2021-2023 yillarda BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga saylanish uchun O'zbekiston nomzodini ilgari surishi nazarda tutilmoqda. “Taraqqiyot strategiyasi” markazi tomonidan Harakatlar strategiyasi ijrosi bo'yicha 2020 yilgi Davlat dasturi samaralarini keng yoritish yuzasidan o'tkazilayotgan media-kampaniyaning navbatdagi onlayn-anjumanida shu haqda so'z yuritildi.
Mazkur muloqotlar O'zbekistonda Harakatlar strategiyasi doirasida tashqi siyosat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida keng aholi qatlami va xorijiy auditoriyani tanishtirish imkonini beradi. Bu, o'z navbatida, mamlakatning xalqaro maydondagi ijobiy imijini yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.
«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov O'zbekistonning mutlaqo yangilangan tashqi siyosatini amalga oshirishda mamlakatning xalqaro iqtisodiy reytinglardagi mavqeini yaxshilash, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan munosabatlarni o'zaro do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik ruhida sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish, shuningdek, mintaqaviy turizmni rivojlantirish masalalariga alohida urg'u berilayotganini alohida qayd etdi, deyiladi O'zA xabarida.
Tadbirda ishtirok etgan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo'lim boshlig'i Abdulhay Mo'minov o'z ma'ruzasida ta'kidlaganidek, ayni paytda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi tasdiqlangan. Mazkur hujjat ushbu sohada davlat siyosatini samarali amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat bilan munosabatda bo'lishni shakllantirish, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Anjuman davomida Davlat dasturining beshinchi ustuvor yo'nalishi – Xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag'rikenglikni ta'minlash hamda chuqur o'ylangan, o'zaro manfaatli va amaliy tashqi siyosatni amalga oshirish sohasida belgilangan chora-tadbirlarni hayotga tatbiq etish bo'yicha atroflicha fikr almashildi.
Ma'lumot uchun: joriy yilgi Davlat dasturida beshta ustuvor yo'nalish bo'yicha jami 284 ta bandni amalga oshirish belgilangan. Shundan 16 tasi bevosita tashqi siyosat sohasidagi ustuvor yo'nalishlarga taalluqlidir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 10.07.2020
- Ko'rishlar: 4709
- Chop etish