2020 yil 13 oktyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi sessiyasida bo'lib o'tgan saylovlarda O'zbekiston milliy davlatchiligimiz tarixida ilk bor BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zoligiga uch yil muddatga — 2021-2023 yillarga saylandi. Mamlakatimiz uchun BMTga a'zo 193 davlatdan 169 tasi ovoz berdi. Bu saylovda eng ko'p ovoz berilgan davlat O'zbekiston bo'ldi.
Ushbu a'zolikning tarixiy ahamiyati nimada?
O'zbekistonning BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zoligining tarixiy ahamiyati quyidagilardan dalolat beradi.
Birinchidan. Bu — O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev oliy maqsad etib belgilagandek va o'zi orzu qilgandek yashashga intilayotgan, Harakatlar strategiyasida ko'rsatib berilgan yorug' istaklariga yarasha yangidan-yangi samaralarga erishayotgan yangi O'zbekiston xalqi qo'lga kiritgan yana bir olamshumul yutuqdir.
Ikkinchidan. Bu — davlat rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy strategiyasi ushbu sohada davlat siyosatini samarali amalga oshirish, inson huquqlari va erkinliklariga hurmat bilan munosabatda bo'lishni shakllantirish, xalqaro maydonda mamlakat nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qilayotganining yorqin dalolatidir.
Uchinchidan. Bu — Prezidentimiz rahbarligida O'zbekistonning mutlaqo yangilangan tashqi siyosatini amalga oshirish, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan har tomonlama hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish, Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari bilan munosabatlarni o'zaro do'stlik, yaxshi qo'shnichilik va strategik sheriklik ruhida sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish masalalariga alohida urg'u berilayotgani xalqaro hamjamiyat tomonidan yuksak e'tirof etilgani hamda qo'llab-quvvatlanayotganining o'ziga xos ifodasidir.
To'rtinchidan. Prezident Shavkat Mirziyoev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida ta'kidlaganidek, "Jamiyatni siyosiy, ijtimoiy va iqtisodiy modernizatsiya qilish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlarimiz natijasida yangi O'zbekiston shakllanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizdagi demokratik o'zgarishlar ortga qaytmaydigan tus oldi".
Yangi O'zbekistonning inson huquqlari sohasidagi izchil yangi siyosati
Davlatimiz rahbarining BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasidagi nutqida qayd etilganidek, keyingi to'rt yilda aholi va partiyalarning siyosiy faolligi, fuqarolik jamiyati institutlarining roli, ommaviy axborot vositalarining ta'siri tobora oshib bormoqda. Biz uchun gender tenglik siyosati ustuvor masalaga aylandi.
Inson huquqlari sohasidagi holat ham tubdan ijobiy tomonga o'zgardi. Majburiy va bolalar mehnati to'liq tugatildi. Inson huquqlari bo'yicha Milliy strategiya qabul qilindi. Bu jahon amaliyotidagi noyob hujjatdir.
BMTning fuqaroligi bo'lmagan insonlar sonini kamaytirishga qaratilgan chaqirig'iga javoban joriy yilning o'zida 50 ming yurtdoshimizga O'zbekiston fuqaroligi berildi.
Mamlakatimizda diniy erkinlik borasida ham vaziyat keskin yaxshilandi. Millatlararo totuvlik va dinlararo bag'rikenglik yanada mustahkamlanmoqda.
Sudlarning chinakam mustaqilligi va qonun ustuvorligini ta'minlashga yo'naltirilgan keng qamrovli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Korruptsiyaga qarshi murosasiz kurash yangi bosqichga ko'tarildi.
O'zbekiston so'nggi yillarda erishgan bu kabi muhim natijalarning barchasi BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi asosiy vazifalari bilan uyg'un va hamohang. Binobarin, mazkur Kengashning bosh vazifasi — erkinlik, qonun ustuvorligi va adolatni targ'ib qilishdir.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi qanday tashkilot?
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi 2006 yilda tashkil etilgan bo'lib, BMT Bosh Assambleyasining organi hisoblanadi. U o'z majlislarini muntazam, yilida kamida uch marta o'tkazadi.
Ushbu sessiyalardan biri asosiysi sanaladi va uning ishi o'n hafta davom etadi. Kengash a'zolarining uchdan bir qismi talabi asosida, jumladan, muayyan mamlakatlardagi inson huquqlari bilan bog'liq tashvishli ahvolni o'rganish maqsadida maxsus favqulodda sessiyalar ham chaqirilishi mumkin.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi qarorgohi Jeneva shahrida joylashgan. Kengashga 47 ta davlat a'zodir.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga a'zolik uchun beshta mintaqadan davlatlar tanlanadi. Ya'ni Osiyo-Tinch okeani, shu jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasidan — 13 a'zo, Afrikadan — 13 a'zo, Sharqiy Yevropadan — 6 a'zo, Lotin Amerikasi va Karib davlatlaridan — 8 a'zo, o'arbiy Yevropa va boshqa mintaqalar, jumladan, AЈSH, Kanada va Isroil davlatlari orasidan — 7 a'zo uch yil muddatga bevosita yashirin ovoz berish yo'li bilan saylanadi.
BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi delegatlari 13 oktyabr` kuni BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 15 ta a'zo davlatni sayladi. Ular safida O'zbekiston, shuningdek Buyuk Britaniya, Boliviya, Xitoy, Gabon, Kot-d'Ivuar, Kuba, Malavi, Frantsiya, Pokistan, Meksika, Nepal, Rossiya, Senegal va Ukraina bor.
Yangi a'zolarning vakolati 2021 yil 1 yanvardan boshlanadi.
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi sari yo'l
BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi jahon bo'ylab bu boradagi vaziyatni nazorat qilib, hukumatlarga ko'rsatma va tavsiyalar berib boradi. Eng muhimi, mazkur Kengashga a'zo har bir davlat o'z majburiyatlarini yodda tutishi, inson huquqlari va erkinliklari bilan bog'liq mezonlarga amal qilishda namuna bo'lishi lozim.
Shu ma'noda, O'zbekistonning BMT organiga a'zolik uchun intilgani bejiz emas. Bu samarador sa'y-harakat davlatimiz BMTning Inson huquqlari bo'yicha kengashi a'zosiga yuklatiladigan majburiyatlarni astoydil bajarish va inson huquqlarini global miqyosda himoya qilishga qat'iy bel bog'laganidan dalolatdir.
BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarga saylanishi uchun O'zbekiston nomzodini ilgari surish vazifasi davlatimiz rahbari tomonidan 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini "Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili"da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilab berilgandi.
Shu asosda o'tgan davrda kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi va izchillik bilan amalga oshirildi. Xususan, mavjud tartib-qoidalarga asosan nomzodlik BMT Bosh Assambleyasi ro'yxatidan o'tkazildi va diplomatik sa'y-harakatlar boshlab yuborildi.
2019 yil oktyabr` oyida esa, BMT Bosh Assambleyasining 60/251-sonli rezolyutsiyasiga muvofiq, BMTning "Inson huquqlari bo'yicha kengashiga 2021-2023 yillarda taqdim etiladigan Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar" hujjati tadqim etildi. Shuningdek, ushbu va'dalarni qisqa tahlil qiluvchi yana 2 ta hujjat tayyorlandi.
Mazkur hujjatlar BMT Bosh Assambleyasi va Inson huquqlari kengashida hamda O'zbekistonning diplomatik vakolatxonalari orqali a'zo-davlatlar o'rtasida keng tarqatildi.
O'zbekiston taqdim etgan "Ixtiyoriy majburiyatlar va va'dalar"da mamlakatda inson huquqlari sohasida erishilgan yutuqlar va amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birga, bu borada kelgusida bajariladigan vazifalar ham aks ettirilgan. Xalqaro, mintaqaviy va milliy doiralarda O'zbekistonning istiqboldagi majburiyatlari va rejalari batafsil taqdim qilingan.
Ushbu majburiyatlarni 2030 yilgacha bo'lgan davrda BMT Global kun tartibi doirasida amalga oshirish belgilangan. Shuni alohida ta'kidlash kerakki, bugungi kunga qadar rejadagi ayrim ixtiyoriy majburiyatlarni bajarishga kirishilgan.
O'zbekistonning Inson huquqlari bo'yicha kengash a'zosi bo'lishidan ko'zlagan maqsadi ezgu va xolis. Biz mamlakatimizda ham, jahon miqyosida ham huquq va qonun ustuvor bo'lishi, inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari har tomonlama ta'minlanishi, himoya qilinishi va rag'batlantirilishi tarafdorimiz.
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori
("Kuch - adolatda" gazetasi, 2020 yil 16 oktyabr)
- Qo'shildi: 16.10.2020
- Ko'rishlar: 4921
- Chop etish