Migratsiya jarayonlarini tartibga solish masalasi barcha davlatlar qatori mamlakatimizda ham dolzarb hisoblanmoqda.
Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yilning 4-aprel kuni «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonning qabul qilinishi mazkur sohaga alohida e’tibor berilayotganidan dalolat.
Xo‘sh, O‘zbekiston fuqarolari qaysi davlatlarga borib qonuniy ishlashlari mumkin? Qanday holatlarda migrantlar deportatsiya qilinadi? Ularning huquqini qaysi tashkilot himoya qiladi?
Yuridik fanlar nomzodi, A.Avloniy nomidagi pedagoglarni kasbiy rivojlantirish va yangi metodikalarga o‘rgatish milliy-tadqiqot instituti kafedra mudiri Saidahmad Ishanxodjayev O‘zA muxbirining shu kabi savollariga javob berdi.
– O‘zbekiston fuqarolari qaysi xorijiy mamlakatlarga chiqib qonuniy ravishda ishlashlari mumkin?
– Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining my.labormigration.uz dasturiy majmuasidan onlayn yoki Agentlikning hududiy filiallaridan ro‘yxatdan o‘tishi natijasida tashkillashtirilgan tartibda Rossiya Federatsiyasi, Yaponiya, Germaniya, Litva, Latviya, Bolgariya, Polsha va Buyuk Britaniya, Turkiya, Chexiya, Vengriya, Kanada, Janubiy Koreya, Serbiya, Isroil, Lyuksenburg, Slovakiya, Finlyandiya kabi mamlakatlarning mehnat bozorlarida ishlash imkoniyati mavjud.
– Xorijiy mamlakatlarga mehnat migranti sifatida jo‘nab ketayotgan o‘zbekistonlik fuqarolarga talablar qanday?
– Birinchidan, xorijiy mamlakatning davlat tili bo‘yicha tegishli til sertifikatiga ega, ushbu davlatdan ilgari deportatsiya yoki chiqarib yuborilmagan hamda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va jismoniy sog‘lom bo‘lishi zarur.
Ikkinchidan, Agentlikning yoki “labormigration.uz”da dasturiy majmuasidan ro‘yxatdan shuningdek, ish beruvchi talabi asosida tanlovdan o‘tishi, hujjatlarni tegishli tartibda rasmiylashtirish va mehnat shartnomasi tuzish, viza talab qilinadigan davlatlarga ishchi vizasini olishi, Agentlik tomonidan tashkil etiladigan ketishdan oldingi ko‘niktirish va o‘qitish jarayonida ishtirok etishi kerak.
– Tashkiliy tartibda chet elga ishga ketayotgan fuqarolarga beriladigan imtiyozlar nimalardan iborat?
– Yuqoridagi Prezident farmoniga ko‘ra, joriy yil 1-iyundan boshlab, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi huzuridagi Xorijda mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan «Xorijda ish» dasturiy majmuasida ro‘yxatdan o‘tgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolar:
– xorijiy tillar va kasb bo‘yicha malaka imtihonlarini topshirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun, basharti ular muvaffaqiyatli topshirilganda (sertifikat olganda) – bazaviy hisoblash miqdorining uch baravarigacha mikdorda;
– yo‘l chiptasini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravarigacha miqdorda;
– xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirishga «ishchi viza»ni rasmiylashtirish bilan bog‘liq xarajatlarini qoplash uchun – bazaviy hisoblash miqdorining besh baravarigacha miqdorda;
– sug‘urta tashkilotlari – «Ijtimoiy himoya yagona reestri» axborot tizimi orqali kam ta’minlangan oila sifatida e’tirof etilgan yoki «Temir daftar»,«Ayollar daftari»,«Yoshlar daftari»dan biriga kiritilgan va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasiga ketayotgan fuqarolarning sog‘lig‘i va hayoti, shuningdek, boshqa tavakkalchiliklarini sug‘urtalash bo‘yicha sug‘urta mukofotini qoplash maqsadida har bir sug‘urtalangan fuqaro uchun yiliga bir marta subsidiya to‘lash mexanizmidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
– O‘zbekistonlik migrantlarning xorijda ishlash istagi keyingi yillarda oshishining sabablari nimada?
– Germaniyada hamshiralarga o‘rtacha 2300 yevro yoki Buyuk Britaniyada qishloq xo‘jalik ishlariga jalb etilganlarga 3 000 AQSH dollar, Janubiy Koreyada 2,5-3,5 ming AQSH dollari ish haqi olish imkoniyatining mavjudligi asosiy sabablardan biri hisoblanadi.
– Migrantlar huquqi qaysi tashkilot tomonidan qanday himoya qilinadi?
– Hozirgi kunda xorijda mehnat migrantlarini huquqiy, moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi mavjud bo‘lib, xususan, O‘zbekiston Respublikasining Rossiya, Qozog‘iston, Turkiyadagi vakolatxonasi va konsullik muassasalari, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonasi va vakilliklari, diasporal tashkilotlar tomonidan amalga oshirib kelinmoqda.
Nigora Rahmonova, O‘zA
- Qo'shildi: 15.04.2024
- Ko'rishlar: 1771
- Chop etish