10 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi qabul qilinganligining 71 yilligiga bag'ishlangan “Inson huquqlari oliy qadriyat” mavzusidagi davra suhbati o'tkazildi, deb xabar berdi uzmarkaz.uz sayti.
Markaz direktori Q.Burxanov boshqargan davra suhbatida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi bo'lim boshlig'i A.Mo'minov va Markaz mas'ul xodimi O'.Ochilov, Toshkent Davlat yuridik universiteti professori G.Yuldashev ishtirok etdi.
Anjumanda inson huquqlarini milliy va xalqaro darajada ta'minlashning dolzarb masalalari, hozirgi zamonda inson huquqlarini himoya qilish mexanizmlarining o'ziga xos xususiyatlari, O'zbekistonda inson huquqlari bo'yicha institutlarning rivojlanishi, inson huquqlarini himoya qilishda jamoat tashkilotlarining roli haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Davra suhbati qiziqarli, munozarali va mazmunga boy tarzda bo'ldi.
Markaz bo'lim boshlig'i A.Mo'minov “Inson huquqlari bo'yicha xalqaro standartlarning milliy qonunchilikka implementatsiya qilish” mavzusida ma'ruza qildi. Olimning qayd etishicha, xalqaro huquq normalarini milliy huquqqa implementatsiya qilish ko'p qirrali va ko'p bosqichli murakkab jarayondir. Xalqaro huquq normalarining milliy huquqqa to'la va samarali tatbiq etilishi uchun milliy huquqiy tizimlarda yuridik, moliyaviy va institutsional instrumentlardan iborat “kutib oluvchi yoki qabul qiluvchi infratuzilmalar” shay bo'lib turmog'i lozim.
Aks holatlarda, xalqaro huquq normalari va milliy huquqiy tizimlar orasida murosasiz to'qnashuvlar kelib chiqadi. Bunday to'qnashuvlardan qochish va xalqaro huquq bilan milliy huquq o'rtasida “do'stona
bahamjihatlikning” qaror topishi uchun quyidagilarga e'tibor qaratish taklif etiladi:
Birinchidan, xalqaro shartnomalarni ishlab chiqish jarayoniga milliy huquqiy tizim va xalqaro huquqqa oid bilimlarni puxta egallagan huquqshunos-mutaxassislarni jalb qilish;
Ikkinchidan, xalqaro shartnomalar imzolash, qabul qilish, ratifikatsiyalash, tasdiqlash yoki ularga qo'shilishdan oldin implementatsiya qilish imkoniyalarini chuqur o'rganib chiqish;
Uchinchidan, xalqaro huquq normalarini milliy huquqqa implementatsiya qilishda tegishli davlat organlarining vakolat va vazifalarini aniq belgilab berish lozim.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 12.12.2019
- Ko'rishlar: 5126
- Chop etish