Markaziy saylov komissiyasining 2024 yil 24 maydagi “Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etish haqida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Respublika ishchi guruhi tomonidan Saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.
– Davlat boshqaruvi akademiyasi, Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, Jamoat xavfsizligi universiteti, Toshkent davlat yuridik universitetining professor-o‘qituvchilari hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi mutaxassislaridan iborat yuqori malakali ekspertlar saylov komissiyalari a’zolarini o‘qitish ishlariga jalb etildi, – deydi Davlat boshqaruvi akademiyasi mas’ul xodimi Ma’ruf Jumayev. – Mazkur ishlarning birinchi bosqichi 12-14 avgust kunlari akademiyada tashkil etilib, unda yetakchi oliy ta’lim dargohlari professor-o‘qituvchilari orasidan shakllantirilgan 104 nafar trenerlar uchun saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishga doir o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Bu bosqichda proporsional va majoritar saylov tizimlari, ularning o‘ziga xos xususiyatlari va bir-biridan farqli jihatlari, aralash saylov tizimining o‘ziga xos xususiyatlari kabi mavzularda seminarlar o‘tkazildi. Tinglovchilar uch kun mobaynida saylov qonunchiligidagi yangiliklardan tortib, uchastka saylov komissiyalari joylashgan bino va xonalarni jihozlash, saylov byulletenlarini olish, rasmiylashtirish va saqlash tartiblari, muddatidan oldin ovoz berishni saylov qonunchiligida belgilangan tartibda tashkil etish kabi muhim jihatlarni amaliy mashg‘ulotlar orqali batafsil o‘rgandi.
Saylov komissiyalari a’zolarining malakasini oshirishni tashkil etishga doir ishlarning ikkinchi bosqichida 944 nafar hududiy trenerlar uchun ham shunday o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar olib borildi. Uchastka saylov komissiyalari faoliyatining asosiy jihatlari bilan bir qatorda saylov kunida qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan komissiya a’zolariga nisbatan javobgarlik choralari ham tushuntirildi.
Maxsus dastur doirasida uchastka saylov komissiyasining saylov jarayoni boshqa ishtirokchilari (OAV, kuzatuvchilar, jamoat tartibini saqlashga mas’ul idoralar vakillari) bilan munosabatlari kabi jihatlar ham e’tibordan chetda qolmadi.
O‘quv rejasining uchinchi bosqichida respublika trenerlari tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri markazlarida 624 nafar tuman (shahar) saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotiblari uchun o‘quv-amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Shuningdek, respublika trenerlari tomonidan 2 ming 520 nafar okrug saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotiblari uchun o‘quv va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi.
Mazkur bosqichda hududiy trenerlarni saylov jarayonlariga tayyorlashda nazariy bilim berish bilan bir birga, amaliy darslar ham olib borildi. Namunali saylov uchastkasi, saylov byulletenlari, ovoz berish qutilari, ovoz berish kabinalari o‘rnatilgani, saylov uchastkasi raisi, o‘rinbosari, kotibi xonalari tasdiqlangan nizomga mosligini ko‘zdan kechirish va kamchiliklarni bartaraf etish choralarini ko‘rish bo‘yicha ko‘nikmalar shakllantirildi.
Joriy yilning 5 - 26 sentyabr kunlari ham respublika trenerlarining nazorati ostida hududiy trenerlar tomonidan respublikaning barcha tuman, shaharlarida 33 ming nafardan ziyod uchastka saylov komissiyasi raisi, rais o‘rinbosari va kotibligiga nomzodlar uchun nazariy va amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Ayni paytda esa har bir saylov uchastkasining o‘zida, qolgan uchastka saylov komissiyasi a’zolari (jami 110 ming nafar) uchun amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda.
Bundan tashqari, “Saylov-24” mobil ilovasi yaratilib, unga barcha o‘quv materiallari joylashtirilgan. Uchastka saylov komissiyasining barcha a’zolari uchun ushbu mobil ilovadan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Shuningdek, mazkur o‘quv materiallari o‘zbek va qoraqalpoq tillarida chop etilib, yetkazib berilmoqda.
N.Abduraimova,
O‘zA
- Qo'shildi: 07.10.2024
- Ko'rishlar: 664
- Chop etish