Saylov - 2024
Xabaringiz bor, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari Kengashlari deputatlarining vakolat muddati 2024 yil tugashini inobatga olib, joriy yil 27 oktyabrda saylov o‘tkazilishi va saylov kampaniyasi 26 iyuldan boshlanishi haqida qaror qabul qilingan.
Ta’kidlash joiz, mazkur saylov Qomusimizda belgilab berilgan mutlaqo yangi ijtimoiy-siyosiy muhitda o‘tkazilyapti.
Umuman, so‘nggi yillarda Yangi O‘zbekiston sharoitida har bir soha, xususan saylovni tashkil etish va o‘tkazish jarayonida ham ulkan o‘zgarish, yangilanish yuz beryapti.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada,“Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmonida, “O‘zbekiston-2030” strategiyasida, “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga saylov va referendum o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun va boshqa muhim hujjatlarda saylov tizimi bilan bog‘liq zarur qoidalar mustahkamlandi, ayni yo‘nalishda tegishli maqsad va vazifalar belgilab berildi.
Konstitutsiyaing 128-moddasida fuqarolar davlat hokimiyati vakillik idoralariga saylash va saylanish huquqiga egaligi, har bir saylovchi bir ovozga egaligi hamda ovoz berish huquqi, o‘z xohish-irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi aniq, tiniq mustahkamlab qo‘yildi.
2019 yil Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda fuqarolarimiz saylovchi sifatida ishtirok etib, yangi tartib-qoidalar asosida ovoz berdi.
Birinchidan, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati mamlakat miqyosida qo‘llandi. Mazkur ro‘yxatga saylov huquqiga ega 20,5 milliondan ziyod fuqaroga oid ma’lumot kiritildi. Ikkinchidan, O‘zbekiston Respublikasi MSK rasmiy veb-sayti orqali saylovchiga tegishli ma’lumot bilan tanishish imkoni yaratildi. Uchinchidan, ijtimoiy xavfi yuqori bo‘lmagan va yengilroq jinoyat sodir etgan 4 308 nafar shaxs saylovchilar ro‘yxatiga kiritildi va ovoz berish jarayonida qatnashdi. To‘rtinchidan, Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatidan iborat tarkibi to‘laqonli umumxalq saylovida to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan saylandi. Ilgari Qonunchilik palatasining 15 deputati O‘zbekiston Ekologik harakati yuqori organida o‘z vakillari orasidan saylanar edi.
Rivojlangan davlatlarda siyosiy partiyalar pozitsiyasi, g‘oya va maqsadlariga qarab ovoz berish tendensiyasi yil sayin kuchayib borishi kuzatilmoqda. Shu ma’noda davlatimiz rahbari tomonidan parlament saylovida majoritar tizimdan aralash – majoritar-proporsional tizimiga o‘tish masalasi taklif etilgani bejiz emas.
Ta’kidlash lozim, 2023 yil 18 dekabrda kiritilgan o‘zgarish va qo‘shimchalardan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining 70-moddasida siyosiy partiyalar uchun deputatlikka nomzod ko‘rsatish tartibi belgilab qo‘yilgan. Ya’ni, bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha deputatlikka 75 nafar – har bir saylov okrugidan bir nomzod, partiya ro‘yxati bo‘yicha 75 nafardan kam bo‘lmagan, yuz nafardan ko‘p bo‘lmagan deputatlikka nomzod ko‘rsatish vakolati berilgan.
Umuman, xalqaro tajribada saylov tizimining majoritar, proporsional va aralash turlari mavjud.
Majoritar saylov tizimida saylovchi tegishli okrug bo‘yicha nomzodi ko‘rsatilgan aniq bir shaxsga ovoz beradi, ko‘pchilik ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi.
Proporsional saylov tizimiда saylovchi muayyan shaxsga emas, balki nomzodlar ro‘yxati oldindan shakllantiriladigan partiyaga ovoz beradi. Ya’ni mazkur tizimda saylovchi siyosiy partiya uchun ovoz beradi.
Aralash saylov tizimi esa majoritar va proporsional tizim yig‘indisi hisoblanadi. Bunda mandatlarning bir qismi proporsional, boshqa qismi majoritar tizim orqali taqsimlanadi.
Endilikda Qonunchilik palatasining 150 nafar deputatidan 75 nafari bir mandatli hududiy okruglar bo‘yicha saylansa, qolgan yarmi siyosiy partiyalar ro‘yxati asosida saylanadigan bo‘ldi. Mazkur o‘zgarish siyosiy partiyalar o‘rtasida sog‘lom raqobatni kuchaytirish asnosida fuqarolarning siyosiy jarayondagi ishtiroki kengayishiga xizmat qiladi. Siyosiy partiyalarning o‘z saylovchilari oldidagi mas’uliyati va hisobdorligini kuchaytiradi.
Saylovning o‘ziga xos jihatlaridan yana biri siyosiy partiyalar roli ortgani va fuqarolar uchun o‘z xohish-irodasini izhor etish imkoni yaratilganidir. O‘z navbatida, deputatlik mandatiga kimlar nomzodini taklif etishi, deputatni saylashda saylovchilarning qay miqdordagi ovozi zarurligi, nomzod taklif etgan siyosiy partiyalar orasida deputatlik mandati qanday taqsimlanishi, saylovni tashkil qilish tartibi va natijani aniqlashning qonuniyligi kafolati ta’minlanadi.
O‘zbekistondagi saylov jarayonida majoritar saylov tizimi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Ko‘pchilik ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadigan mazkur tizimda bir necha ovoz berish usuli bor.
Mutlaq yoki nisbiy ko‘pchilik ovoz berish usuli nima?
Jahon tajribasida majoritar saylov tizimining uch turi mavjud: mutlaq, nisbiy va malakali ko‘pchilik.
Birinchi holatda mutlaq ko‘pchilik ovoz to‘plagan nomzod saylanadi – 50+1 foiz ovoz mutlaqn hisoblanadi. Ikkinchi holatda raqiblariga nisbatan ko‘p, ya’ni nisbiy ko‘pchilik ovoz olgan nomzod g‘olib, deb topiladi. Uchinchi holatda g‘olib oldindan belgilangan – malakali ko‘pchilik ovozni to‘plashi kerak, yarmidan ko‘p ovoz – 2/3, 3/4 va hokazo.
Mutlaq ko‘pchilik ovoziga asoslangan tizimda yaqqol ustunlikka ega bo‘lgan, ya’ni 50 foizdan ko‘p ovoz olgan nomzod e’tirof etiladi. Nomzodlarning hech birida mutlaq ko‘pchilik ovoz bo‘lmasa, ikkinchi tur tashkil etiladi. Bu bosqichga odatda eng ko‘p ovoz olgan ikki nomzod chiqadi. Ikkinchi turda mutlaq ko‘pchilik ovoz olgan da’vogar g‘olib hisoblanadi. Bu tizim, xususan, Fransiyada barcha darajadagi deputatlar saylovida, shuningdek Misr, Eron, Turkmaniston, Qirg‘iziston davlatlarda qo‘llanadi.
Masalan, Fransiya parlamenti ham saylanadigan organ hisoblanadi. Milliy Assambleyaga aralash majoritar tizimdan foydalangan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumiy saylov huquqi yo‘li bilan 5 yil muddatga saylanadi. Demak, birinchi turda saylanish uchun berilgan ovozlarning mutlaq ko‘pchiligini olish kerak. Okrugdan bir deputat saylanadi.
Hech kim ko‘pchilik ovozga ega bo‘lmasa, bir haftadan keyin o‘tkaziladigan ikkinchi turda birinchi turda ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar sonining kamida 12,5 foizi ovozini olgan nomzodlar ishtirok etishi mumkin.
Ikkinchi turda yutish uchun nisbiy ko‘pchilik ovoz olish kifoya.
Ushbu tizim amalda bo‘lgan mamlakatlarda, odatda, tasdiqlash uchun asos bo‘ladigan saylovda saylovchilar ishtirokining quyi foizi belgilanadi. Agar qonun yoki boshqa normativ xujjatlarda belgilangan miqdorda ovoz beruvchi qatnashmasa, saylov o‘tmagan hisoblanadi. Bizning qonunchilikda bu talab 33 foiz.
Mutlaq ko‘pchilik ovozga asoslangan majoritar tizimda mutlaq ko‘pchilik ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi, qolgan nomzodlarga berilgan ovoz esa yo‘qolib ketadi va natijada qolgan nomzodlarga ovoz bergan saylovchilar o‘z vakillarini parlamentga o‘tkaza olmaydilar.
Majoritar tizimning bu turida belgilangan mandatga ega bo‘lishda kichik partiyalar imkoniyati yo‘q. Umuman, saylovda mutlaq ko‘pchilik ovoz olish imkoni kamligi saylovni natijasiz tugashiga va qayta ovoz berish bilan bog‘liq xarajat ko‘payib ketishiga sabab bo‘ladi. Ba’zi davlatlarda bu muammoni hal qilish uchun ikkinchi bosqich o‘tkazilib, saylov natijasini nisbatan ko‘pchilik ovoz bilan aniqlash tartibi belgilangan.
Mutlaq ko‘pchilik ovozga asoslangan tizimda har doim ham birinchi tur natija beravermaydi. Bunday vaziyat yuzaga kelganda ko‘pchilik mamlakatlar saylovni bir necha bosqichda o‘tkazmoqda. Bu saylovchilar faolligi susayishi, ortiqcha sarf-xarajat yuzaga kelishi, saylov soxtalashtirilishiga olib kelishi mumkin.
Shuningdek, ijobiy nuqtai nazardan mutlaq ko‘pchilik ovozga asoslangan bu saylov tizimi parlamentdagi ko‘pchilik qo‘llaydigan barqaror hukumatni tashkil etish imkonini beradi.
2019 yil Qonunchilik palatasiga saylovda mutlaq ko‘pchilik qoidasi, ya’ni 50 foiz+1 ovoz berish qoidasi amlada edi. Ya’ni, 22dekabr kuni O‘zR MSK majlisida saylov yakuni ko‘rib chiqildi va 150 saylov okrugidan 125 tasida saylangan deputatlar mutlaq ko‘pchilik ovoz orqali saylangan.
Nisbiy ko‘pchilik ovozga asoslangan majoritar tizimda g‘alaba qozonish uchun nomzod o‘z raqobatchilariga nisbatan ko‘proq ovoz olishi kerak va bunda mutlaq ko‘pchilik, ya’ni yarimdan ko‘p ovoz olishi sharti ishlamaydi. Bu tizim hozir Buyuk Britaniya, Yaponiya, AQSH, Rossiya parlamenti quyi palatasini shakllantirishda keng qo‘llanadi.
Hozir Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo 193 davlatning 50 dan ko‘pida mahalliy yoki milliy saylovda nisbiy ko‘pchilik ovozi tizimi amalda.
Mapsalan, Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasini shakllantirish tajribasida bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha ro‘yxatga olingan boshqa nomzodlarga nisbatan eng ko‘p ovoz olgan da’vogar bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha saylangan, deya e’tirof etiladi. Ro‘yxatga olingan nomzodlar tomonidan olingan ovoz teng bo‘lgan taqdirda birinchi bo‘lib ro‘yxatga olingan nomzod g‘olib, deb topilishi belgilab qo‘yilgan.
2023 yil 18 dekabrda qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun asosida O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksiga ovoz berish tartibi bo‘yicha tegishli o‘zgarish va qo‘shimcha kiritildi. Shundan kelib chiqib, Saylov kodeksi 96-moddasiga ko‘ra, natijani aniqlashda bir mandatli saylov okrugi bo‘yicha ovoz berishda ishtirok etgan saylovchilarning boshqa nomzodlarga nisbatan ko‘proq ovozini olgan nomzod saylangan, deb hisoblanadi. Avvalgi tahrirda nomzod saylanishi uchun 50 foiz+1 ovoz olish talab etilgan.
Nisbiy ko‘pchilik ovozga asoslangan tizim bir turdayoq ijobiy natija berishi bilan samarali. Nisbiy ko‘pchilik saylov tizimida faqat bir holat, ya’ni ikki yoki undan ortiq nomzod bir xil ovoz to‘plagandagina g‘olib aniqlanmay qolishi mumkin. Tabiiyki, bunday holat juda kam uchraydi.
Ushbu tizim jahonning ko‘plab mamlakatlarida qo‘llanadi. Bu tartibda, odatda, saylov bo‘lib o‘tganligi uchun asos sifatidagi saylovchilar qatnashish me’yori belgilanmaydi. Qancha saylovchi qatnashganidan qat’i nazar saylov bo‘lib o‘tgan hisoblanadi.
Qolaversa, mazkur tartib ovoz berish ikkinchi bosqichga qolmasligi, saylovchilar faol qatnashishi, ortiqcha sarf-xarajat, saylovda soxtalashtirish holati yuzaga kelmasligini ta’minlaydi. Nisbiy ko‘pchilik ovozga asoslangan tizimda ta’sir jihatidan o‘rta va kichik partiyalar nomzodlari tegishli mandatga ega bo‘lishi uchun kam imkoniyat yaratilishi mumkin.
Xulosa qilib aytganda, saylov natijasini aniqlashda saylovchilar xohish-irodasi, ovoz berish tartibi va usullari muhim ahamiyat kasb etadi. Jarayon doimiy o‘zgarib, takomillashib boraveradi. Ta’kidlash lozim, endilikda yangi tartib bo‘yicha bir mandatli hududiy saylov okrugida boshqa nomzodga nisbatan ko‘p ovoz olgan nomzod saylangan hisoblanadi. Nisbiy ko‘pchilik ovoz berishning eng asosiy mezoni shu.
Sherzod Zulfiqorov,
O‘zbekiston Respublikasi
Jamoat xavfsizligi universiteti professori,
yuridik fanlar doktori
O‘zA
- Qo'shildi: 29.07.2024
- Ko'rishlar: 1518
- Chop etish