Diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish elektron tizim orqali amalga oshiriladi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining 2021 yil 4 may kuni bo'lib o'tgan navbatdagi majlisida xalq vakillari “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o'qishda ko'rib chiqdilar.

Keyingi yillarda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha yo'nalishlarida amalga oshirilayotgan tub islohotlar bir necha yillar avval joriy etilgan, hozirda esa qator jihatlari bilan zamon talablariga moslashtirilishi taqozo etilayotgan normalarni qayta ko'rib chiqishni kun tartibga qo'ymoqda. Mazkur qonunga deputatlarimiz shu nuqtai nazardan yondoshib, unga o'zgartish va qo'shimchalar kiritishga qaror qildilar.

Shu tariqa qonunda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to'g'risidagi qonun hujjatlarini qo'llashda mavhum bo'lgan ayrim diniy atamalarga oydinlik kiritish, diniy tashkilotlarning huquq va majburiyatlarini aniq belgilash orqali ularning erkin faoliyatini yanada kafolatlash, diniy tashkilotni tuzish va davlat ro'yxatidan o'tkazish tartibini soddalashtirish, uni davlat ro'yxatidan o'tkazishda rad etish asoslarini aniq ko'rsatish, bu sohada tegishli davlat organlarining vakolatlarini belgilash, diniy tashkilotni tugatish, diniy tashkilotlarning o'tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlari haqida xabardor qilish, diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish, tarqatish va ularni davlat dinshunoslik ekspertizasidan o'tkazish tartiblari kabi normalar o'z aksini topmoqda.

Qonun loyihasini maromiga yetkazish jarayonida deputatlar jamoatchilikdan kelib tushgan takliflarni ham atroflicha o'rganib, ularning aksariyatini loyihadagi normalarga singdirdilar.

Loyihada diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish elektron tizim orqali amalga oshirilishi ham belgilanmoqda. Bu esa, ortiqcha ovvoragarchiliklarning oldini olishda muhim omil bo'ladi. Shuningdek, qayta tashkil etish yo'li bilan tuzilgan diniy tashkilotni ro'yxatdan o'tkazish masalasiga aniqlik kiritilib, uni amalga oshirishning tartib-taomillari aniq belgilab berilmoqda.

Shu bilan birga, diniy tashkilotni ro'yxatga olish uchun murojaat – u olingan kundan e'tiboran bir oy muddat ichida, diniy tashkilotni qayta ro'yxatdan o'tkazish uchun murojaat – u olingan kundan e'tiboran o'n besh kunlik muddat ichida ko'rib chiqilishi belgilanmoqda. Bundan tashqari, amaldagi qonunda diniy tashkilotni ro'yxatga olishni rad etish havolaki norma asosida belgilangan bo'lsa, yangi qonunda ro'yxatga olishni rad etish asoslari aniq sanab o'tilgan.

Deputatlarning ta'kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar sohasidagi munosabatlarni tartibga solinishini yanada takomillashtirishga, diniy tashkilotlarni tuzish va ularni davlat ro'yxatidan o'tkazish, qayta ro'yxatdan o'tkazish bo'yicha normalarni soddalashtirishga, diniy tashkilotlarning huquq va burchlari bilan bog'liq munosabatlarni tartibga soluvchi huquqiy asoslarning aniq belgilab qo'yilishiga xizmat qiladi.

Qizg'in muhokamalardan so'ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Manba: parliament.gov.uz

Powered by GSpeech