Bugun O‘zbekistondagi o‘quvchi va talabalar ilm dargohida yangi o‘quv yilini boshlar ekan, BMTning bolalar jamg‘armasi (YUNISEF) O‘zbekiston hukumatini izchil, dadil va shijoatli inklyuziv ta’lim dasturini olqishlaydi.
Shu bilan birga, keng jamoatchilikni, ota-onalar va o‘qituvchilarni maktablarni barcha bolalar uchun inklyuziv va xavfsiz qilishga chaqiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan tasdiqlangan 2020-2025 yillarda xalq ta’limi tizimida inklyuziv ta’limni rivojlantirish konsepsiyasiga muvofiq, bugungi kunda mamlakat bo‘ylab 530 dan ortiq maktabda 1195 nafar nogironligi bo‘lgan bolalar uchun eshiklar ochildi.
– Hukumat namunali, dadil va qat’iyatli sa’y-harakatlarni namoyish etib, mamlakat bo‘ylab xavfsiz va inklyuziv ta’lim uchun poydevor yaratmoqda, – dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Rehina Kastijio. – Biroq ehtiyojlar kun sayin ortib bormoqda. O‘sib borayotgan talabni qondirish uchun barchamiz tezkor va qat’iyatli bo‘lishimiz kerak. 2024-2025 o‘quv yilida 6,5 million nafardan ziyod o‘quvchi va 525 ming nafar o‘qituvchi yozgi ta’tildan so‘ng mamlakat bo‘ylab 1018 ta maktabga qaytadi. Jumladan, 670 ming nafar bola birinchi sinfga keladi. Bu ularning maktabga tayyorligini va o‘quv muhitiga moslashuvini ta’minlash uchun alohida e’tibor va qo‘llab-quvvatlashni talab qiladigan muhim voqeadir.
Faktlar va amaliyot shuni ko‘rsatadiki, inklyuziv ta’limni joriy etish ta’limning umumiy sifatini oshirishning asosiy omili hisoblanadi. Inklyuziv ta’lim o‘quv dasturiga emas, bolalarga yo‘naltirilgan bo‘lib, u har bir bolaning, xususan, nogironligi bo‘lgan bolalarning ehtiyojlarini qondiradigan pedagogikaga asoslangan. Bu ularning yaxshi natijalarga erishish imkonini kengaytiradi.
Masalan, qo‘shimcha ta’lim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalarning 98 foizi oddiy maktablarda o‘qishi sababli Portugaliya dunyodagi o‘ttizta eng yaxshi ta’lim tizimiga ega mamlakatlar qatoriga kiradi.
Dalillar shuni ko‘rsatadiki, ta’limning universal dizayni va shaxsiylashtirish, raqamli texnologiyalar va yordamchi qurilmalar orqali o‘rganishdagi to‘siqlarni bartaraf etish har bir bolaning ta’lim olish huquqini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, inklyuziv va xavfsiz maktablar mansublik va hurmat tuyg‘usini targ‘ib qilib, xilma-xillik, hamkorlik va jamoaviy ishga rag‘batlantiradi hamda o‘quvchilar o‘rtasida hamkorlik va tushunishni rivojlantiradi. Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, nogironligi bo‘lgan bolalarda o‘qish va matematika ko‘nikmalari kuchli rivojlanadi. Ularning davomat ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lib, xulq-atvori bilan bog‘liq muammolar kam va o‘rta maktabni bitirish ehtimoli ko‘proq bo‘ladi.
YUNISEF Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda «Inklyuziv ta’lim yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqmoqda. Uni amalga oshirish joriy o‘quv yilidan boshlanadi. Ushbu yo‘l xaritasi nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ta’lim olish imkoniyatini kengaytirish va mamlakat bo‘ylab yuqori sifatli inklyuziv maktablar modellarini yaratish bo‘yicha aniq sa’y-harakatlarni belgilab beradi.
– Hozirda bolalar maktabga qaytar ekanlar, xavfsiz va inklyuziv maktablarga e’tibor qaratilayotganidan mamnunmiz, – dedi Kastijio xonim. – Biroq maktablarni xavfsiz va inklyuziv qilish ishiga barcha o‘z hissasini qo‘shishi kerak. Oilalar o‘z farzandlarini inklyuziv maktablarga olib kelishlari, o‘qituvchilar va maktablar bolalarni o‘qitish, qabul qilish va o‘z ichiga olishga tayyor bo‘lishi, mahalla faollari esa hamjamiyatda nogironligi bo‘lgan bolalarga nisbatan stigma va kamsitish holatlariga barham berishga undashlari zarur.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA
- Qo'shildi: 05.09.2024
- Ko'rishlar: 873
- Chop etish