Muhtaram vatandoshlar!
Barchamiz uchun muqaddas Vatan, avvalo, o‘z uyimiz, mahallamiz ostonasidan boshlanadi. Hammamizning hayotimizdagi yaxshi va beg‘ubor damlar, tashvishli kunlar, taqdirimiz va kelajagimiz o‘zini o‘zi boshqarishning noyob tizimi bo‘lgan ana shu idora bilan bevosita bog‘liq. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlab aytganlaridek, mahalla tinch bo‘lsa – yurtimiz tinch, mahalla obod bo‘lsa – butun mamlakatimiz obod va farovon bo‘ladi.
Keyingi yillarda milliy o‘zligimiz timsoli, betakror qadriyat va an’analarimiz beshigi bo‘lgan ana shu institutning jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzini, vakolatlarini oshirish, moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirildi. Umumxalq referendumi asosida qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mahalla boshqaruviga oid muhim yangi moddalar kiritildi.
Bu haqda gapirganda, oxirgi 7 yilda tizimni takomillashtirishga qaratilgan 100 ga yaqin normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganini, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha “mahallabay” ishlash usuli keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektoridan iborat ta’sirchan tuzilma faoliyati yo‘lga qo‘yilgani ijobiy samara berayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Davlatimiz rahbari qayd etganidek, bugungi kunda hamma ish mahallada, xalqimiz bilan birgalikda tashkil qilinmoqda. Bu tizim bosqichma-bosqich rivojlantirilmoqda, unga qo‘shimcha kuch, imkoniyatlar berilyapti. Bu – albatta ham vakolat, ham mas’uliyat degani. Mahallalar – davlatimizning eng katta zamini.
Hozirgi vaqtda “Mahalla yettiligi” tomonidan bandlikni ta’minlash, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar, nuroniy otaxon va onaxonlarimiz, xotin-qizlar va yoshlarga manzilli yordam ko‘rsatish, fuqarolarni zamonaviy kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, kambag‘allikni qisqartirish hamda ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish kabi bir-biridan muhim ishlar olib borilmoqda.
Xonadonlarning iqtisodiy-ijtimoiy ahvoli to‘liq xatlovdan o‘tkazilib, har bir mahallaning o‘sish nuqtalari aniqlab olindi. “Xonadonbay”, “oilabay” ishlash tizimi, “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari joriy etildi.
Ana shunday izchil sa’y-harakatlar tufayli mahalla idorasining jamiyat hayotidagi o‘rni va nufuzi yanada mustahkamlanib, u aholiga ijtimoiy ko‘mak ko‘rsatishning adolatli va ta’sirchan institutiga, samarali jamoatchilik nazoratini o‘rnatadigan, odamlarga eng yaqin xalqchil tuzilmaga, chinakam xalq vijdoniga aylanib bormoqda.
Hurmatli mahalla faollari!
Bugungi kunda butun mamlakatimiz kabi mahallalarimiz taraqqiyotida ham yangi davr boshlanmoqda. “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan yuksak maqsad va vazifalar asosida mahalla tizimida ham keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirib, faoliyatimizni yangi sifat bosqichiga ko‘tarishimiz lozim. Hech shubhasiz, Prezidentimizning yaqinda qabul qilingan farmon va qaroriga muvofiq mamlakatimizda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahri, tuman va shaharlarda mahallani qo‘llab-quvvatlash kengashlari, O‘zbekiston mahallalari uyushmasi va uning hududiy tuzilmalari tashkil etilib ish boshlagani bu borada yangi imkoniyatlarni ochadi.
Mahallaning aholiga ijtimoiy ko‘mak berish borasidagi vakolati kuchaytirildi. Endilikda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” orqali ijtimoiy yordam ko‘rsatish va subsidiyalar ajratish “mahalla yettiligi”ning birgalikdagi qarori asosida amalga oshiriladi.
“Mahalla yettiligi” faoliyatining asosiy samaradorlik ko‘rsatkichlari (KPI) bo‘yicha alohida baholash tartibi joriy etilmoqda va mahalla raislari endi 20 foiz ball berish huquqiga ega. Barcha tuman va shaharlarda “Mahalla byudjeti” tizimi joriy etildi.
“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilib, unda mahallalarni tashkil etish, “mahalla yettiligi”ning mas’uliyati va javobgarligi bo‘yicha aniq mezonlar belgilanadi. “Yettilik” a’zolarini tayinlashda mahallada yashaydigan nomzodlarga ustunlik beriladi. Mahalla raisining so‘roviga javob bermaslik yoki uning taqdimnomasida qo‘yilgan masalani ko‘rib chiqmaslik uchun javobgarlik belgilanadi.
“Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahrirdagi loyihasi ishlab chiqilib, unda mahalla raisi saylovini aholi tomonidan umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish orqali o‘tkazish, mahalla raisining ma’lumoti va malakasi bo‘yicha qo‘yiladigan talablar, mahalla raisining vakolat muddatini 3 yildan 5 yilga uzaytirish kabi yangiliklar kiritish ko‘zda tutilmoqda.
Aziz do‘stlar!
Mahallalarga ko‘rsatilayotgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlik o‘z navbatida zimmamizga katta mas’uliyat va javobgarlik yuklashini albatta barchamiz yaxshi tasavvur qilamiz. Ayniqsa, Prezidentimiz raisligida 2023 yil 22 dekabr kuni Respublika Ma’naviyat va ma’rifat kengashi, 2024 yil 12 yanvarda Xavfsizlik kengashining kengaytirilgan yig‘ilishlarida muhokama qilingan dolzarb masalalar va belgilab olingan muhim vazifalar o‘zini mahalla hayotiga, el-yurtimiz taqdiri va kelajagiga daxldor deb bilgan hech qaysi insonni befarq qoldirmaydi. Chunki inson qadri, mehr-oqibat va hamjihatlik, millatlararo do‘stlik va totuvlik, ma’naviyat va ma’rifat, madaniyat va san’at, sport va ilm-fan rivoji, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, avvalo, mahalladan boshlanadi.
Globallashuv jarayonlari hamda odamlar, ayniqsa, yosh avlodning qalbi va ongi uchun kurash kuchayib borayotgan hozirgi o‘ta murakkab sharoitda mahallalarda harbiy-vatanparvarlik ruhidagi tarbiyaning o‘rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda. Bugungi kunda har birimiz amalda Vatan himoyachisi bo‘lishimiz, yoshlarimizni ham shu ruhda kamol toptirishimiz zarur. Navqiron avlod vakillarining islohotlar jarayonidagi ishtirokini oshirish, ular o‘z intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishi uchun birinchi navbatda mahallalarda qulay muhit va sharoitlar yaratish o‘ta muhim vazifamizdir.
Bizning bu boradagi ishtirokimiz, avvalo, bir-birimizga, qo‘ni-qo‘shnilarga, ko‘chamizda, mahallamizda unib-o‘sib kelayotgan bolalar tarbiyasiga befarq bo‘lmasdan, jon kuydirishda, tom ma’noda “har bir bolaga ham ota, ham ona, ham ustoz, ham tarbiyachi” bo‘lishimizda namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, milliy ma’naviyatimizga qarshi qaratilgan buzg‘unchi harakatlarga qarshi kurashish va mahallada axloqiy-tarbiyaviy muhit barqarorligini ta’minlashda muhtaram otaxon va onaxonlarimiz, faol ko‘cha va uy boshliqlari, imom-xatib va otinoyilar, ziyolilarimiz va tadbirkorlarimizning fidoyiligi katta ahamiyatga ega.
O‘zingiz ayting, bugun ba’zi guruhlar orasida kuzatilayotgan diniy qarashlarni Konstitutsiya va qonunlarimizga qarshi va ulardan ustun qo‘yish holatlariga, diniy e’tiqod niqobi ostida yoshlarni ma’rifatga emas, jaholatga undayotgan kishilarga, ko‘p xotinlik, ayol kishi ishlamasdan uyda o‘tirishi, o‘qimasligi kerak, degan soxta “da’vat”larga qarshi biz kurashmasak kim kurashadi?
Ma’naviy tahdidlarga qarshi kurashni, avvalo, oilamizdan, mahallamizdan boshlashimiz zarur. Bu borada mahalla faollari va jamoatchilik tuzilmalari faol bo‘lmog‘i lozim. O‘zimiz, farzand va nabiralarimiz hayoti hamda kelajagiga daxldor bunday masalalarda endi “uxlab o‘tirish”, loqayd bo‘lishga aslo haqqimiz yo‘q.
Ayniqsa, yoshlar bilan ko‘proq gaplashish, ularning qalbiga quloq solish, dardini bilish, muammolariga yechim topish, jumladan, uyushmagan yoshlar bilan ishlash, harbiy xizmatga munosib mard va botir yigitlarni tarbiyalashga e’tibor qaratish mahalla faoliyatining asosiy yo‘nalishi bo‘lishi shart. Bu borada tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar bilan hamkorlikni kuchaytirishimiz lozim. Prezidentimiz belgilab bergan to‘g‘ri yo‘lda endi tashabbus ko‘rsatish, turli illatlarga qarshi kurashishdan uyalib, tortinib o‘tirish bizga yarashmaydi. Dadil bo‘laylik, so‘zimiz va ishimiz ham keskir bo‘lsin! Agar barchamiz birlashib, xavf-xatar va muammolarni yengmasak, ular bizni yengadi. Biz birlashmasak, buzg‘unchi kuchlar bizga qarshi birlashadi. Buni hech qachon unutmasligimiz lozim.
Mahalla va oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni o‘rganish hamda aniqlangan ijtimoiy muammolar mutasaddi tashkilotlar tomonidan bartaraf etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytiraylik! Yoshlarimizning “onlayn qimor”, “tarmoqdagi o‘g‘rilik”, firibgarlik kabi illatlarga berilib, jaholat qurboniga aylanishiga yo‘l qo‘ymaylik!
To‘y-hashamlardagi dabdababozlik, isrofgarchilikka chek qo‘yaylik!
Agar sidqidildan harakat qilsak, mahallaning qurbi yetmaydigan ishning o‘zi yo‘q. Mahallamizdagi jamoatchilik tuzilmalari, “Mahalla nazorati” va “Keksalar maslahati” guruhlariga, “Oqila ayollar” harakatiga eng faol va jonkuyar faollarni jalb etib, ularni ezgu maqsad yo‘lida safarbar etsak, har qanday muammoni albatta hal qilamiz.
Qadrli mahalla faollari!
Bugun quyidagi ustuvor masalalarga alohida e’tibor berishimiz zarur.
Avvalambor, “Bolaning begonasi bo‘lmaydi!”, “Bir bolaga yetti mahalla ham ota, ham ona”, “Mening mahallam, mening ko‘cham tinch va toza, jinoyatchilikdan xoli mahalla, ko‘cha!”, “Mening mahallamda jinoyat sodir bo‘lmasligi kerak!”, “Men mahallamga befarq emasman!” kabi ezgu shior va da’vatlarni amaliy harakatga aylantirishimiz kerak.
Ikkinchidan, mahallalarda hech kim mehr va e’tibordan chetda qolmasligi zarur – yetim-yesirlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yakka-yolg‘iz qariyalarni qo‘llab-quvvatlash faoliyatimizning muhim yo‘nalishi bo‘lishi shart.
Uchinchidan, uyma-uy yurish, har bir oilaning turmush tarzidan xabardor bo‘lish, oilalar farovonligini oshirish, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlar bandligini ta’minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish, aholida tomorqa madaniyatini yuksaltirishga e’tiborni kuchaytirishimiz lozim.
To‘rtinchidan, notinch, ajralish yoqasida turgan oilalar, jinoyat sodir etishga moyil yoki a’zolari o‘z joniga suiqasd qilgan, uzoq muddatga xorijga ishlash uchun ketgan, jazoni ijro etish muassasalaridagi fuqarolarning oilalari bilan muntazam ishlasak, yaxshi natijaga erishamiz.
Beshinchidan, oila va mahallalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, to‘y-hashamlarni dabdabadan xoli, ixcham va kamxarj o‘tkazishga ko‘pni ko‘rgan nuroniylarimizni keng jalb etib, ularning boy hayotiy tajribasidan samarali foydalanishimiz zarur.
Oltinchidan, mahallada jamoatchilik nazorati ta’sirchanligini oshirishimiz zarur. Qonun hujjatlari, hududlarni kompleks rivojlantirish dasturlari, fuqarolar yig‘inlarining qarorlari ijrosini nazorat qilish, korxona hamda tashkilotlar rahbarlari hisobotlarini eshitish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tizimli jamoatchilik nazoratini samarali tashkil etishimiz kerak.
Muxtasar qilib aytganda, Prezidentimizning “Qaysi mahallada ish to‘g‘ri tashkil etilib, fuqarolar bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilsa, o‘sha yerda hamjihatlik, mehr-oqibat muhiti hukm suradi, noxush holatlarga yo‘l qo‘yilmaydi”, degan so‘zlari faoliyatimizda dasturilamal bo‘lishi lozim.
Aziz hamkasblar!
Hech qachon unutmaylik, ana shu vazifalarni amalga oshirish biz uchun nafaqat majburiyat, balki muqaddas burchimizdir.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish, mamlakatimizni ravnaq toptirish, xalqimiz farovonligini oshirish, odamlarimizni hayotdan rozi qilish yo‘lida muhtaram Prezidentimizga tayanch va suyanch bo‘laylik!
Shu yo‘lda “Mening mahallam – mening istiqbolim – mening taqdirim”, degan tamoyil hayotiy shiorimizga aylansin!
Bunday mas’uliyatli vazifalarni vijdonan va halol bajarib, barchamizga bildirilgan yuksak ishonchni oqlash uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz, deb ishonamiz!
Donishmand bobolarimiz aytganlaridek, “Bu dunyoda odamlarga ezgulik ulashib yashashdan ko‘ra ulug‘ va savob ish yo‘q”. Ana shu hikmatga amal qilib yashasak, ishimizda albatta natija bo‘ladi, xalqimiz va Prezidentimizning ishonchini oqlagan bo‘lamiz.
Ana shunday buyuk saodat barchamizga yor bo‘lsin!
O‘zA
- Qo'shildi: 18.01.2024
- Ko'rishlar: 2833
- Chop etish