2019 yil 4 dekabr kuni Toshkent shahrida «Diniy jamoatlar va muayyan e'tiqodlarga amal qiladigan jamoatlarning huquq sub'ektiligiga doir rahbariy printsiplar» nashrining taqdimoti o'tkazildi.
Tadbir Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi bilan hamkorlikda tashkil etildi.
Taqdimotda Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo'yicha qo'mita, Tashqi ishlar va Adliya vazirliklari, Islom sivilizatsiyasi markazi, nodavlat notijorat tashkilotlari, diniy tashkilotlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Shuningdek, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ofisi xodimlari hamda YEXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo'yicha byurosi (DIIB) ekspertlari qatnashdi.
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori o'rinbosari Dilnoza Muratova, YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Elchi Jon MakGregor, YEXHT DIIBning Din va e'tiqod erkinligi masalalari bo'yicha katta maslahatchisi Kishan Manocha va boshqalar so'zga chiqdi. Muloqot davomida O'zbekistonda inson huquqlari, xususan, fuqarolarning din va e'tiqod erkinligini ta'minlashga katta e'tibor qaratilayotgani ta'kidlandi.
BMT, YEXHT kabi nufuzli xalqaro tashkilotlarning asosiy xalqaro-huquqiy hujjatlarida inson huquqlari va erkinliklarini irqiy, jinsiy, lisoniy, milliy, diniy mansubligi yoxud sog'ligi holatidan qat'i nazar barcha uchun rivojlantirish, inson qadr-qimmati va hurmatini ta'minlash hamda bu yo'ldagi murosasizlik ko'rinishlariga qarshi kurashishga doir vazifa va majburiyatlar bayon etilgan. Inson huquqlari bo'yicha xalqaro-huquqiy hujjatlar jahon hamjamiyatining har bir a'zosini inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini qaror toptirish, demokratiya va huquq tantanasi uchun bag'rikenglik bilan sa'y-harakat qilishga da'vat etadi.
Ushbu xalqaro-huquqiy andozalar 1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va uning asosida keyingi yillarda ishlab chiqilgan milliy qonunlarga implementatsiya qilingan. Bu ham O'zbekistonning o'z xalqaro majburiyatlarini izchillik va qat'iyat bilan amalda tatbiq etayotganining yana tasdig'idir.
Asosiy Qonunimizning 31-moddasiga ko'ra, “Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har bir inson xohlagan dinga e'tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e'tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo'l qo'yilmaydi”. Bugungi kunda Konstitutsiya va Harakatlar strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan shiddatli islohotlar zamirida “Jaholatga qarshi – ma'rifat” shiori o'z mujassamini topgan.
2018 yil 12 dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” nomli maxsus rezolyutsiya qabul qilindi. Natijada AQSH Davlat departamenti diniy erkinlik sohasida “alohida tashvishlantiruvchi” mamlakatlar ro'yxatidan O'zbekistonni chiqardi.
Ushbu rezolyutsiya O'zbekiston Prezidenti 2017 yil 12 sentyabrda BMTning 72-sessiyasi minbaridan ilgari surgan xalqaro tashabbuslardan biridir. Bu hujjatning asosiy maqsadi – barchaning ta'lim olish huquqini ta'minlashga, savodsizlik va jaholatga barham berishga ko'maklashishdan iborat.
2017 yil kuzida O'zbekistonga BMT Inson huquqlari bo'yicha kengashining Din va e'tiqod erkinligi bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Ahmad Shahidning O'zbekistonga tashrif buyurdi. Bu tashrifi yakunlari bo'yicha tavsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish masalalari bo'yicha xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish maqsadida 2018 yil 4 mayda parlamentimiz palatlari Kengashlarining qo'shma qarori bilan din yoki e'tiqodlar erkinligini ta'minlash yuzasidan “Yo'l xaritasi” tasdiqlandi va amalga oshirilmoqda.
Din va e'tiqodlar erkinligiga doir xalqaro-huquqiy hujjatlarning nashr etilishi ushbu sohadagi izchil amaliy ishlarning uzviy davomi hisoblanadi. Xususan, taqdimoti o'tkazilgan yangi qo'llanmadan YEXHTning Diniy jamoatlar va muayyan e'tiqodlarga amal qiladigan jamoatlarning huquq sub'ektiligiga doir rahbariy printsiplari matni o'rin olgan.
Bu hujjat Venetsiya komissiyasining 2014 yilgi 99-yalpi majlisida qabul qilingan. Bundan maqsad din yoki e'tiqodlar erkinligiga doir qonunchilikni ishlab chiqish va qo'llashda ishtirok etayotgan shaxslar, jumladan, fuqarolik jamiyati vakillariga diniy jamoatlar yoki muayyan e'tiqodlarga amal qiladigan jamoatlar maqomini e'tirof etish sohasidagi minimal xalqaro standartlarni o'zida jamlaydigan tayanch hujjatni taqdim etishdan iboratdir.
Rahbariy printsiplar YEXHT doirasida qabul qilingan majburiyatlar va inson huquqlari sohasidagi umum e'tirof etgan standartlarga asoslanadi. Undan barcha diniy uyushmalar yoki muayyan e'tiqodlarga amal qiladigan uyushmalar o'zlari istagan yuridik maqomni olishda foydalanishlari mumkin.
Ma'lumot uchun: 2019 yilda «Diniy jamoatlar va muayyan e'tiqodlarga amal qiladigan jamoatlarning huquq sub'ektiligiga doir rahbariy printsiplar» qo'llanmasi ilk bor o'zbek tilida chop etildi. Bu tashabbus Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan YEXHTning O'zbekistondagi Loyihalari muvofiqlashtiruvchisi ko'magida amalga oshirildi.
Yangi nashrga akademik Akmal Saidov mas'ul muharrirlik qilgan va so'zboshi yozgan. Matnni O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan jurnalist G'ulom Mirzo rus tilidan o'zbek tiliga tarjima qilgan. Qo'llanma davlat xizmatchilari, fuqarolik jamiyati institutlari faollari va keng jamoatchilikka mo'ljallangan.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 04.12.2019
- Ko'rishlar: 4982
- Chop etish