Qizlarning miyasi pandemiyadan keyin o‘rtacha 4,2 yilga qaridi, o‘g‘il bolalarda esa bu ko‘rsatkich 1,4 yilni tashkil etdi, deyiladi Vashington universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda.
COVID-19 pandemiyasi o‘smirlar miyasining rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatib, uning qarishini tezlashtirgan bo‘lishi mumkin, deb xabar berdi CNN.
Vashington universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotga ko‘ra, bu qizlarda ko‘proq namoyon bo‘ldi — ularning miyasi pandemiyadan keyin o‘rtacha 4,2 yilga qaridi, o‘g‘il bolalarda esa bu ko‘rsatkich 1,4 yilni tashkil etdi.
“O‘smirlik davrida sezilarli ijtimoiy-hissiy rivojlanish bo‘ladi, shuningdek, miya tuzilishi va vazifalarida muhim o‘zgarishlar ro‘y beradi. Bosh miya po‘stlog‘i bolalikda tabiiy ravishda eng qalin darajaga yetadi, o‘smirlik davrida asta-sekin yupqalashadi va butun umr ingichkalashishda davom etadi”, — deb ta’kidladi tadqiqot mualliflari.
Bu kashfiyot ilk bor o‘smirlar miyasining qarishi jinsga qarab farqlanishini aniqladi, qolaversa pandemiya sharoitida miya tezroq qarishi haqida avvalgi tadqiqotlarga qo‘shimcha bo‘ldi.
“Ushbu natijalar o‘smir miyasining qanchalik zaifligini ko‘rsatadi. Bugungi kunda o‘smirlarni qo‘llab-quvvatlash har qachongidan ham muhimroqdir”, — dedi tadqiqot yetakchi muallifi, doktor Patrisiya Kul.
Olimlar o‘smirlarning pandemiyadan oldingi MRT ma’lumotlarini pandemiyadan keyingisi bilan solishtirgan. Natijada, olimlar qizlarning miyasi har ikki yarimsharda 30 ta sohada tezroq qariyotganini aniqladi. O‘g‘il bolalarda bunday o‘zgarishlar faqat ikkita sohada kuzatildi. Tadqiqotchilar bu o‘zgarishlarni kuchli stress ta’sirida organizm miyaning yetilishini tezlashtirishi va uning to‘liq rivojlanishiga zarar yetkazishi haqidagi faraz bilan bog‘lamoqda.
Ammo tadqiqotning kamchiliklari ham yo‘q emas. Masalan, olimlar nazorat guruhini shakllantirishga muvaffaq bo‘lmagan va taqqoslash uchun normal rivojlangan miyani topa olmagan, chunki pandemiya hammaga ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, ushbu mavzudagi oldingi tadqiqotlardan birining muallifi, doktor Ian Gotlib, tadqiqot uchun tanlangan namuna jinslar o‘rtasidagi farqlar haqida ishonchli xulosalar chiqarish uchun yetarlicha katta bo‘lmagan, deb taxmin qilmoqda.
Bu o‘zgarishlarni ortga qaytarish mumkinmi degan savol ochiq qolmoqda. Doktor Kulning taxminicha, o‘smirlar miyasining keyingi rivojlanishini kuzatish ularning pandemiyadan so‘ng tiklanish imkoniyatlarini tushunishga yordam beradi. U va boshqa mutaxassislar yoshlarning ruhiy salomatligini qo‘llab-quvvatlash muhimligini ta’kidladi. Buning uchun sifatli bevosita muloqot o‘rnatish, ijtimoiy tarmoqlarda vaqt o‘tkazishni cheklash usullarini qo‘llash mumkin.
“Pandemiya rasman tugagan bo‘lsa-da, uning o‘smirlar hayotiga ta’siri uzoq muddat davom etishi mumkin”, — deb xulosa qildi Kul.
Kun.uz
- Qo'shildi: 13.09.2024
- Ko'rishlar: 830
- Chop etish