1-aprel – Xalqaro qushlar kuni
1-aprel dunyoning ko‘plab mamlakatlarida ekotizimlarning muhim ishtirokchilari bo‘lgan qushlarning turlari xilma-xilligi va sonini saqlab qolish maqsadida Xalqaro qushlar kuni sifatida nishonlanadi. U eng yoshi ulug‘ ekologik sanalardan hisoblanib, joriy yilda 122 marta nishonlanmoqda.
Qushlarni muhofaza qilishni maqsad qilgan kunni nishonlash dastlab 1894-yilda AQSHda paydo bo‘lgan, keyin Yevropaga kirib kelgan va hozirda bu yo‘nalishdagi tadbirlar ko‘plab mamlakatlarda YUNESKOning “Inson va biosfera” biologik dasturi doirasida o‘tkaziladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda qushlarni muhofaza qilish masalasi dolzarb ekologik muammolardan biriga aylanib ulgurgan. Dunyoda 10 mingga yaqin qush turidan 1 ming 200 dan ortig‘i yoki qushlarning har sakkizinchi turi Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining “Qizil ro‘yxati”ga kiritilgan.
Qushlarning tabiatdagi estetik ahamiyati katta. Shuningdek, ornitologlar aholini, agar yerda qushlar yo‘q bo‘lib ketsa, ekologik falokat yuz berishi borasida ogohlantirgan. Chunki qushlar ekotizimda muhim rol o‘ynaydi, ular changlatish va hasharotlar populyatsiyasini nazorat qilishda yordam beradi.
Afsuski, bugun shaharsozlik jarayonining jadallashishi natijasida millionlab daraxtlar kesib tashlanmoqda. Oqibatda qushlar makon quradigan “maskan”lar soni kamayib, ularning yo‘qolib ketish xavfi ortmoqda.
– O‘zbekiston ornitofaunasida qushlarning 19 turkumga oid 440 dan ortiq turi ma’lum, shundan 51 turdagi qush respublika Qizil kitobiga kiritilgan deydi Ekologiya, atrof –muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi Bioxilmaxillik siyosatini yuritish bo‘limi boshlig‘i Abdurashid Sodiqov.– Qushlarning tabiat va inson hayotidagi ahamiyati xilma-xil bo‘lib, o‘simliklarni changlantirish, ularning urug‘larini tarqatish, zararkunanda hasharotlar va kemiruvchilarni qirishdan iborat. Qushlarning tabiat va inson hayotidagi ahamiyati xilma-xil. Ammo shunday qushlar turi borki, bog‘lar va donli ekinlarga ziyon yetkazadi, yuqumli kasalliklar tarqatadi.
Yashash joyiga binoan qushlarni bir necha yirik o‘rmon qushlari, cho‘l va dasht qushlari, suv havzalari (suvda suzuvchi) qushlari, botqoq va sohil qushlariga, ular hayotining yil fasllari bo‘yicha o‘zgarishiga binoan uchib ketuvchi, ko‘chib yuruvchi va o‘troq qushlar kabi ekologik guruhlarga bo‘lish mumkin, Qushlarning uya qurish joyi va uya qurish usuli xilma-xil. Qushlar ovlanadi, bir qancha turlari xonakilashtirilgan.
Afsuski, qushlarning turi, soni tobora kamayib bormoqda. 17 asr boshlaridan buyon 100 ga yaqin qush turlari qirilib ketgan, bir qancha turlari yo‘q bo‘lib ketish arafasida turibdi.
Shuni alohida ta’kidlashim lozimki, qushlarni muhofaza qilishga oid harakatlar ancha uzoq yillar ilgari boshlangan.
Qadimgi Hindistonda miloddan 200-yil avval qushlar muhofazasi to‘g‘risida qonun mavjud bo‘lgan. Hozirgi hamma mamlakatlarda qushlar muhofazasi bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqilmoqda. Noyob va qirilib ketish xavfi ostidagi turlarni saqlab qolish maqsadida xalqaro mamlakatlar va regional Qizil kitoblar yaratilgan. Xalqaro konvensiya, bitim, memorandumlar tuzilgan. Maxsus fondlar tashkil etilgan. 1885-yil birinchi bo‘lib Qushlarni muhofaza qilish Odyubonov jamiyati tuzilgan.
1872-yil “Yellouston” milliy bog‘i (Amerika Qo‘shma Shtatalari), 1910-yil Shveysariyada tabiatni muhofaza qilish jamiyati ish boshlagan. 1913-yil tabiatni muhofaza qilish bo‘yicha birinchi xalqaro anjuman o‘tkazilgan. XX asrning II yarmidan boshlab qushlarning yashash joylarini saqlab qolishga e’tibor kuchaytirildi. Muhofaza qilish hududlari (milliy bog‘lar, qo‘riqxonalar) tashkil etila boshlandi. 1971-yil suv va botqoqlik hududlari muhofazasi bo‘yicha xalqaro konvensiya ishlab chiqilgan.
Mamlakatimizda ham yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi yovvoyi fauna va flora turlarini asrash bo‘yicha tegishli qonunlar qabul qilingan.
Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan “Qishda qushlarga ko‘mak” aksiyasi o‘tkazib kelinadi. Mazkur chora-tadbirlarning barchasi qushlarni asrash, ularning bioxilma-xilligini saqlab qolishga qaratilgan.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 01.04.2024
- Ko'rishlar: 2235
- Chop etish