Yovvoyi hayvonlar uchun qish mavsumi eng muhim va mashaqqatli davr hisoblanadi. Chunki ularning qishdan betalafot o‘tib olishida tashqi muhitdagi xavf-xatar bilan birga, fiziologik holatida ham o‘zgarishlar yuz beradi.
Shuningdek, qish davrida baland tog‘li hududlarda yovvoyi hayvonlarning ovqatga, tuzga bo‘lgan talabi 2-3 marta ortishi ham kuzatiladi.
Yurtimizdagi barcha muhofaza etiladigan tabiiy hududlarda qish faslida yovvoyi hayvonlarning ozuqa topishini osonlashtirish maqsadida turli biotexnik tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, “Surxon” davlat qo‘riqxonasidagi barcha bo‘limlarning oziqlanish nuqtalarida kepak, 5 tonna tuz, “Hisor” davlat qo‘riqxonasida 1650 bog‘ dag‘al xashak, “Bobotog‘” milliy tabiat bog‘ida 50 bog‘ dag‘al xashak, “Yuqori To‘palang” milliy tabiat bog‘ida 500 bog‘ dag‘al xashak, tuz, kepak kabi mahsulotlar kerakli joylarga qo‘yilmoqda.
Bundan tashqari, yovvoyi hayvonlarga “Zomin” milliy tabiat bog‘ida arpa, kepak, tuz, 1000 bog‘ dag‘al xashak, “Nurota” davlat qo‘riqxonasida arpa, beda, tuz, “Chotqol” davlat biosfera qo‘riqxonasida 1 tonna tuz, 1 tonna kepak va 100 bog‘ dag‘al xashak, “Xorazm” milliy tabiat bog‘ida tuz, arpa, 5 tonna kepak va 200 bog‘ dag‘al xashak, Qizilqum davlat qo‘riqxonasida kepak, omuxta yem, tuz, 400 bog‘ dag‘al xashak berilmoqda.
“Saygachiy” majmua (landshaft) buyurtma qo‘riqxonasida 20 bog‘ dag‘al xashak, “Borsakelmas” davlat buyurtma qo‘riqxonasida bug‘doy, kepak, tuz, Zomin davlat qo‘riqxonasida arpa, kepak, pichan, tuz, “Omonqo‘ton” milliy tabiat bog‘ida qushlar uchun don, “Orolqum” milliy tabiat bog‘ida 500 kg makka doni, 300 bog‘ dag‘al xashak, “Zarafshon” milliy tabiat bog‘ida 100 dona presslangan somon va beda, 10 tonna kepak, “Janubiy Ustyurt” milliy tabiat bog‘ida kepak va dag‘al xashak, “Ugom-Chotqol” milliy tabiat bog‘ida 500 kg bug‘doy, 100 kg arpa, 300 kg omuxta yem, 38 kg tuz, “Orolbo‘yi” milliy tabiat bog‘ida bug‘doy, kepak, tuz va 600 bog‘ dag‘al xashak, “Quyi Amudaryo” davlat biosfera rezervatida omuxta yem, 1100 bog‘ dag‘al xashak, Buxoro ixtisoslashtirilgan “Jayron” pitomnigida arpa, beda, sabzi ildiz mevasi kabi mahsulotlar yoyib chiqilgan.
Shuningdek, “Oqtog‘-Tomdi” davlat qo‘riqxonasida 150 bog‘ dag‘al xashak, 250 kg omuxta yem, “Sudoche Akpetki” buyurtma qo‘riqxonasida 2 tonna kepak, 250 dona presslangan somon va beda, “Markaziy Qizilqum” milliy tabiat bog‘ida 2 tonna arpa, somon va presslangan beda, 300 kg tuz, “Pop” milliy tabiat bog‘ida esa kepak, tuz, beda hamda bug‘doy mahsulotlari yovvoyi hayvonlar uchun qulay hududlarga joylashtirilmoqda. Biotexnik tadbirlar kunlar ilib, yovvoyi hayvonlarning tabiiy yashash sharoiti yaxshilanguniga qadar davom ettiriladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA
- Qo'shildi: 30.01.2024
- Ko'rishlar: 2427
- Chop etish