O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatimizda olib borilayotgan demokratik islohotlar yo‘lini yoritib, demokratik qadriyatlarga asoslangan mustahkam fuqarolik jamiyati qurishda asosiy tayanch vazifasini o‘tamoqda. Xalqning erkinligi uning o‘z taqdirini o‘zi belgilashi imkoniga ega ekanligida ham ko‘rinadi. Bu imkoniyat umumxalq saylovlarida ishtirok etish orqali amalga oshiriladi. Zero, saylovlar fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, ularda siyosiy, huquqiy madaniyatni shakllantirish, demokratik huquqiy davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etishning muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Saylov demokratiyaning yorqin ko‘rsatkichidir. Saylovlar demokratik jamiyat ijtimoiy-siyosiy hayotining ajralmas elementi, aholi xohish-irodasini ifoda etishning asosiy shaklidir.
Saylovlarni yuqori demokratik, adolatli saylov prinsiplariga mos ravishda o‘tkazish avvalo, mamlakatda zarur qonunchilik bazasining mavjud bo‘lishi, qolaversa, saylov ishtirokchilari tomonidan ushbu qonunlarni yaxshi bilgan holda va ularning talablariga to‘la rioya etgan holda ishtirok etishlariga bevosita bog‘liq.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tizimli va dadil islohotlar samarasida milliy saylov qonunchiligi va amaliyoti demokratik talablar va umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga uyg‘unlashtirilib, samarali saylov qonunchiligi bazasi shakllantirildi. 2019 yilda yangi tahrirdagi Saylov kodeksi amaliyotga kiritilgach, saylovlarning huquqiy asoslari yanada mustahkamlandi. Fuqarolar, siyosiy partiyalarning saylov jarayonlarida erkin va faol ishtirok etishi uchun tashkiliy-huquqiy, moddiy-texnik shart-sharoit, ularning saylash huquqlarini to‘la amalga oshirishining ishonchli kafolatlari yaratildi.
Demokratik davlatlarda saylovlar davlat hokimiyati tashkil etilishining asosiy vositasi bo‘lib hisoblanadi va fuqarolar irodasini ifoda etilishini kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida boshqa masalalar bilan bir qatorda saylov tizimining mustahkam konstitutsiyaviy huquqiy asoslari belgilab berilgan.
Saylov tizimi deganda, u yoki bu mamlakatda davlat hokimiyatining vakillik organlari yoki oliy mansabdor shaxslarining fuqarolar tomonidan saylanishi jarayonida vujudga keladigan ijtimoiy-siyosiy munosabatlar majmuasi tushuniladi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining XXII bobi saylov tizimiga bag‘ishlangan bo‘lib, ushbu bobning 128-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish huquqiga egadirlar. Huquqiy adabiyotlarda fuqarolarning saylash huquqlari aktiv saylov huquqi, saylanish huquqlari esa passiv saylov huquqi deb ataladi. O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari aktiv saylov huquqiga 18 yoshdan boshlab ega bo‘ladi. Passiv saylov huquqiga ega bo‘lish yoshi bir xil emas. Fuqarolar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bo‘lib saylanish huquqiga 35 yoshdan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati bo‘lib saylanish huquqiga 25 yoshdan, xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlari bo‘lib saylanish huquqiga 21 yoshdan boshlab ega bo‘ladi.
Konstitutsiyada saylanish uchun yoshga nisbatan belgilangan talab bilan bir qatorda O‘zbekiston hududida ma’lum muddat muqim yashaganlik to‘g‘risidagi talab ham bor. Konstitutsiyaning 92-moddasiga muvofiq kamida besh yil O‘zbekiston Respublikasi hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi Oliy Majlis Qonunchilik palatasining deputati, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosi bo‘lishi mumkin. Konstitutsiyaning 106-moddasiga binoan esa davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga saylanishi mumkin.
Shuningdek, 128-moddada aytib o‘tilganki, har bir saylovchi bir ovozga ega. Bu qoida saylovchilarning o‘zaro teng ovozga ega bo‘lishini kafolatlaydi.
Saylovlar umumiy, teng va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan o‘tkaziladi.
Saylovlarning umumiyligi deganda, saylovlarda jinsi, irqiy va milliy mansubligi, tili, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqei, ma’lumoti, mashg‘ulotining turi va xususiyatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining 18 yoshga to‘lgan barcha fuqarolarining ishtirok etishi tushuniladi.
Yana bir muhim tamoyil, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tengligidir. Ya’ni, har bir fuqaro saylov huquqlarini amalga oshirishda tengdirlar. Zero, saylov tizimining demokratik mohiyati – nafaqat barcha fuqarolarning saylovda ishtirok etishlari, balki saylovning teng sharoitlarda o‘tishida namoyon bo‘ladi. Demak, umumiy va teng saylov tamoyillari o‘zaro chambarchas bog‘liq bo‘lib, bir-birini to‘ldiradi.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi deganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va xalq deputatlari mahalliy kengashlari deputatlarining saylovchilar tomonidan bevosita, to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylanishi tushuniladi.
Shuningdek, saylov huquqi faqat yashirin ovoz berish orqali amalga oshiriladi. Bu degani, saylovda erkin va yashirin ovoz beriladi. Saylovchilarning xohish-irodasini nazorat qilishga yo‘l qo‘yilmaydi. Yashirin ovoz berish saylovchining xohish-irodasi ustidan har qanday tarzda nazorat qilish imkoniyatini istisno etadigan tegishli sharoitlarni yaratish orqali ta’minlanadi. Bu normaga qo‘shimcha tarzda O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi 103-moddasini keltirish mumkin. Mazkur moddaga muvofiq, saylov kuni va ovoz berish boshlanishidan bir kun oldin jamoatchilik fikri so‘rovlari natijalarini, saylov natijalari prognozlarini, o‘tkazilayotgan saylov bilan bog‘liq boshqa tadqiqotlarni e’lon qilish (hammaga ma’lum qilish), shu jumladan, axborot tarmoqlariga, shuningdek, Internet jahon axborot tarmog‘iga joylashtirish taqiqlanadi.
Konstitutsiyada fuqarolarning ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi mustahkamlab qo‘yilgan. O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining teng saylov huquqlarini kafolatlaydi. Yagona istisno shundan iboratki, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, sud hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylanishi mumkin emas. Shu jumladan, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi.
Saylov tizimining konstitutsiyaviy asoslari qatoriga saylov muddatlari haqidagi normalar ham kiradi. Unga binoan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylov tegishincha ularning konstitutsiyaviy vakolat muddati tugaydigan yilda – oktyabr oyi uchinchi o‘n kunligining birinchi yakshanbasida o‘tkaziladi, bundan Konstitutsiyada nazarda tutilgan muddatidan ilgari saylov o‘tkazish hollari mustasno.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, saylov tizimini demokratik asoslarda tashkil etish va ta’minlash, uni xalqaro huquqning umume’tirof etilgan qoidalari va normalariga mos ravishda Konstitutsiya asosida takomillashtirish – jamiyat hayotining barqarorligini ta’minlaydi va davlatning xalqaro hamjamiyatda tutgan o‘rnini yanada yuksaltiradi.
Umidjon G‘iyosov,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudining
katta eksperti.
- Qo'shildi: 22.10.2024
- Ko'rishlar: 542
- Chop etish