Ko‘ksaroy qarorgohida 27 may kuni Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinni tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mamlakat taraqqiyotini belgilovchi omillar ko‘p. Ulardan biri uzoq-yaqin davlatlar bilan strategik aloqalarni mustahkamlashdir. Zero, bugun jahonda bir qoida qat’iy ishlaydi – hech bir mamlakat yakka o‘zi rivojlana olmaydi.
Yangi O‘zbekiston jahon hamjamiyati bilan faol hamkorlik qilib kelmoqda. Bir-birini qo‘llab-quvvatlash asosiga qurilayotgan bu munosabatlar muhim ahamiyatga ega.
Keyingi yillarda mamlakatimizning ikki tomonlama munosabatlarda katta yutuqlarga erishayotgan hamkor davlatlari orasida Rossiya ham bor. Bu fikrni tasdiqlovchi raqamlarni ko‘plab misollarda keltirish mumkin. Xususan, davlatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi keyingi yillarda qariyb ikki yarim baravarga oshdi. Rossiya yurtimiz uchun eng katta eksport bozori bo‘lib qolmoqda.
Shu o‘rinda yana bir misol, Rossiya mamlakatimizda tashkil etilgan xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar soni bo‘yicha ham yetakchilar qatorida.
Mamlakatimizga Rossiya Federatsiyasi Prezidentining davlat tashrifi ko‘p qirrali hamkorlikning izchil va samarali davom etishida muhim ahamiyatga ega.
Qarorgoh oldidagi maydonda ikki mamlakat davlat bayroqlari ko‘tarildi va faxriy qorovul saf tortdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev oliy martabali mehmonni samimiy qarshi olib, shohsupaga taklif qildi. Davlat madhiyalari yangradi. Harbiy orkestr sadolari ostida yetakchilar faxriy qorovul safi oldidan o‘tib, rasmiy delegatsiyalar a’zolarini qutladilar.
Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Suhbat avvalida davlatimiz rahbari oliy martabali mehmonni samimiy qutlar ekan, Rossiya Prezidenti qayta saylanganidan so‘ng ilk xorijiy tashriflaridan birini aynan O‘zbekistonga amalga oshirayotganini alohida ta’kidladi.
Uchrashuvda O‘zbekiston – Rossiya keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashrifga tayyorgarlik doirasida parlament a’zolarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, "Innoprom" ko‘rgazmasi, ikki mamlakat yetakchi muhandislik-texnik oliy o‘quv yurtlari rektorlari va nufuzli tibbiyot muassasalari rahbarlarining anjumanlari samarali o‘tgani, Toshkentda Rus san’ati haftaligi tadbirlari davom etayotgani ta’kidlandi.
Savdo-iqtisodiy hamkorlikning o‘sib borayotgan sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. O‘zaro tovar ayirboshlash va Rossiyadan investitsiyalar hajmi ko‘paymoqda, sanoat kooperatsiyasi rivojlanmoqda.
Yetakchi korxonalarning qo‘shma loyihalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida Qo‘shma investitsiya platformasini ishga tushirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Prezidentlar hududlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish muhimligini ta’kidladilar.
Shuningdek, yetakchilar energetika, shu jumladan, atom energetikasi, qishloq xo‘jaligi, innovatsiyalar, migratsiya, xavfsizlik va boshqa sohalarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish masalalarini atroflicha muhokama qildilar.
Ko‘p qirrali madaniy-gumanitar almashinuv rivojlanayotganiga yuqori baho berildi.
Ta’lim va muhandis kadrlarni tayyorlash sohalaridagi hamkorlikka alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlari tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin muzokaralarni rasmiy delegatsiyalar ishtirokida kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar.
Muzokaralarda O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini, eng avvalo, siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda yanada rivojlantirish va chuqurlashtirish masalalari batafsil muhokama qilindi.
Ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi yuksak darajasi va o‘ziga xosligi, davlatlararo hamkorlikning barcha soha va yo‘nalishlarini qamrab olganligi mamnuniyat bilan ta’kidlandi.
– Sizning davlat tashrifingizni haqli ravishda tarixiy deb atash mumkin. Bu tashrif mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarida yangi bosqichni boshlab bermoqda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Muzokaralar davomida tomonlar parlamentlar, hukumatlar, vazirliklar, idoralar, hududlar, jamoatchilik, ekspertlar va ishbilarmon doiralar darajasidagi faol aloqalarni davom ettirishga kelishib oldilar.
Bu maqsadda Bosh vazirlar darajasidagi Qo‘shma komissiya va Hukumatlararo komissiyaning imkoniyatlaridan to‘liq foydalaniladi, ularning navbatdagi yig‘ilishlari shu yil oxirigacha o‘tkaziladi.
Shuningdek, muntazam siyosiy maslahatlashuvlarni, BMT, MDH, SHHT kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar hamda boshqa ko‘p tomonlama platformalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘zaro savdo aylanmasining barqaror sur’ati mamnuniyat bilan qayd etildi. So‘nggi 7 yilda u 2,5 barobar oshdi. Tomonlar yangi maqsadli ko‘rsatkichga – yaqin istiqbolda savdo hajmini 30 milliard dollarga yetkazishga kelishib oldilar.
Ushbu vazifani amalga oshirishga ko‘maklashish uchun Rossiyada O‘zbekistonning to‘laqonli savdo vakolatxonasi tashkil etiladi.
Bugungi sammitga energetika, metallurgiya, neft-kimyo, mashinasozlik, tog‘-kon sanoati, qishloq xo‘jaligi, logistika, farmatsevtika, sun’iy intellekt va boshqa ko‘plab yo‘nalishlarda 20 milliard dollardan ortiq qiymatda yangi sanoat kooperatsiyasi loyihalari tayyorlandi.
Bu kabi loyihalarni ilgari surish uchun qo‘shma Investitsiya platformasi ishga tushiriladi.
Energetika sohasida gaz tashish tizimini modernizatsiya qilish, gaz, neft va neft mahsulotlari yetkazib berish hajmini oshirish, uglevodorodlarni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Hududlar o‘rtasidagi hamkorlik ham jadal rivojlanib borayotgani alohida ta’kidlandi. O‘tgan hafta O‘zbekistonning barcha hududlari rahbarlari tashrif bilan Rossiyada bo‘ldilar.
Oziq-ovqat xavfsizligi, innovatsiyalar, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, migratsiya kabi qator muhim yo‘nalishlar ham ko‘rib chiqildi.
Madaniyat va san’at, fan, sog‘liqni saqlash, turizm, yoshlar va sport sohalarida faol almashinuvlar davom ettiriladi.
Tomonlar O‘zbekistonda Bauman nomidagi Moskva texnika universiteti va Butunrossiya tashqi savdo akademiyasi filiallarini ochish bo‘yicha kelishuvlarga erishilganini olqishladilar.
Uchrashuv chog‘ida delegatsiya a’zolarining qisqa hisobotlari, turli sohalarda amaliy hamkorlik bo‘yicha aniq takliflari tinglandi.
Muzokaralar yakunida davlat rahbarlari har bir yo‘nalish bo‘yicha amalga oshirish mexanizmlari nazarda tutilgan “yo‘l xaritalari”ni qabul qilishga topshiriq berdilar.
O‘tkazilgan muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Qo‘shma bayonot imzoladilar.
Davlat rahbarlari huzurida muhim ikki tomonlama bitimlarni almashish marosimi bo‘lib o‘tdi. Jumladan, bular:
– O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi hamkorligining ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
– O‘zbekiston Respublikasiga metrologiya sohasida texnik ko‘mak ko‘rsatish to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– Birgalikda kino ishlab chiqarish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– Aholining sanitariya-epidemiologik farovonligini ta’minlash sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida ilmiy texnologiyalar sohasida qo‘shma tanlovlar o‘tkazish to‘g‘risida bitim;
– Baliqchilik sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida bayonnoma;
– 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan madaniyat sohasida hamkorlik dasturi;
– 2025-2026 yillarga mo‘ljallangan turistlar oqimini oshirish bo‘yicha hamkorlik dasturi;
– O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida tovar ayirboshlashni ko‘paytirish maqsadida sanoat kooperatsiyasini kengaytirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi;
– O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sanoat va savdo vazirligi o‘rtasida 2024-2030 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro savdo hajmini oshirish bo‘yicha ishchi guruh faoliyatining asosiy yo‘nalishlari rejasi;
– O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Karantin va o‘simliklarni himoya qilish agentligi hamda Rossiya Federatsiyasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining Veterinariya va fitosanitariya nazorati bo‘yicha federal xizmati o‘rtasida fitosanitariya sohasida raqamli hamkorlik to‘g‘risida bitim;
– O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida 2024-2025 yillarga mo‘ljallangan karantin va o‘simliklarni himoya qilish sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar rejasi;
– O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Fan va oliy ta’lim vazirligi o‘rtasida “N.E.Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti” federal davlat byudjet oliy ta’lim muassasasi filialini tashkil etish to‘g‘risida memorandum;
– O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda Rossiya Federatsiyasi Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘rtasida sog‘liqni saqlashni tashkil etish masalalari bo‘yicha; tibbiyot maqsadidagi dori vositalarini, tibbiy buyumlarni va yuqori texnologik davolash usullarini tartibga solish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida bayonnomalar;
– O‘zbekiston Respublikasi hududida kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvlar;
– Toshkentda Butunrossiya tashqi savdo akademiyasining filialini ochish to‘g‘risida bitim;
– transport mashinasozligi, fuqarolik aviatsiyasi tizimlari sanoatini rivojlantirish, turizm almashinuvini oshirish, Toshkentda gumanitar loyihalarni amalga oshirish, agrologistika markazlari va zamonaviy kimyo quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha hamkorlik to‘g‘risida hujjatlar.
Oliy darajadagi muzokaralar yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin ommaviy axborot vositalari vakillari uchun bayonot berdilar.
Brifingda so‘zga chiqqan davlatimiz rahbari Vladimir Putinning Rossiya Federatsiyasi Prezidenti lavozimiga qayta saylanganidan keyingi ilk xorijiy tashriflaridan biri bo‘lgan ushbu tashrifini O‘zbekistonga va ko‘p millatli xalqimizga bo‘lgan alohida munosabat va hurmatning, shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikning bugungi yuqori darajasi va O‘zbekiston – Rossiya munosabatlarini chuqurlashtirishga bo‘lgan qat’iy intilishning tasdig‘i sifatida qabul qilayotganini ta’kidladi.
O‘zbekiston Prezidenti mazkur sammitga katta tayyorgarlik ko‘rilganini alohida ta’kidladi. Parlament vakillarining uchrashuvlari, siyosiy maslahatlashuvlar, ikki davlat hukumat delegatsiyalari o‘rtasidagi o‘zaro tashriflar samarali o‘tdi.
Har doimgidek an’anaviy ochiq, konstruktiv va do‘stona muhitda o‘tgan bugungi muzokaralarning natijalari katta mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yetakchilar ikki tomonlama kun tartibining barcha dolzarb masalalarini atroflicha muhokama qilib, delegatsiya a’zolarining asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha hisobotlarini tingladilar, xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashdilar.
Savdo-iqtisodiy sohada amaliy hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar tovar ayirboshlash hajmini yanada oshirish zarurligi borasida yakdil fikrga keldilar.
Davlatlar sanoat kooperatsiyasida jiddiy ilgarilagan. Muzokaralar davomida energetika, neft-kimyo, metallurgiya, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika va innovatsion tarmoqlar bo‘yicha aniq loyihalar ko‘rib chiqildi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq qo‘shma korxona muvaffaqiyatli faoliyat ko‘rsatmoqda. Bundan tashqari, loyihalar portfeli qariyb 45 milliard dollarni tashkil qiladi. Bu galgi tashrif doirasida 20 milliard dollarlik yangi loyihalar bo‘yicha kelishuvlar imzolangani alohida ta’kidlandi.
Hududlararo hamkorlik O‘zbekiston bilan Rossiya o‘rtasidagi iqtisodiy va gumanitar hamkorligining haqiqiy harakatlantiruvchi kuchi bo‘lib borayotgani alohida qayd etildi. Hududlar forumini Prezidentlar raisligidagi Hududlar kengashiga aylantirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Davlat rahbarlari energetika sohasidagi strategik hamkorlikni kuchaytirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tdilar.
O‘tgan yili Rossiya tabiiy gazini O‘zbekistonga yetkazib berish boshlangan edi. Muzokaralar davomida gaz, neft va neft mahsulotlarini yetkazib berish hajmini oshirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy korxonalar negizida uglevodorodlarni chuqur qayta ishlash loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Mamlakatimizda kam quvvatli atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha loyihani amalga oshirish to‘g‘risida bitim imzolandi.
– Dunyodagi deyarli barcha yetakchi davlatlar o‘z energetik xavfsizligi va barqaror rivojlanishini atom energetikasi hisobiga ta’minlamoqda. Agar biz O‘zbekistonning yangi taraqqiyot bosqichiga chiqish istiqbollari haqida o‘ylasak, katta miqdordagi uran zaxiralariga ega va uni uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakatimiz uchun bu loyiha hayotiy ahamiyatga ega, – dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Joriy yilda O‘zbekistonda Rossiyaning yirik madaniy tadbirlari, jumladan, kino kunlari o‘tkaziladi. Rossiyada O‘zbekiston madaniyati kunlari, ko‘rgazmalar va teatrlarimizning ijodiy safarlari bo‘lib o‘tadi.
Prezidentlar ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish ahamiyatini qayd etdilar. Ikki mamlakat yetakchi universitetlari va tibbiyot muassasalari o‘rtasida doimiy muloqot va samarali sheriklikni qo‘llab-quvvatladilar.
Muhandislik kadrlarini tayyorlash bo‘yicha qo‘shma ishlar boshlandi. Bu maqsadda tashkil etilayotgan Toshkentdagi Nikolay Bauman nomidagi Moskva davlat texnika universiteti filiali mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan yetakchi Rossiya universitetlarining o‘n beshinchisi bo‘ladi.
Migratsiya sohasidagi hamkorlik masalalari muzokaralarning alohida mavzusi bo‘ldi. Bu sohada o‘zaro hamkorlikning samarali mexanizmlari bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Tashqi siyosiy idoralar o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlarni davom ettirish, mintaqaviy va xalqaro tuzilmalar – Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida muloqotni chuqurlashtirish muhimligi tasdiqlandi.
An’anaviy va yangi tahdid va xatarlarga, birinchi navbatda, terrorizm, ekstremizm, uyushgan jinoyatchilik va narkotrafikka qarshi kurashish bo‘yicha vakolatli organlar va maxsus xizmatlar o‘rtasida yaqin hamkorlik masalalari O‘zbekiston va Rossiyaning diqqat markazida qoladi.
So‘zining yakunida davlatimiz rahbari muzokaralar natijalaridan mamnunligini bildirib, rossiyalik hamkasbiga o‘zi bilan O‘zbekistonga Rossiyaning asosiy vazirlik va idoralari, sub’ektlari rahbarlaridan iborat nufuzli delegatsiyani olib kelgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Rossiya Prezidentining O‘zbekistonga davlat tashrifi davomidagi sermazmun uchrashuvlar va samarali natijalar ikki tomonlama do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishi, davlatlararo hamkorlik tarixida yangi bob ochishiga ishonch bildirildi.
Ko‘ksaroy qarorgohidagi ikki tomonlama tadbirlar yakunida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin Faxriy mehmonlar xiyoboniga tashrif buyurdilar.
Bu yerda davlat rahbarlari O‘zbekiston va Rossiya xalqlarining do‘stligi, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari mustahkamlanib borayotganining ramzi sifatida birgalikda daraxt ekdilar.
Xiyobonda boshqa hamkor davlatlar yetakchilari tomonidan ekilgan daraxtlar ham o‘smoqda.
O‘zbekiston – Rossiya sammiti doirasida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Vladimir Putin Toshkent shahridagi «G‘alaba bog‘i» yodgorlik majmuasiga tashrif buyurdilar.
Ko‘p millatli xalqlarimiz ko‘p asrlik umumiy tariximiz va uning yorqin sahifalari, jumladan, Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabani alohida hurmat-e’tibor bilan yod etadilar.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida “Inson qadri uchun” tamoyili islohotlar dasturining mutlaq ustuvor yo‘nalishiga aylandi. Xususan, o‘zbekistonliklarning urush janggohlarida ko‘rsatgan qahramonligi va front ortidagi fidokorona mehnatini abadiylashtirish uchun davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2020 yil 9 mayda “G‘alaba bog‘i” ochildi.
Keng majmua bir nechta hududga bo‘lingan bo‘lib, har biri alohida mavzuga bag‘ishlangan – urush dahshatlari va askarlar qahramonligi, front ortidagi ishchilar matonati va fidoyiligi, qayg‘u va dard, shodlik va shukronalik.
Bu yerga tashrif davomida O‘zbekiston va Rossiya Prezidentlari halok bo‘lgan askarlarning xotirasini yodga oldilar va urush dastidan besh nafar o‘g‘lidan ayrilgan Zulfiya aya Zokirova xotirasiga o‘rnatilgan “Matonat madhiyasi” yodgorligi poyiga gulchambar qo‘ydilar.
Majmuaning eng yuqori nuqtasi – sun’iy tepalik cho‘qqisida “Abadiy jasorat” kompozitsiyasi – Sovet Ittifoqi Qahramoni general-mayor Sobir Rahimov va Ikkinchi jahon urushida qatnashgan barcha o‘zbekistonlik askarlar xotirasiga bag‘ishlangan yodgorlik o‘rnatilgan.
Tepalik ichida bog‘ning asosiy paviloni – O‘zbekistonning urushdagi ishtiroki tarixiga bag‘ishlangan Shon-sharaf muzeyi joylashgan.
Yetakchilar muzeyning boy ekspozitsiyasi bilan tanishib, shonli o‘tmishimiz haqidagi xotirani asrab-avaylash muhimligini ta’kidladilar. Tarixiy merosni e’zozlash yoshlarda vatanparvarlik ruhini tarbiyalash va xalqlar o‘rtasida madaniy aloqalarni mustahkamlashda muhim o‘rin tutishi alohida qayd etildi.
G‘alaba bog‘ining mahobati va salobati Rossiya delegatsiyasi a’zolarida katta taassurot qoldirdi.
Shu kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin raisligida O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Ta’kidlash joizki, bu platforma olti yil avval ikki davlat rahbarlari tomonidan ishga tushirilgan bo‘lib, qo‘shma Hududlararo hamkorlik forumi shaklida faoliyat yuritgan.
Hududlararo hamkorlikning jadal sur’ati, o‘zaro investitsiyalarning yuqori dinamikasi, qo‘shma loyihalar soni, shuningdek, hamkorlik sohalarini kengaytirish uchun katta salohiyatni hisobga olib, forum maqomini oshirish va uni Prezidentlar raisligidagi O‘zbekiston va Rossiya hududlari kengashiga aylantirishga qaror qilindi.
Kengash majlisini ochar ekan, davlatimiz rahbari Prezident Vladimir Putin va Rossiya delegatsiyasi vakillarini, jumladan, 30 ga yaqin hudud rahbarlari va 300 nafar yetakchi sanoat korxonalari, biznes vakillarini samimiy qutladi.
– Bunday hamkorlik yuqori samaradorlik bilan ajralib turadi, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi uzoq muddatli sheriklikni kengaytirishga xizmat qiladi, – deb ta’kidladi Prezidentimiz.
Oliy darajadagi muzokaralar samarali natijalar bilan yakunlangani, ikki davlat va xalqlar manfaatlari yo‘lida keng qamrovli sheriklikni kengaytirish va mustahkamlashga bo‘lgan umumiy intilishni ko‘rsatgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan beri barcha darajadagi, jumladan, ikki davlat hududlari o‘rtasidagi aloqalarning faollashgani alohida ta’kidlandi.
Shu ma’noda, hududlararo muloqotni yanada rivojlantirish va uni yangi amaliy mazmun bilan boyitishga alohida ahamiyat berilmoqda.
Bugungi kunda hududlar darajasida 4 milliard dollarlik 200 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda. Kengash majlisi doirasida 5 milliard dollarlik yangi shartnomalar to‘plami tayyorlangan.
Oliy darajadagi muzokaralar davomida tovar ayirboshlash hajmini yaqin yillarda 30 milliard dollarga yetkazish va kelasi yili 10 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirish bo‘yicha yangi maqsadlar belgilab olingani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Maqsadlarga erishishning asosiy harakatlantiruvchi kuchi aynan ikki davlat hududlari bo‘lishi lozimligini ta’kidlagan davlatimiz rahbari hamkorlikning qator ustuvor yo‘nalishlarini belgilab berdi.
Avvalo, o‘zaro savdoni ko‘paytirish. So‘nggi 7 yil ichida O‘zbekistonning Rossiya bilan tovar ayirboshlash hajmi 2,5 barobarga o‘sdi. O‘zaro yetkazib berish tarkibi, eng avvalo, yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar hisobiga sifat jihatidan yaxshilandi.
Asosiy hamkorlar qatorida Moskva va Sankt-Peterburg shaharlari, Tatariston, Moskva, Leningrad, Novosibirsk, Astraxan, Ivanovo, Chelyabinsk viloyatlari, Krasnoyarsk, Perm o‘lkalari, Boshqirdiston va boshqalar bor.
Kooperatsiya va import o‘rnini bosish loyihalarini oshirish hisobiga tovar ayirboshlash hajmini ko‘paytirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejalari qabul qilindi, bu jarayonga hududlar faol jalb qilinadi.
Savdo va kooperatsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun Rossiyada O‘zbekistonning to‘laqonli savdo vakolatxonasi ochiladi.
Investitsiya va texnologiyalar sohasidagi hamkorlik sur’ati yuqori baholandi. O‘zbekistonda uch mingdan ortiq Rossiya kompaniyalari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Energetika, kimyo va neft-kimyo, mashinasozlik, qishloq xo‘jaligi, logistika, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlarda loyihalar amalga oshirilmoqda. Toshkent viloyatida tataristonlik hamkorlar bilan birga ishga tushirilgan "Ximgrad" sanoat zonasi kengaytirilmoqda, Jizzax viloyatida uning filiali barpo qilinmoqda.
Rossiya hududlarining yetakchi korxonalari bilan kooperatsiya loyihalarini ilgari surish uchun yangi qo‘shma sanoat zonalarini tashkil etish rejalari qo‘llab-quvvatlandi.
Qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlikni kengaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatib o‘tildi. O‘zbekiston hududlarida agrologistika markazlari tarmog‘ini kengaytirish ishlarini davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
Hududlarga Rossiyada ulgurji-taqsimlash markazlarini rivojlantirish va qishloq xo‘jaligi ekinlarini birgalikda yetishtirib, keyinchalik yurtimizga yetkazib berish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Madaniy hamkorlik bo‘yicha uch yillik dastur qabul qilindi.
O‘zbekiston Prezidenti turizm almashinuvini kengaytirish muhimligini ta’kidladi. So‘nggi bir necha yilda rossiyalik turistlar soni 5 barobarga oshdi. O‘zbekiston va Rossiyaning barcha yirik shaharlari muntazam aviaqatnovlar bilan bog‘langan.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston va Rossiyaning tarixiy shaharlariga turistik yo‘nalishlar va sayohatlarni rivojlantirish bo‘yicha yangi qo‘shma dasturlarni qabul qilishni taklif etdi.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin mamlakatimiz bilan ko‘p qirrali munosabatlarning rivojlanishidagi ijobiy tendensiyalarni yuqori baholab, Rossiya va O‘zbekiston hududlari o‘rtasidagi mavjud ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashning muhim ahamiyatini ta’kidladi. Ishbilarmon doira vakillarini qo‘shma loyihalar va tashabbuslarni amalga oshirishda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Majlis doirasida bir qator yangi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlangani e’lon qilindi.
Umuman, kengash doirasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnik va gumanitar sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hududlararo hamkorlik hujjatlari va bitimlar to‘plami imzolandi.
Ziyodulla JONIBEKOV,
Ikrom AVVALBOEV,
O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 28.05.2024
- Ko'rishlar: 1554
- Chop etish