Islom dini o‘z mohiyatiga ko‘ra azaldan tinchlik, ezgulik, poklik, hidoyat, ma’rifat dini sanalgan. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan poytaxtimizda tashkil etilgan “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada bu jihatlar yana bir karra o‘zining yorqin ifodasini topdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 19 sentyabrda bo‘lib o‘tgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida: “Diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ alloma va mutafakkirlar vatani ekani bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari suramiz”, – degan edi.
Davlatimiz rahbarining ezgu tashabbusi xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi. Bu ezgu taklif natijasi o‘laroq 2024 yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.
Ushbu nufuzli anjumanga Saudiya Arabistoni, Misr, Turkiya, Iordaniya, O‘mon, Rossiya, AQSH, Fransiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Hindiston va Pokiston kabi 22 mamlakatdan 70 dan ortiq nufuzli xalqaro tashkilotlar rahbarlari, din arboblari, muftiylar va taniqli ulamolar taklif etildi.
Xalqaro anjuman ishi muqaddas Qur’on tilovati bilan boshlandi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning xalqaro konferensiya ishtirokchilariga tabrigini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Xayriddin Sultonov o‘qib eshittirdi.
Unda ta’kidlanganidek, diyorimizdan yetishib chiqqan buyuk allomalar islom dini rivojiga katta hissa qo‘shgani, ushbu meros bugungi kunda ham bashariyatni ezgulikka, tinchlik va hamjihatlikka, ilm-ma’rifatga undab kelayotgani bilan beqiyos ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur konferensiyadan ko‘zlangan asosiy maqsad ham shiddatli globallashuv sharoitida islom dini qadriyatlari, uning tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda islom diniga yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish va bunda O‘zbekiston tajribasini, diniylik va dunyoviylik muvozanatini saqlash yo‘lidagi sa’y-harakatlarini xalqaro jamoatchilikka yetkazishdan iboratdir.
Xalqaro anjumanda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Muzaffar Komilov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiq Toshboyev, O‘zbekiston Musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Holiqnazar va boshqalar ushbu anjuman Islom dinining asl mohiyatini ochib berishdek ulug‘vor maqsadlarni ko‘zlashi bilan ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
Konferensiyada Islom olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari Shayx Abdulrahmon Abdulloh al-Zayd (Saudiya Arabistoni), Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayxul-Islom Allohshukur Poshshozoda (Ozarbayjon), Misr Arab Respublikasi muftiysi, professor Nazir Muhammad Ayyod va boshqalar allomalar diyori bo‘lgan O‘zbekiston “Jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasining dunyo uzra yoyilishida o‘zining munosib hissasini qo‘shayotganini e’tirof etdi.
Qatnashchilar tomonidan ta’kidlanganidek, bu diyorda azaldan turli din va millat vakillari ahillikda yashab kelgan. Bu boradagi ezgu sa’y-harakatlar bugun ham izchil davom ettirilmoqda. Jahonning barcha davlatlari bilan do‘stona, samimiyatga, o‘zaro ishonchga asoslangan aloqalarni yo‘lga qo‘yish O‘zbekistonning tinchlikparvar siyosati yo‘lidagi amaliy va ustuvor qadam sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning bevosita tashabbusi bilan mamlakatimizda so‘nggi 7 yil mobaynida diniy-ma’rifiy sohada ulkan islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Hadis ilmi maktabi, Mir Arab oliy madrasasi, Imom Termiziy nomidagi islom instituti tashkil qilindi.
Bu ma’rifiy muassasalarning barchasi nafaqat diniy, balki dunyoviy ilmlarda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritgan buyuk allomalarimizning merosini asrab-avaylash, bugungi kun voqeligi nuqtai nazaridan chuqur tadqiq etish, yoyish va targ‘ib qilish, nainki musulmon olami, balki butun jahon jamoatchiligiga tanitishga xizmat qiladi.
Ayni paytda O‘zbekistonning “Jaholatga qarshi – ma’rifat” shioriga muvofiq ravishda islom dinining tinchlikparvarlik, bag‘rikenglik va ma’rifatparvarlik g‘oyalarini tarqatishga, shu tariqa mamlakat, mintaqa va dunyo miqyosida radikalizm va ekstremizmga qarshi kurashni kuchaytirish, bu illatlarni tag-tomiri bilan yo‘q qilishga o‘z hissasini qo‘shadi.
– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev davlat qurilishida shunday ulug‘vor merosga, boy ma’naviy manbaga va chuqur mazmunli asosga tayanadiki, bu yutuqlar o‘z nomini tarixga zarhal harflar bilan yozdirib, O‘zbekiston davlatining asrlar davomida cho‘qqida bo‘lishiga mustahkam kafolat beradi, – dedi Kavkaz musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayxul-Islom Allohshukur Poshozoda. – O‘zbekiston Ibn Sino, Farobiy, Beruniy, Ulug‘bek kabi jahonshumul olimlari, Imom Buxoriy, Termiziy, Moturidiy kabi ulug‘ din peshvolari, Amir Temur va Zahiriddin Bobur kabi buyuk sarkardalari, Alisher Navoiy kabi she’riyat ustalari va boshqa ko‘zga ko‘ringan tarixiy shaxslar bashariyat tarixiga beqiyos hissa qo‘shib, Islomning ulug‘ madaniy-ma’naviy merosini boyitganlar, shuningdek, Yevropa uyg‘onish davriga turtki berganlar.
– Movarounnahr buyuk ulamolaridan Islom ilmlarining barcha soha va yo‘nalishlari bo‘yicha katta ilmiy meros qoldirdi, – dedi Islom olami uyushmasi Bosh kotibi o‘rinbosari, Islom fiqhi uyushmasi bosh kotibi, doktor Abdurahmon bin Abdulloh al-Zayd. – Xususan, Qur’oni karimdan keyin eng ishonchli manba bo‘lgan “Sahihi Buxoriy“ asari muallifi, Hadis ilmining amiri Imom Buxoriy, “Shamoilul Muhammadiya“ asarini ta’lif etgan Imom Termiziyning merosidan butun Islom olami foydalanishini alohida e’tirof etish darkor. Ushbu konferensiyaga tanlangan mavzu muqaddas dinimiz asl maqsad va g‘oyalarini aks ettiradi. Aslida ham Islom dini tinchlik va yaxshiliklar, ezguliklar dinidir.
Konferensiya o‘z ishini 3 ta sho‘’bada davom ettirdi. Jumladan, ishtirokchilar “ Islom qadriyatlarini asrab-avaylashda hanafiy-moturidiy ta’limotining o‘rni”, “Globallashuv sharoitida islom: mo‘’tadillik va bag‘rikenglik”, “Zamonaviy jamiyatda g‘oyaviy tahdidlarning oldini olish omillari va amaliy yechimlar” mavzusidagi sho‘’balar bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilari o‘zaro fikr almashish, dolzarb masalalarni muhokama etish imkoniga ega bo‘ldi.
Konferensiya ertaga Xiva shahrida davom etadi. Unda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining yakuniy deklaratsiyasi qabul qilinadi.
Anjuman dunyo xalqlarining birdamligi va mushtarak taraqqiyotini ta’minlashda islom ta’limotining, buyuk ajdodlar merosining o‘rni va ahamiyatini ko‘rsatib berish bilan birga, islom dinini niqob qilib, manfur maqsadlarni amalga oshirishga intilayotgan buzg‘unchi toifalarga qarshi kurashda ulamolarning yakdil fikrini qo‘llab-quvvatlashi bilan ham g‘oyat ahamiyatlidir.
Nazokat Usmonova, Asliddin Alijonov, Doniyor Yoqubov, O‘zA
- Qo'shildi: 16.10.2024
- Ko'rishlar: 604
- Chop etish