Keyingi yillarda O‘zbekiston va Rossiya munosabatlari yangi marralar sari odimlamoqda, deyish mumkin. Ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar uchun xos bo‘lgan “strategik sheriklik va ittifoqchilik” ta’rifi bugungi kunning xolis, sof haqiqatidir. Binobarin, O‘zbekiston — Rossiya hamkorligi Markaziy Osiyo mintaqasi umumiy manfaati uchun ham juda muhim.
26-27-may kunlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
RF rahbarining yurtimizga kutilayotgan safari ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklik va o‘zaro manfaatli hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishi shubhasiz.
O‘zA muxbiri ushbu muhim voqea oldidan o‘zaro munosabatning joriy holati va istiqboli xususida ekspertlar fikrini yozib oldi.
Muxtor Umarov, O‘zbekiston Iqtisodiyot Assambleyasi raisi:
– O‘zbekiston va Rossiya hamkorligi alohida ahamiyatga ega. Umumiy tarix, madaniy yaqinlik, asosiysi, davlat rahbarlarining muntazamlik kasb etgan uchrashuvlari tarixiy aloqalar rivojida muhim o‘rin tutmoqda.
Ko‘p qirrali va yuqori darajadagi munosabatda, albatta, iqtisodiyot hal qiluvchi omil sanaladi. Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarimiz asosiy bozori, shuningdek yetakchi investitsion hamkorlardan biri sifatida Rossiya bilan iliq munosabat O‘zbekiston iqtisodiyoti rivoji uchun juda muhim.
Yurtimiz Markaziy Osiyo o‘rtasida joylashganidan RF ham manfaatdor. Rossiya rahbarining navbatdagi tashrifi davomida ko‘plab yangi kelishuvlarga erishilishi, xususan biznes vakillari, transport-logistika, energetika, investitsiya, savdo-sotiq sohalari bilan bog‘liq samarali muzokaralar olib borilishi kutilyapti. Bo‘lajak muloqotlar amaliyotga tatbiq qilinishi O‘zbekiston – Rossiya munosabatini yuqori bosqichga olib chiqishi tayin.
2024-yil yanvar-aprel oylari holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tashqi savdo aylanmasida eng yuqori ulushga ega davlatlar orasida Rossiya Xitoydan keyin ikkinchi o‘rinda turibdi. Mamlakatimizning xorijiy davlatlar bilan mahsulot va xizmat ayirboshlash statistikasida 3 milliard 843,8 million dollarlik RF ulushi jami miqdorning 18,4 foiziga teng.
Ayniqsa, so‘nggi yillarda ikki mamlakat biznes tuzilmalari muloqoti faollashdi, o‘zaro madaniy-gumanitar aloqa kengaydi, savdo-sotiq hajmi muntazam ortmoqda, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetkazib berishda “yashil yo‘lak” ochilgan. Yurtimizda Rossiyaning yetakchi kompaniya va banklari ishtirokida energetika, neft-gaz, kimyo, mashinasozlik, elektrotexnika, to‘qimachilik, oziq-ovqat kabi ko‘plab muhim tarmoqlarda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilyapti. Shu bilan birga hali foydalanilmagan imkoniyat bisyor.
RF bilan ko‘p qirrali aloqani qo‘llab-quvvatlash avval ham tashqi siyosatimizning strategik yo‘nalishi edi va bundan keyin ham shunday bo‘lib qoladi.
O‘zbekiston va Rossiya yetakchilari erishayotgan kelishuvlar tomonlarga savdo-iqtisodiy, siyosiy va madaniy-gumanitar sohalarda, shuningdek xavfsizlik masalasida amaliy natijalarga erishish imkonini berib, turli darajada birgalikdagi izchil harakat uchun asos bo‘lyapti. Hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha maxsus ishlab chiqilgan “yo‘l xaritasi”ni hayotga tatbiq etish asnosida hukumatlar, parlamentlar va biznes doiralari o‘rtasida sheriklik faollashdi. Hududlar darajasida to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalar ko‘lami kengaydi.
Umuman, Vladimir Putinning O‘zbekistonga davlat tashrifi doirasida o‘tajak tadbirlar miqyosiga e’tibor bersak, do‘stona, o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatni mustahkamlash yo‘lida muhim davr boshlanajagi yaqqol namoyon bo‘ladi.
Sayfiddin Jo‘rayev, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti Tahliliy tadqiqotlar markazi direktori:
– Tahlillar ko‘rsatmoqdaki, ikki davlat o‘rtasidagi siyosiy diplomatiya, savdo-sotiq, iqtisodiy, madaniy-gumanitar aloqa yuqori bosqichga ko‘tarilmoqda.
Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning yurtimizga navbatdagi davlat tashrifi yangi davr talabidan kelib chiqib, erishilgan natijalarni tahlili uchun xizmat qiladigan strategik format sifatida maydonga chiqadi.
Aytish mumkinki, bugungi globallashuv zamonida xalqaro maydonda yuzaga kelayotgan keskin o‘zgarishlar sharoitida O‘zbekiston va Rossiyaning siyosiy-diplomatik, iqtisodiy munosabatlari muntazam rivojlanib, izchillik kasb etmoqda, strategik sheriklik va ittifoqchilik xususiyatini namoyon qilmoqda. Bu jarayonga ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi o‘zaro ishonchga asoslangan keng qamrovli muloqot mustahkam zamin yaratmoqda.
Birinchidan, Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin yil davomida sakkiz marta telefon orqali suhbatlashgan, ikki bor o‘zaro uchrashuv o‘tkazgan. Rossiyaning yuqori darajali delegatsiyalari – vazirlar, hududiy rahbarlar respublikamizga tashrif buyurgan. Hukumat rahbarlari, parlamentlar aro delegatsiyalar, jamoat tashkilotlari, xavfsizlik va mudofaa sohasi idoralari mas’ullari muloqoti doimiy tus olgan. Tashqi ishlar vazirlari ham ikki tomonlama doimiy aloqani ushlab kelmoqda.
Ikkinchidan, sanoat, energetika, transport, kimyo, farmatsevtika va boshqa tarmoqlardagi loyihalar faol bosqichga kirdi. Rossiya O‘zbekistonning eng yirik tashqi savdo hamkorlaridan biri. 2023-yil o‘zaro tashqi savdo aylanmasi 9,8 milliard dollarga yetdi. So‘nggi 20-yilda RF respublikamizga 13 milliard dollardan ko‘p sarmoya kiritdi. Bu mablag‘lar sanoatga, ishlab chiqarishga yo‘naltirildi.
Uchinchidan, hududlar o‘rtasidagi kooperatsion aloqa o‘zaro munosabatning yangi yo‘nalishi sifatida takomillashmoqda. Jumladan, Toshkent va Jizzax viloyatlarida “Ximgrad” industrial texnoparki muvaffaqiyatli ishlamoqda. Buxoro va Navoiy viloyatlarida yangi “Alabuga” va “Master” innovatsiya parki barpo etilmoqda. Bunday platforma mintaqaviylashtirishga oid mavjud tendensiyaga mos, chunki globallashuv jozibadorligi susaymoqda. Mintaqaviylashtirish keng ma’nodagi iqtisodiy rivojlanishning asosiy vositalaridan biridir.
To‘rtinchidan, so‘nggi yillarda rossiyaliklarning O‘zbekistonga sayohati 10 barobardan ko‘proq ortib, diyorimizga kelayotgan rus turistlari soni 37 mingdan 403 ming kishiga yetdi. 2023-yil xorijiy sayyohlar umumiy nisbatida rossiyaliklar ulushi 33 foizni tashkil etdi. Rossiyaga esa 800 mingdan ziyod hamyurtimiz sayohat qilgan. Bu miqdor avvalgi yilga qaraganda ikki barobar ko‘p. Rossiya va O‘zbekiston orasida haftasiga 250 reys amalga oshmoqda.
Eng muhimi, zamonaviy munosabatlarimizning yuqori darajasi umumiy farovonlikka xizmat qilmoqda.
Vladimir Putin Prezident etib qayta saylangandan so‘ng, Xitoy va Belarusdan keyin O‘zbekistonga davlat tashrifini amalga oshirmoqda. Bu O‘zbekistonga, xalqimizga, davlatimiz rahbariga nisbatan o‘ziga xos yuksak ishonchdan dalolat. O‘z navbatida, kutilayotgan muloqot va kelishuvlar ikki davlat munosabatini yangi bosqichga olib chiqish uchun asos yaratadi.
Farxod Karimov, siyosiy fanlar doktori:
– Rossiya Federatsiyasi 1992-yil 20-mart sanasida mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini tan oldi va shu tariqa munosabatlarning zamonaviy davri boshlandi. Bu yil ikki mustaqil davlat o‘zaro aloqalari yo‘lga qo‘yilganiga 32-yil to‘ldi.
O‘tgan davr mobaynida ta’lim, iqtisodiyot kabi ustuvor sohalarda imzolangan ko‘plab hujjatlar diplomatik aloqani rivojlantirish uchun mustahkam poydevor yaratdi.
Davlatimiz qog‘ozda mavjud kelishuvlar, o‘zaro manfaatli loyihalarni nafaqat tezroq ro‘yobga chiqarish, balki istiqbolli yo‘nalishlarda hamkorlikni ham kengaytirish niyatida.
O‘zbekiston Rossiyaning barcha kompaniyalari bilan va turli yo‘nalishda ishonchli, jiddiy, aniq ish olib bormoqda. Hozirgi kunga kelib, mamlakatlarimiz o‘zaro aloqa o‘rnatmagan sohaning o‘zi qolmadi, hisob.
Masalan, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish hamkorlik uchun nihoyatda istiqbolli yo‘nalish hisoblanadi. Boisi, ikki mamlakat, deyarli, bir vaqtda taraqqiyot uchun o‘ta muhim sanalgan axborot texnologiyalarini joriy etish dasturini amalga oshirishga kirishdi.
Qolaversa, raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish orqali texnoparklar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, pochta aloqasini takomillashtirish, jamoatchilik bilan aloqa bo‘yicha mutaxassislar malakasini oshirish, IT mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha birgalikda sa’y-harakat olib borilmoqda.
Madaniy-gumanitar aloqa davlatlar aro munosabatni rivojlantirishning muhim shartidir. Ko‘pgina o‘zbekistonlik yoshlar RF oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olishga qiziqadi. Talabalar orasida Rossiyaning Toshkentdagi oliy o‘quv yurtlari, jumladan M.Lomonosov nomli Moskva davlat universiteti, I.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti hamda G.Plexanov nomli Rossiya iqtisodiyot universiteti filiallariga talab yuqori.
Milliy, mintaqaviy va xalqaro xavfsizlikni ta’minlash masalalarida sa’y-harakatni muvofiqlashtirish mustahkam hamkorlikka yana bir yorqin misol. Ayni payt Toshkent va Moskva keng qamrovli yo‘nalishlar, xususan tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, terrorizm, ekstremizm, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishi, giyohvandlik vositalari noqonuniy aylanmasi kabi tahdid va xatarlarga qarshi kurashishda faol sheriklikni yo‘lga qo‘ygan.
Xullas, munosabatlarning yangi bosqichi rasmiy Toshkent va Moskva o‘rtasidagi siyosiy muloqotga ishonch baxsh etmoqda. RF yetakchisining mamlakatimizga bo‘lajak tashrifi esa amalda davlatlarimiz uchun barcha darajada, har bir dolzarb yo‘nalish bo‘yicha hamjihat harakatni davom ettirish imkonini beradi.
O‘tkir ALIMOV tayyorladi.
O‘zA
- Qo'shildi: 27.05.2024
- Ko'rishlar: 1535
- Chop etish