Senat aʼzolari qonunchilik faoliyati bilan birga hududlarda bo‘lib, nazorat-tahlil ishlariga ham alohida eʼtibor qaratib kelmoqda.
Senatning Agrar va suv xo‘jaligi masalari qo‘mitasi raisi Baxodir Tajiyev Davlat rahbarining hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur‘atlarini ta‘minlash bo‘yicha birinchi yarim yillik tahlili hamda yil yakuniga qadar ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalarning o‘z vaqtida va samarali bajarilishi ustidan ta‘sirchan parlament nazoratini amalga oshirish yuzasidan Xorazm viloyatida xizmat safarida bo‘ldi.
Unda joylardagi Senat aʼzolari bilan birgalikda Xorazm viloyatining Urganch, Yangibozor, Xiva,Gurlan, Xonqa tumanlarida bo‘lib, xotin-qizlarning bandligini ta‘minlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb qilish, ishsizlikni qisqartirish borasida qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.
Bundan tashqari, viloyat hokimi rahbarligida xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha Respublika komissiyasi tomonidan belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishda viloyat mutasaddi tashkilot rahbarlari hamda videokonferensaloqa shaklida shahar va tuman hokimlari, shuningdek, tashkilotlar mas‘ullari ishtirok etdi.
Bu borada xotin-qizlar bandligini ta‘minlash va tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar hamda belgilangan vazifalar batafsil tahlil qilindi.
Xususan, viloyatda 12 mingdan ortiq xotin-qizlar bo‘sh va yangi ish o‘rinlariga joylashtirilgan bo‘lsa, 3 mingdan ziyod xotin-qizlar yakka tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, 32 mingdan ortig‘i o‘zini o‘zi band qilingan.
Bundan tashqari 2 mingdan ortiq tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan ayollarga subsidiya, 8 mingdan ortig‘iga kredit ajratilgan. Viloyatda 2 minga yaqin xotin-qizlar hunarmandchilikka jalb qilinib, 18 mingga yaqini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitilgan.
Shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytgan 9 nafar xotin-qizning bandligi taʼminlanishiga ko‘maklashilgan.
Yig‘ilish yakunida xorijiy davlatlardan mehnat migratsiyasidan qaytgan, ta‘lim muassasalarini bitirgan xotin-qizlarning mehnat bozoriga kirib kelishini inobatga olgan holda ishsiz xotin-qizlarning ro‘yxatini yangilab borish hamda ularning bandligini ta‘minlash bo‘yicha mas‘ullarga topshiriqlar berilib, aniqlangan kamchiliklarni tezkorlik bilan bartaraf etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilandi.
O'zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
- Qo'shildi: 23.08.2024
- Ko'rishlar: 991
- Chop etish