Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-mart kuni Sirdaryo viloyatining Sayxunobod tumaniga tashrif buyurib, aholining yashash sharoitlari bilan tanishdi.
Safar asnosida davlatimiz rahbari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov bilan samimiy suhbatlashdi. Muloqotda diniy-ma’rifiy yo‘nalishlardagi ishlar, muborak Ramazon oyining fazilatlari haqida so‘z bordi.
Ma’lumki, 11-mart kuni butun islom ummati qatori yurtimiz musulmonlari ham bu qutlug‘ oyni xursandchilik bilan kutib oldilar. Ro‘zadorlar mamlakatimizdagi tinchlik va farovonlik sharofatidan ibodatlarini emin-erkin ado etmoqda, buning uchun Alloh taologa cheksiz shukronalar aytmoqda. Masjidlarda Qur’oni karim xatm etilib, xalqimizga osoyishtalik, fayz-u baraka tilab duolar qilinmoqda.
Muftiy bu ulug‘ ayyomda sabr-qanoat, xayr-u saxovat fazilatlari ziyoda bo‘lishini, yurtdoshlarimiz buni his qilib, savob amallarni ko‘p qilayotganini aytdi.
Prezidentimiz bu oyni yuksak darajada o‘tkazish, yurtimizdagi tinchlikni qadrlash va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi. Inson qadrini ulug‘lash maqsadiga muvofiq, xalqimiz manfaatlarini ta’minlash, muhtoj insonlarni qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini aytdi.
Tadbirkorlikni rivojlantirish, tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali qishloq aholisi turmushini yuksaltirish muhimligi ta’kidlandi. Yoshlarni bilim-ma’rifatli va vatanparvar etib tarbiyalash, ularni o‘qishga, mehnatsevarlikka undashning ahamiyati haqida suhbatlashildi.
Dastlab tumandagi Ittifoq mahallasida tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish orqali aholi daromadlarini oshirish chora-tadbirlari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar rahbarlari, 208 ta tuman va shahar hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, banklar va mahallalar vakillari qatnashdi. Davlatimiz rahbari odamlar yaxshi yashashga intilayotgani, ularga mablag‘ va ko‘mak berib, daromad manbai yaratish zarurligini ta’kidladi.
– Tadbirkorlik, bandlik, kambag‘allikdan chiqarishga katta mablag‘lar ajratayapmiz. “Mahalladagi yettilik”ni nima uchun tashkil qildik, kambag‘allikdan chiqarish tizimini nimaga xonadongacha olib bordik? Maqsadimiz – tomorqani ishlatib, xonadonda ishlab chiqarish qilib, ko‘chada xizmatlarni ko‘paytirib, har sotixdan 1-2 million so‘m daromad topishga o‘rgatish, – dedi davlatimiz rahbari.
Lekin Sayxunobodda natijalar bunday emas. Qishloq xo‘jaligi, qurilish va investitsiyaning tumandagi tizimi yetarlicha ishlamayapti, tadbirkorlik o‘smayapti.
Shu bois Sirdaryo viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari, Sayxunobod tumani hokimi va boshqa bir qator rahbarlar vazifasidan ozod qilindi.
Yig‘ilishda Sayxunobod tumani misolida hududlardagi muammolar va foydalanilmayotgan imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.
Xususan, davlat tomonidan banklarga katta resurs ajratilayapti. O‘tgan yili mahalladagi tadbirkorlik uchun Sayxunobodga 120 milliard so‘m berilgan. Tuman tadbirkorlari soliqdan 85 milliard so‘mlik imtiyoz olgan.
Lekin buning samarasi shunga yarasha emas. Xususiy sektorda yaratilgan rasmiy ish o‘rni bor-yo‘g‘i 968 taga ko‘paygan. 2023-yilda tumanda 167 ta yangi tadbirkor paydo bo‘lgan bo‘lsa, shuning yarmi hali ish boshlamagan.
Banklar faqat qaytimni o‘ylab, oson yo‘l bilan resurslarni doimiy mijoziga berayapti. “Men ham tadbirkor bo‘lay, mahallada ish o‘rni yaratay”, degan oddiy odamlar chetda qolib ketayapti. Kambag‘allikni yo‘qotish uchun ularga tayyor loyiha berilmayapti.
O‘tgan yili Sayxunobodda sanoat hajmi ham o‘smagan. 19 ta mahalladan 16 tasida yuqori qo‘shilgan qiymat yaratadigan birorta ishlab chiqarish yo‘q. Tayyor infratuzilmasi bor 16 ta bino va inshoot sotilmay turibdi. Xomashyo tayyorlash, borini qayta ishlash, odamlarni mahsulot ishlab chiqarishga o‘rgatish va kooperatsiya qilish bo‘yicha tashabbuslar yo‘q.
Tumanning eng katta zaxirasi ham, imkoniyati ham – yer. Sayxunobod aholi tomorqasi 20 sotixdan ortiq bo‘lgan 26 ta tumandan biri. Tomorqalarda asosiy ekin beda bilan makka bo‘lib qolgan. Sarxil meva-sabzavotlar yetishtirib, daromad olish, eksport qilish yo‘lga qo‘yilmagan.
Sayxunobodning 19 kilometr hududidan Sirdaryo oqib o‘tgani uchun “suv tekin” degan tushuncha o‘rnashib qolgan. Atigi 22 foiz yerlarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Sholichilik fermer xo‘jaliklari lazerli tekislanmagan. Kanallarni betonlash rejasi to‘liq bajarilmagani oqibatida 9 ta mahalladagi 5 ming gektar yerga suv kam borayapti.
Yig‘ilishda bu muammolarni hal etish va ishsizlikni kamaytirish choralari muhokama qilindi.
Avvalo, Sayxunoboddagi 17 mingta xonadondagi tomorqani ishga solish, kichik sanoat va xizmatlarni yo‘lga qo‘yish orqali aholini daromadli qilish vazifasi qo‘yildi. Buning uchun banklar hokim yordamchilari bilan birga 19 ta mahalla va 794 ta ko‘chani nomma-nom bo‘lib olib, “drayver” yo‘nalishlardan kelib chiqib, har biriga texnik iqtisodiy asos ishlab chiqadi.
Sayxunobodda ilk bor yangi tajriba qilinib, 19 ta mahallaning har biriga bittadan mini traktor, 4 tadan motokultivator olib berildi. Endilikda hokim yordamchilari “1 sotix tomorqadan kamida 1-2 million so‘m daromad” degan mezon asosida aholi uchun biznes reja ishlab chiqadi. Mahalladagi agronomlar bilan birga tomorqa yerlarini haydash va ekin ekish xizmatlarini ko‘rsatadi. Bu tajriba butun respublikada ommalashtiriladi.
Tomorqada yetishtirilgan mahsulotni sotib olish tizimini yo‘lga qo‘yish ham muhim masala. Shu maqsadda tumanda eksportga ko‘maklashuvchi korxona ochilib, ustaviga 1 milliard so‘m kiritiladi. Bu korxona 4 ming xonadonga serhosil qovoq, mosh, loviya, rozmarin, brokkoli, timyan urug‘larini yetkazadi, yetishtirilgan mahsulotni sotib olib, eksport qiladi.
Bundan tashqari, mahallada sotib olishni yo‘lga qo‘ygan eksportchi, ilg‘or tadbirkorlarga 300 million so‘mdan 1 milliard so‘mgacha grant beriladi.
Tumandagi 19 ta mahallaning har birida 10 tadan xonadonda namunaviy intensiv bog‘ yaratiladi. Kooperatsiya asosida ularga eskportchilar bog‘lanib, 2 ming tonnalik saqlash, saralash va qayta ishlash majmualari tashkil etiladi. Har bir namunaviy xonadon esa kelgusida qo‘ni-qo‘shnilarini ham bunga o‘rgatadi. Buning uchun hokim – bog‘ egasi – bank o‘rtasida uch tomonlama shartnoma tuziladi.
Mebel korxonalari uchun terak yetishtirish imkoniyati ham bor. Shu bois tumandagi 98 kilometr kanallar va drenaj tarmoqlari atrofidagi 100 gektar bo‘sh yerlar kooperatsiya asosida 500 ta xonadonga terak ekish uchun bo‘lib beriladi.
Sayxunobodda sanoat usulida yiliga atigi 60 ming parranda yetishtirilayapti. Bu juda kam. Shu bois 4 ta yirik parrandachilik fermasi tashkil etilib, 2 mingta xonadon bilan kooperatsiya yo‘lga qo‘yiladi. Natijada xonadonlarda yiliga 10 million parranda boqilib, qo‘shimcha 22 ming tonna parranda go‘shti yetishtirish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, Sirdaryo oqib o‘tadigan mahallalarda sun’iy havzalar qurib, baliq yetishtirishni ko‘paytirish, tomorqalarga uya tarqatib, asal eksportini yo‘lga qo‘yish vazifalari ko‘rsatib o‘tildi.
Chorvasini ko‘paytirish istagidagi oilalarga 400 gektar yer ozuqa uchun beriladi. Oilaviy tadbirkorlik dasturi doirasida qoramol, qo‘y va echki olish uchun 33 million so‘m imtiyozli kredit garovsiz, naqd pulda beriladi. Bu orqali tumandagi 1,5 ming xonadonga chorvani ko‘paytirish uchun sharoit yaratiladi. Bunday mahallalarda sutni yig‘ish shoxobchalari ishga tushiriladi.
Xonadonlarda kichik ishlab chiqarishni tashkil qilishga ko‘maklashish zarurligi ta’kidlandi. Shu maqsadda tumanda tadbirkorlik infratuzilmasini yaxshilashga 60 milliard so‘m beriladi. Bo‘sh turgan 21 ta inshootga investorlar jalb qilinib, foydalanishga kiritiladi. Farovon mahallasida 35 gektar maydonda kichik sanoat zonasi tashkil qilinib, kamida 100 million dollarlik sanoat loyihalari boshlanadi.
Davlatimiz rahbari Sayxunobodda o‘tgan yili birorta ko‘p qavatli uy qurilmaganiga to‘xtalib, bu bo‘yicha mutasaddilarga ko‘rsatma berdi.
Umuman, bu tizim orqali Sayxunoboddagi har bir mahalla, har bir ko‘cha, har bir xonadon qamrab olinishi ta’kidlandi. Mutasaddilarga ushbu yangi tizimni respublikaning barcha 9 ming 452 ta mahallasida yo‘lga qo‘yish topshirildi.
– Bu yil iqtisodiyotimizda hayotiy uyg‘onish va yuksalish yili bo‘ladi. Buning uchun joylardagi mutasaddilar fidoyilik bilan ishlab, hammani uyg‘otishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Yig‘ilishda hokimlar va sektor rahbarlari, iqtisodiy kompleks vakillari, mahalla raislarining hisobot va takliflari eshitildi.
Shundan so‘ng Prezident Shavkat Mirziyoyev Ittifoq mahallasidagi tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi omilkorlik bilan tanishdi.
Mamlakatimizda dolzarb masalalardan biri – bandlik. Iqtisodiy islohotlar yoki hududiy dasturlar bo‘lsin, barchasining zamirida ish o‘rinlari ochish, aholi hayotini yaxshilash maqsadi mujassam.
Bularning natijasida so‘nggi yillarda 2 million 400 ming aholi o‘zini o‘zi band qildi. Qariyb 2 million odam kambag‘allikdan chiqarildi. “20 ming tadbirkor 500 ming malakali mutaxassis” dasturi doirasida 455 ming aholining bandligini ta’minlash bo‘yicha shartnomalar imzolandi. Mahallabay asosda 51 mingta mikroloyiha amalga oshirilib, 206 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Ishsiz fuqarolar “Ishga marhamat” monomarkazlarida zamonaviy kasb-hunar va xorijiy tillarga o‘qitilmoqda.
Joriy yilgi Davlat dasturida 5 million aholining bandligini ta’minlash belgilangan. Shundan 2 milliondan ziyodi qishloq xo‘jaligi va tomorqachilik sohasiga to‘g‘ri keladi.
Shu yil 7-mart kuni davlat rahbari huzurida o‘tgan yig‘ilishda mahallalardagi imkoniyatlarni ishga solib, oilalarga daromad manbai yaratish tizimi muhokama qilingan edi. Bunda eng qulay va hammabop imkoniyat tomorqadan foydalanish ekani ta’kidlandi.
Prezidentimiz har doim mamlakat miqyosidagi dasturlarni, xayrli ishlarni eng og‘ir tumanlardan boshlash kerakligini aytadi. Bundan maqsad, avvalo, o‘sha yerdagi sharoitni yaxshilab, odamlarning og‘irini yengil qilish hamda, shuning barobarida, bunday tumanlarda nimalar qilish mumkinligini amalda ko‘rsatishdir.
Sayxunobod tumani ham ana shunday og‘ir hududlardan biri. Mahalliy byudjet xarajatining 60 foizi yuqori turuvchi byudjetdan hal bo‘layapti. Sababi tadbirkorlik o‘smayapti. Tumanda 2 ming 400 ta ishsiz bor. Kambag‘allik darajasi ham yurtimizdagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan yuqori.
Tumandagi Ittifoq mahallasida 6 ming 672 nafar aholi yashaydi. Uchta maktab, uchta bolalar bog‘chasi, poliklinika, o‘nlab tadbirkorlik va fermer xo‘jaliklari faoliyat yuritmoqda. Lekin bu bandlikni to‘liq ta’minlash uchun yetarli emas. Mehnatga layoqatli 100 kishi ishsiz. Xorijda ishlayotganlar, nogironligi bo‘lgan fuqarolar ham bor. O‘tgan yili aholini tadbirkorlikka jalb etish uchun 140 ta loyihaga kredit berilgan. 137 kishiga dehqonchilik qilish uchun uzoq muddatga yer ajratilgan.
Aslida, tuman aholisiga qo‘shimcha yer ajratish shart emas. Chunki Sayxunobod tomorqalar 20 sotix atrofida bo‘lgan 26 ta tumandan biri. Shundan ham to‘la foydalanilmayapti. Asosiy ekinlar beda bilan makka bo‘lib qolgan.
Jumladan, Ittifoq mahallasida umumiy tomorqa maydoni 185 gektar. Tumandan Sirdaryo oqib o‘tgani uchun suv ham yaxshi. Lekin sarxil mahsulotlar yetishtirib, ro‘zg‘orga baraka kiritish sust. Xususan, Farg‘ona vodiysi viloyatlarida 6 sotix tomorqadan olinayotgan daromad bu yerdagi katta tomorqalar mahsuldorligidan bir necha barobar ko‘p.
Shu bois Sayxunobod tomorqa va uy xo‘jaliklaridagi imkoniyatlarni to‘liq ishga solish bo‘yicha namunaga aylantirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining shu yil 5-martda qabul qilingan “Aholi xonadonlarida sanoat usulida mahsulot ishlab chiqarishni qo‘llab-quvvatlash hamda tomorqa va dehqon xo‘jaliklarida yangi zaxiralarni ishga solishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida katta imkoniyatlar belgilandi. Jumladan, 2024-yilda eksportbop va serdaromad ekinlar ekish, aholining bu sohadagi bilim va ko‘nikmalarini oshirish uchun 54 ta tumanda namunaviy o‘quv-tajriba maydonlari tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Shunday namunaviy tomorqalar Ittifoq mahallasida ham tashkil etildi. Davlatimiz rahbari ushbu xonadonlarni kirib ko‘rdi.
Masalan, Risolat G‘ulomova xonadonining 14 sotix tomorqasida shu paytgacha sabzi, sarimsoq piyoz ekilib, yerning o‘ttiz foiz imkoniyatidan foydalanilgan.
Hokimlik va mutasaddi tashkilotlar ko‘magida tomorqaga olma va tok ko‘chatlari, ularning orasiga turli ko‘katlar ekildi. Bunga qo‘shimcha tovuq, quyon, asalari va sog‘in sigir boqish yo‘lga qo‘yildi.
Bugun yurtimizda yoqilg‘isiz isiydigan issiqxonalar barpo qilish ommalashib borayapti. Davlatimiz rahbari bu tajribani ma’qullab, ularni ko‘paytirish, dehqonlarga tayyor holda qurib berish zarurligini aytgan edi. Risolat aya xonadoniga ham ikki sotixli issiqxona qurib berildi. Unga 30 tup limon, qator oralarida esa pomidor va qulupnay ekildi.
Davlatimiz rahbari shu yerda tomorqa egalari, mahalla faollari bilan suhbatlashdi.
– Xalqimiz o‘z hayotida sezishi uchun hamma ishlarni mahallada tashkil qilayapmiz. Endi davlat idoralarining butun imkoniyatlarini har bir ko‘chaga, xonadonga olib kiramiz. Masalan, mahallaga biriktirilgan bank mablag‘ berish bilan birga odamlarning dunyoqarashini ham o‘zgartiradi. Maqsadimiz xalqning daromadini oshirish, boy qilish. Albatta, oson bo‘lmaydi. Bu mashaqqatli mehnat, tinimsiz izlanish, yangi-yangi g‘oyalar degani. Lekin bajarsa bo‘ladi. Mezon bitta – iqtisodiy kompleks xalqning dardi bilan yashaydi, – dedi Prezident.
Mahalla faollari aholi, umuman, sayxunobodliklar tomorqadan bunday keng foydalanishga katta qiziqish bildirayotganini aytishdi. Mutasaddilar bu tajribani kengaytirishga, tomorqa egalariga ko‘maklashib, mahallalarni ishsizlikdan xoli qilishga va’da berdi.
Prezident shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga javob berdi.
Shu bilan davlatimiz rahbarining Sirdaryo viloyatiga tashrifi yakunlandi.
Ziyodulla JONIBEKOV, Ikrom AVVALBOEV, O‘zA muxbirlari
- Qo'shildi: 15.03.2024
- Ko'rishlar: 2326
- Chop etish