963 ming kishidan oshganini ma’lum qildi. Shundan erkaklar 18,6 million, ayollar soni 18,3 million nafar. Xo‘sh, aholining jins va yosh guruhlari bo‘yicha ko‘rsatkichlari qanday?
Aholining yosh guruhi
2024-yil 1-yanvar holatiga O‘zbekistonda 5 yoshgacha bo‘lgan go‘daklar soni 4,4 million nafar, 5–13 yoshdagi bolalar 6,1 million nafar, 14–30 yoshlar oralig‘idagi yoshlar soni 9,6 million nafarni tashkil etgan. Mamlakatda 31–59 yoshli o‘rta yoshdagilar eng ko‘p – 13,2 million kishi, 60 va undan katta yoshdagi keksalar soni 3,5 million nafarga yaqinlashgan.
Aholining yosh guruhi – umumiy yoshi va boshqa xususiyatlari bilan birlashtirilgan insonlar guruhidir.
Doimiy aholisi tarkibi jinsi va yosh guruhlari bo‘yicha tahlil qilinganda, erkaklar guruhida 4 yoshgacha bo‘lgan bolalar (2,3 million kishi) eng ko‘p, 60–64 yoshlilar eng kam (657 ming kishi) bo‘lib chiqqan. Ayollar tarkibida ham son jihatdan 4 yoshgacha bo‘lgan qizlar (2,1 million kishi) eng yuqori, 60–64 yoshlilar (736 ming kishi) eng past ko‘rsatkichni qayd etgan.
Aholining mehnatga layoqatli yosh bo‘yicha taqsimlanishi
Tahlillarga ko‘ra, respublikada jami aholining 56,4 foizi mehnatga layoqatli yoshda, 32 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichik, 11,6 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattadir. Shundan erkaklarning mehnatga layoqatli yoshdan kichiklari 33 foiz, mehnatga layoqatli yoshdagilari 58,5 foiz, mehnatga layoqatli yoshdan kattalari 8,5 foiz bo‘lgan. Ayollardan 31 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kichik, 54,2 foizi mehnatga layoqatli yoshda, 14,8 foizi mehnatga layoqatli yoshdan kattalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Mehnatga layoqatli yoshdagi aholi soni – Mehnat kodeksiga muvofiq, 16 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan erkaklar va 16 yoshdan 55 yoshgacha bo‘lgan ayollardan tashkil topadi. Bunda 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar va o‘smirlar mehnatga layoqatli yoshdan kichiklar, 60 yosh va undan katta erkaklar hamda 55 yosh va undan katta ayollar mehnatga layoqatli yoshdan kattalar toifalariga ajratiladi.
Aholining o‘rtacha yoshi
So‘ngi 20 yil ichida O‘zbekiston aholisining o‘rtacha yoshi ko‘tarilib bormoqda. Xususan, joriy yil boshida (1-yanvar) mamlakat aholisining o‘rtacha yoshi erkaklarda 28,5 yoshni, ayollarda 30 yoshni tashkil etgan. O‘n yil ilgari (2014-yilda) erkaklarning o‘rtacha yoshi 27,3 yosh, ayollarniki 28,6 yosh bo‘lgan. 2004-yilda esa erkaklarda 24,8 yosh o‘rtacha, ayollarda 26,1 yosh o‘rtacha yosh chegarasi hisoblangan.
Respublikada 2023-yilda aholining tug‘ilishda kutilayotgan umr davomiyligi 74,7 yoshni tashkil etgan. Bu ko‘rsatkich tug‘ilgan (0 yoshdagi) insonlarning kutilayotgan o‘rtacha umr ko‘rish yillari qanchaligini anglatadi.
Hududlar kesimida aholi soni va zichlik
Aprel boshida O‘zbekistonda aholi zichligi hisoblanganda, bir kvadrat kilometrga o‘rtacha 82,3 kishi to‘g‘ri kelgan (2023-yil mos davrida 80,6 kishi). Aholi zichligi eng yuqori hudud Toshkent shahri (6,8 ming kishi), eng past hudud esa Navoiy viloyati (9,7 kishi) bo‘lgan.
Samarqand (4,22 million kishi), Farg‘ona (4 million kishi) va Qashqadaryo (3,6 million kishi) viloyatlarida boshqa hududlarga qaraganda eng ko‘p doimiy aholi yashaydi.
Eng kam aholi Sirdaryo (917,9 ming kishi), Navoiy (1 million kishi) va Jizzax (1,5 million kishi) viloyatlarida istiqomat qiladi.
Qolgan hududlardan:
- Andijon viloyatida – 3,4 million kishi;
- Namangan viloyatida – 3 million kishi;
- Toshkent shahrida – 3 million kishi;
- Toshkent viloyati – 3 million kishi;
- Surxondaryo viloyatida – 2,9 million kishi;
- Xorazm viloyatida – 2 million kishi;
- Buxoro viloyatida – 2 million kishi;
- Qoraqalpog‘istonda – 2 million kishi yashaydi.
Eslatib o‘tamiz, respublikada yanvar–mart oylarida 205 700 chaqaloq (2023-yil mos davridan 4,3 foiz kam) tirik tug‘ilgan. Eng ko‘p tug‘ilish Samarqand viloyatida (24 075 nafar), eng kami esa Sirdaryo viloyatida (5 066 nafar) qayd etilgan. Hududlar bo‘yicha tug‘ilish koeffitsiyenti eng yuqori ko‘rsatkich Surxondaryoda, eng kam o‘sish Buxoroda kuzatilgan.
Daryo.uz
- Qo'shildi: 29.05.2024
- Ko'rishlar: 1863
- Chop etish