Ommaviy tartibsizliklar paytida migrantlarni hibsga olib, qiynoqqa solgan politsiyachilar qamoq jazosini oldi.
Qozog‘istonning Olmaota shahri Qorasoy tumanida sud olti nafar politsiyachining har birini 2022 yil yanvarida mamlakatdagi ommaviy tartibsizliklar paytida qo‘llagan qiynoqlar uchun 3 yilga ozodlikdan mahrum qildi.
Jabrlanganlar orasida Tojikiston, O‘zbekiston va Qirg‘iziston fuqarolari ham bo‘lgani aytilmoqda.
Sud ma’lumotlariga ko‘ra, 2022 yil yanvarida 44 kishi, jumladan, migrantlar hibsga olingan va politsiyaning maxsus izolyatoriga joylashtirilgan, ular qiynoqqa solingan. Politsiyachilar aybi guvohlarning ko‘rsatmalari, ekspertiza natijalari va sudda taqdim etilgan boshqa dalillar bilan isbotlangan. Ta’kidlanishicha, hukm hali kuchga kirmadi, ayblanuvchilar apellyatsiya berishi mumkin.
Qozog‘istonda 2022 yil yanvar oyida ommaviy tartibsizliklar bo‘lib o‘tdi, namoyishchilar ma’muriy binolar, politsiya va harbiy xizmatchilarga hujum qildi. Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev davlat to‘ntarishiga urinish haqida e’lon qildi va KXShT kuchlaridan yordam so‘radi. 7 yanvarga kelib vaziyat barqarorlashdi, 19 yanvardan esa butun mamlakat bo‘ylab favqulodda holat bekor qilindi. Tartibsizliklar oqibatida 238 kishi halok bo‘ldi, 4,5 mingdan ortiq kishi jarohatlandi.
Kun.uz
- Qo'shildi: 20.01.2025
- Ko'rishlar: 131
- Chop etish