YUNESKOning Parijdagi bosh qarorgohida O‘zbekistonning YUNESKO Ijroiya kengashi a’zoligiga nomzodini rasman ilgari surishga bag‘ishlangan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova, O‘zbekistonning YUNESKO huzuridagi doimiy vakili Kamol Muxtorov va YUNESKO Ijroiya kengashi raisi Vera Lakey ishtirok etdi.
Uchrashuvda mamlakatning YUNESKO maqsadlariga sodiqligi va tashkilot faoliyatiga qo‘shayotgan doimiy hissasi e’tirof etildi. Mazkur uchrashuv chog‘ida O‘zbekiston 2027-2030 yillar davomida YUNESKO Ijroiya kengashi a’zoligiga nomzodini rasman ilgari surgani ma’lum qilindi.
Tomonlar madaniyatlararo muloqotni mustahkamlash, yangi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash va 2025 yil noyabr oyida Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan YUNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida muhokama qilinishi kutilayotgan loyihalar bo‘yicha ham fikr almashdi.
Jamg‘arma axborot xizmati xabariga ko‘ra, uchrashuvda O‘zbekistonning mazkur tashabbusi xalqaro madaniy hamkorlikka sadoqati va amaliy faoliyatining yorqin namunasi sifatida e’tirof etildi.
N.Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA
- Qo'shildi: 20.01.2025
- Ko'rishlar: 174
- Chop etish