“Krokus”dagi qonli kechadan so‘ng Rossiyada umumiy xavfsizlik choralari yuqori cho‘qqiga chiqdi. Xususan, mamlakatda yangicha taftish boshlandi. Bu harakat RFdagi asosiy ishchi kuchi hisoblanadigan mehnat migrantlariga qaratilgan.
Qolaversa, xorijlik mehnat muhojirlariga nisbatan mahalliy aholi orasida sovuq munosabat kuchayib ketgani, politsiya tomonidan tekshiruv avj olgani ham ma’lum.
Ushbu voqealardan keyin Mehnat va aholini muhofaza qilish vazirligi migrantlar faoliyatini nazorat qiluvchi yangi tashkilot tuzish taklifi bilan chiqdi. Shuningdek, chet el fuqarolarining Rossiya hududida bo‘lishini nazorat qilish Ichki ishlar vazirligiga yuklatildi.
2-aprel kuni Vladimir Putin Ichki ishlar vazirligi hay’atining kengaytirilgan yig‘ilishida jamoat tartibini saqlash, ekstremizmga qarshi kurashish, noqonuniy migratsiyaga chek qo‘yish masalalariga jiddiy e’tibor qaratish bo‘yicha ko‘rsatma bergan, ayni masalaga yondashuvni tubdan yangilash zarurligini ta’kidlagan.
Putin fikricha, mamlakatga ruslarning urf-odati, davlat tarixi va tilini hurmat qiladiganlar kelishi, bu shart asosiy tamoyilga aylanishi lozim. Shuningdek, “Krokus”dagi so‘nggi fojia ksenofobiya va islomofobiya kuchayishiga yo‘l ochib bermasligi chorasini ko‘rish haqida ham so‘z borgan.
Prezident odamlar gavjum joylarda xavfsizlikni yangi bosqichga ko‘tarish zarurligini ham uqtirgan.
– Aftidan, kimdir mamlakatimizni zaif, deb hisoblagan, ular adashadi, – degan yig‘ilishda Putin.
3-aprel ma’lumotiga ko‘ra, hujum oqibatida vafot etgan bolalar 6 nafar, jami qurbonlar 145kishi.
Sardorbek Poyonov, Iskandar Ismatov,
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.
- Qo'shildi: 04.04.2024
- Ko'rishlar: 1869
- Chop etish