Tailandda Osiyo sud ekspertiza tarmog‘i (AFSN)ning 16-yalpi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekistondagi Xadicha Sulaymonova nomidagi Respublika sud-ekspertiza markazi xodimlari ham ishtirok etdi.
Tadbirda sud-ekspertiza texnologiyalari va ularning kelajakdagi o‘rni, sud-ekspertiza tadqiqotlarida giyohvand moddalarni tahlil qilish muammolari, DNK va inson huquqlari, Osiyo mamlakatlarida qonunchilik doirasida DNK ma’lumotlar bazalarini kengaytirish masalalari, sud ekspertizasida dalillar qiymatini baholash doirasi hamda AFSN tomonidan o‘tgan yillar davomida amalga oshirilgan ishlar va mavjud muammolar bo‘yicha fikr almashildi.
Shu bilan birga, AFSN prezidentligiga Malayziya Fan, texnologiya va innovatsiyalar vazirligi qoshidagi Kimyo departamenti Sifat menejmenti va tadqiqot markazi rahbari Nor Aidora Binti Saedon xonim saylandi. Shuningdek, markazning xodim va ekspertlari AFSNning 9 ta ixtisoslashtirilgan ishchi guruhi va 1 ta qo‘mitasi tarkibiga kiritildi va tasdiqlandi.
Yig‘ilish doirasida AFSN boshqaruvi kengashi prezidenti, Filippin Milliy politsiyasi sud-ekspertiza guruhi (Philippine National Police Forensic Group) rahbari va boshqa bir qator xorijiy tashkilot vakillari bilan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.
Uchrashuvlarda O‘zbekistonda sud-ekspertizasi faoliyatida amalga oshirilayotgan islohotlar va erishilgan natijalar haqida axborot berilib, sud-ekspertizasi muassasalari o‘rtasida sohada keng qamrovli hamkorlik masalalari muhokama etildi.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 05.09.2024
- Ko'rishlar: 895
- Chop etish