Prezident Shavkat Mirziyoyev 24 sentyabr kuni kasbiy ta’limni rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Bu haqda shu yil 5 fevral kuni ijtimoiy sohalar bo‘yicha bo‘lib o‘tgan vidoselektor yig‘ilishida vazifa qo‘yilgan edi. O‘tgan vaqt mobaynida tizimning samaradorligi tanqidiy o‘rganilib, qo‘shimcha chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
Hozirgi kunda professional ta’lim tizimi uch turdagi muassasalar: 333 ta kasb-hunar maktabi, 227 ta texnikum va 112 ta kollejdan iborat. Ular tabaqalashganligi va dasturlari o‘rtasida uzviylik bo‘lmagani sababli mavjud quvvatlardan unumli foydalanilmayapti.
Shu bois mazkur 3 turdagi muassasalar negizida texnikumlar tarmog‘ini rivojlantirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, 600 ta texnikum tashkil etiladi. Maqbullashtirish natijasida bo‘shaydigan 71 ta muassasa binosi maktablarga aylantirilib, 42 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, ilgari kollejlar turli vazirlik va idoralarga qarashli edi. Endi bu tizimda boshqaruv, tashkiliy va metodik jihatdan yagona davlat siyosati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuritiladi.
Zamon talablariga tez moslashishi uchun texnikumlarning akademik mustaqilligini kengaytirish mo‘ljallanmoqda. O‘qish muddatlari va davomiyligini kasb murakkabligi va o‘quvchining ta’lim darajasiga qarab belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Texnikumlarda ta’lim sifati va jozibadorligini oshirish maqsadida xalqaro ta’lim dasturlari yo‘lga qo‘yiladi. Dastlab, tajriba tariqasida, 14 ta texnikumda Angliyaning “BTEC” dasturi joriy etiladi. Bitiruvchilarga 70 ta davlatda tan olinadigan diplom beriladi hamda 200 dan ortiq xorijiy universitetlarga kirish imkoni yaratiladi. Natijaga qarab, bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa texnikumlarga ham tatbiq etilishi mumkin.
Qabul jarayonini ish beruvchilar talabi asosida shakllantirish ham muhim. Shu maqsadda elektron platforma yaratilib, unga barcha vazirlik va tarmoqlar ulanadi. Texnikumlarning ta’lim dasturlari sanoat tarmoqlari, tadbirkorlar birlashmalari, yirik ish beruvchilar va uyushmalar bilan kelishilganidan so‘ng amaliyotga kiritiladi.
Taqdimotda Milliy malaka tizimini isloh qilish masalalari ham ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda bu borada muayyan ishlar qilindi. Lekin vazifalar undan-da ko‘p. Mingdan ziyod ishchi kasblarning standartlari ishlab chiqilmagan. Ayrim kasblar bo‘yicha kvalifikatsiyalar xalqaro talablarga mos kelmaydi.
Shu bois endi Kasbiy malaka va bilimlarni rivojlantirish respublika kengashiga Bosh vazir raislik qiladi. Uning tarkibida 24 ta yangi tarmoq kengashlari tuziladi.
Shuningdek, Ta’lim sohasidagi loyihalar ofisi huzurida Milliy malaka tizimini rivojlantirish instituti faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Institut rivojlangan davlatlar tajribasi asosida Milliy malaka ramkasini yangi tahrirda qabul qiladi. Lavozim va kasblar klassifikatori qayta ko‘rib chiqiladi, 100 ga yaqin zamonaviy kasblar kiritilib, hozir amaliyotda bo‘lmaganlari chiqarib tashlanadi.
Davlatimiz rahbari texnikumlarni jihozlar va ish qurollari bilan ta’minlash, zamon talablariga mos ishchi-mutaxassislar tayyorlash, buning uchun amaliyotga keng o‘rin berish yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi.
O‘zA
- Qo'shildi: 25.09.2024
- Ko'rishlar: 1424
- Chop etish