Mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatdagi faolligini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, sog‘lig‘ini saqlash, tadbirkorlikka keng jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Gender tenglik masalasiga ustuvor ahamiyat qaratilayotir.
Ushbu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlar natijasi o‘laroq, O‘zbekistonda xotin-qizlarning davlat boshqaruvidagi ulushi 2017 yildagi 27 foizdan 35 foizga ko‘tarildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining 32 foizi, Senat a’zolarining 25 foizi ayollardan iborat. Ishbilarmon ayollar safi ikki barobar kengayib, o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan ayollar soni 205 mingdan oshdi.
Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Samarqand shahrida o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlari forumi yurtimizda xotin-qizlarga qaratilayotgan e’tiborning namunasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Osiyoning yetakchi ayol rahbarlari, 30dan ortiq xorijiy davlatdan nufuzli mehmonlar, 40 nafardan ortiq xorijiy davlatning mamlakatimizdagi vakolatxonalari hamda xorijiy tashkilotlar vakillari, ishbilarmon, olima, siyosatshunos ayollar ishtirokidagi mazkur forum xotin-qizlarni yanada qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy sa’y-harakatlarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Anjumanda ishtirok etayotgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Tursunoy Muratova forum haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:
— Bugungi kunda opa-singillarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilib, bu borada 40 dan ziyod normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. O‘zbekiston xotin-qizlarni kamsitish va ta’qib qilishning barcha shakllaridan huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy himoya etishni nazarda tutuvchi xalqaro shartnomalarga qo‘shildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ta’minlash belgilab qo‘yildi. Xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlash maqsadida 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi tasdiqlandi. Ushbu sa’y-harakatlar, qabul qilinayotgan me’yoriy-huquqiy hujjatlar o‘zbek ayolining ham oila, ham jamiyatdagi nufuzini yuksaltirishga xizmat qilayotir.
Samarqand shahri mezbonligida o‘tkazilayotgan Osiyo xotin-qizlari forumi Prezidentimiz tashabbusining amaldagi ro‘yobi bo‘lib, mintaqa mamlakatlari yetakchi ayollarining bunyodkorlik salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ularning davlat va jamiyat boshqaruvi hamda iqtisodiyotdagi ishtirokini yanada kengaytirishda o‘zaro tajriba almashish, muhim mavzularda fikrlashish imkoniyatini taqdim etgani bilan nihoyatda ahamiyatli bo‘ldi.
Ushbu nufuzli anjumanning birinchi kunida xotin-qizlarning fan, ta’lim va innovatsion faoliyatdagi ishtirokini ta’minlash, raqamli texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirish, hozirgi global iqtisodiyotda ularning imkoniyatlarini kengaytirish orqali kambag‘allikni qisqartirish, gender tenglik, ayollar va bolalarga nisbatan kamsitishning barcha shakllariga barham berish, jamiyatda ularning ishtirokini rag‘batlantirishga oid bir qator masalalar keng muhokama qilindi.
E’tiborlisi, olima va siyosatshunos ayollar tomonidan xotin-qizlarning ta’lim olishlarini qo‘llab-quvvatlash, bu boradagi to‘siqlarga barham berishga qaratilgan aniq taklif va tavsiyalar ilgari surildi. Shuningdek, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda xotin-qizlar ishtiroki masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Ishonchim komilki, Samarqand forumida bildirilayotgan fikr-mulohaza va tavsiyalar qit’amiz xotin-qizlari uchun har tomonlama foydali va manfaatli bo‘ladi.
O‘zA muxbiri
Muhtarama Komilova
tayyorladi.
- Qo'shildi: 14.05.2024
- Ko'rishlar: 1642
- Chop etish