Munosabat
Mamlakatimizda ekologik vaziyatni tubdan yaxshilash, inson hayotiga ta’sir o‘tkazuvchi ekologik muammolarni bartaraf etishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida ham yuqori samaradorlikka ega chang-gaz tozalash uskunalari va lokal suv tozalash inshootlarini o‘rnatish hamda mavjudlarini modernizatsiya qilish, 14 ta ekologik toza hudud rejimini joriy qilish belgilangan.
Shuningdek, shaharlar bosh rejalarini tuzishda ular hududining kamida 30 foizini yashil maydonlar tashkil etishi belgilangan. Turar joy binolarini qurishda yashil maydonlar aholining soniga mutanosib bo‘lishini ta’minlash hamda atrof-muhitni kuzatish, uning ifloslanish darajasini prognoz qilish tizimini rivojlantirish nazarda tutilgan.
Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, ekologik barqarorlikni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlar belgilab berilgan bo‘lishiga qaramasdan so‘nggi bir oy ichida Toshkent shahri havosining ifloslanish ko‘rsatkichlari ortib ketganligi bilan bog‘liq holatlar kuzatilgan. Bu keng jamoatchilik tomonidan keskin tanqid qilinib, faollar tomonidan holatni yaxshilash yuzasidan qator takliflar ilgari surib kelinayotgan edi.
Jumladan, IQAir portali ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yil 3 yanvar oqshomida poytaxt havosi tarkibidagi PM 2,5 konsentratsiyasi miqdori 173 mikrogrammga yetgan. Natijada havoning ifloslanish darajasi JSST belgilagan me’yordan 35 barobarga ortib, Toshkent shahri havo ifloslanishi reytingida dunyo shaharlari orasida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Ushbu salbiy holat vaqti-vaqti bilan takrorlanishda davom etayotganligi kishini tashvishga solmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, havodagi PM 2,5 konsentratsiyasi miqdorining oshib ketishi aholi orasida saraton kasalligi xavfi 22, ovqat hazm qilish tizimi saratoni 42, ko‘krak bezi saratoni 80, o‘pka saratoni esa 36 foizga oshishiga, aholi orasida allergik kasalliklar ko‘rsatkichi ortishiga olib kelishi mumkin.
Kuni kecha davlatimiz rahbari boshchiligida bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida ekologiya sohasidagi dolzarb masalalar chuqur tahlil qilinganligi va kechiktirib bo‘lmas vazifalar belgilab berilganligi kishilar ko‘nglidagi xavotirlarni aritishga xizmat qildi desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Xususan, bugungi kunda sanoat korxonalari va avtomobillar atmosferaga yiliga 2 million tonnadan ziyod ifloslantiruvchi moddalar chiqarmoqda. Ayniqsa, poytaxtda, Olmaliq, Nurafshon, Ohangaron, Angren, Bekobod va Quvasoy shaharlarida havodagi ifloslantiruvchi moddalar miqdori boshqa hududlarga nisbatan ancha ko‘p.
Yana bir achinarli holat sanoat korxonalarining atrof-muhitga bo‘lgan ta’sirini kamaytirishga qaratilgan bir qator huquqiy hujjatlar qabul qilinib, mas’ullar tomonidan tegishli ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsada, hududlardagi ayrim korxonalarda haligacha 10 yildan ortiq ishlatilayotgan chang-gaz tozalash uskunalari mavjudligidir.
Bugungi kunda atrof-muhit havosi ifloslanishidagi asosiy omillardan yana biri bu aksariyat hollarda qurilish ob’ektlari va loyihalarining ekologik ekspertizadan o‘tkazilmasdan amalga oshirilayotganligidir. Endilikda, 1 apreldan boshlab har bir hududning havo, suv va atrof-muhit ifloslanishi darajasiga qarab tuziladigan reytingi joriy qilinadi. Joylarda ekologik vaziyatni yaxshilash bo‘yicha har bir tuman va shaharning “master-reja”si ishlab chiqilib, yil yakunida hudud va tarmoqlarning ekologik reytingi va ekologik pasporti e’lon qilib boriladi.
Shuningdek, Toshkent va Nukus shaharlari, viloyat markazlari hamda sanoatlashgan 20 ta tumanda avtomatik havo monitoringi stansiyalari o‘rnatiladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, ushbu talabning hayotimizga tatbiq etilishi, ekologik holatni yaxshilash bilan birgalikda, Bosh qomusimizning 49-moddasida belgilanganidek, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqini ta’minlaydi.
Qolaversa, davlatning fuqarolar ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratish majburiyatining ham bajarilishiga olib keladi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda respublikada ekologik vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasining amalga oshirib kelinayotganligi ham o‘zining ijobiy natijasini bera boshladi. Buning natijasini, ayniqsa, cho‘l hududlar misolida ko‘rish mumkin.
Endilikda, yirik qurilish materiallari, energetika, metallurgiya korxonalari tomonidan 5 gektardan “yashil belbog‘” yaratilib, jami 10 million tup daraxt ekiladi. Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi viloyat hokimlari bilan birga “noqonuniy kesilgan har bir daraxt o‘rniga 100 ta ko‘chat ekish” tizimini joriy qiladi. Ohangarondagi 23 gektar va Yangiyo‘ldagi 37 gektarda joylashgan sobiq chiqindi poligonlari hududida esa “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi.
Kelgusi besh yil davomida Toshkent shahri va unga tutash Toshkent viloyati tumanlarini to‘liq yashillik bilan qoplashni nazarda tutuvchi kamida 3 ming gektar “yashil belbog‘” va 200 gektar “yashil bog‘lar” tashkil qilinadi. Poytaxt ko‘chalarida atmosfera havosining sifat ko‘rsatkichiga ta’sirini o‘rganib borib, doimiy e’lon qilib boradigan tablo va monitorlar o‘rnatiladi. Shuningdek, poytaxt ko‘chalarida transport vositalari va tirbandliklarning ekologiyaga bo‘lgan ta’sirini kamaytirish choralari ham ko‘rib boriladi.
Umuman olganda, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi barchamiz uchun hayot-mamot, ertangi kunimiz va kelajagimizni belgilab beruvchi muhim omillardan biridir. Albatta, ushbu muammoga davlat rahbari boshchiligida alohida e’tibor qaratilishi, jamoatchilik fikridan kelib chiqqan holda vazifalarning belgilab olinishi, o‘ylaymizki qisqa fursatlarda o‘zining ijobiy natijasini ko‘rsatadi.
Maxfirat XUSHVAQTOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.
O‘zA
- Qo'shildi: 31.01.2024
- Ko'rishlar: 2509
- Chop etish