Turizm infratuzilmasidagi mavjud muammolarni hal etish, sohada taqdim etilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, shu bilan birga, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turizm infratuzilmasi va madaniy meros obyektlarida erkin harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta’minlash, turizmda barcha fuqarolar uchun teng imkoniyatlar yaratishni nazarda tutuvchi to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish ushbu sohadagi eng dolzarb vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda.
Bu borada davlatimiz rahbarining joriy yil 12-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida to‘siqsiz turizm infratuzilmasini rivojlantirish va uni rag‘batlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ham bir qator chora-tadbirlar belgilab berilgan.
Mazkur hujjatdagi vazifalar ijrosi yuzasidan Turizm qo‘mitasi axborot xizmati rahbari Munisaxon Asilxo‘jayeva quyidagilarni ma’lum qildi:
– Barcha turizm obyektlari va joylashtirish vositalarida nogironligi bo‘lgan shaxslarning erkin harakatlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratiladi. Sayohat davomida nogironligi bo‘lgan shaxslarga hamrohlik qiluvchi fuqarolar rag‘batlantiriladi. Turizm industriyasi obyektlarida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘rsatiladigan xizmatlar sifati yanada oshiriladi.
Xususan, joriy yildan boshlab, madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish va tiklash uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘lar doirasida nogironligi bo‘lgan shaxslarning to‘siqsiz harakatlanishi uchun madaniy meros obyektlarida ularga shikast yetkazmagan holda pandus, plintus va liftlar hamda ko‘zi ojizlar uchun madaniy meros obyektlarining kichraytirilgan o‘lchamdagi maketlari o‘rnatiladi va ular to‘g‘risida Brayl alifbosidagi ma’lumotlar joylashtiriladi.
Temir yo‘l va jamoat transportlarida hamda barcha aeroport, vokzal, avtoshohbekatlarda ularga egalik qiladigan tashkilotlarning o‘z mablag‘lari hisobidan nogironligi bo‘lgan va jismoniy imkoniyati cheklangan shaxslar uchun sharoitlar, maxsus ko‘tarilish panduslari va qulay zina tutqichlari o‘rnatiladi hamda maxsus aravacha qo‘yiladi.
2027-yil 1-yanvarga qadar Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida ming nafar I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilish xarajatlarining 50 foizi, biroq 500 ming so‘mdan oshmagan qismi, eshitish qobiliyatini yo‘qotgan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun surdogidlar tayyorlash kurslari xarajatlarining 50 foizi qoplab beriladi.
Tadbirkorlik subyektlari tomonidan mehmonxonaning kamida uchta xonasi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun qulay tarzda jihozlanganda, har bir maxsus jihozlangan xona uchun yulduzli toifadagi mehmonxonalarga — 2 million so‘m, yulduzli toifa olmagan mehmonxonalarga — 1 million so‘m miqdorlarda subsidiya beriladi.
Shuningdek, xorijiy davlatlarda O‘zbekiston tarixi va madaniyati, o‘zbek tili va adabiyotini zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalangan holda o‘rgatishni nazarda tutuvchi “O‘zbek akademiyasi” (“Uzacademy”) internet platformasi tashkil etiladi. 2024-yil yakuniga qadar xorijdagi o‘zbek milliy madaniy markazlari va O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari huzurida o‘zbek tili kurslarini tashkil etish hamda ularda mashg‘ulotlar muntazam olib borilishi ta’minlanadi.
“Ipak yo‘li” turizm va madaniy meros xalqaro universiteti hamda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tomonidan Platforma orqali ta’lim berish tashkil etiladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA
- Qo'shildi: 18.03.2024
- Ko'rishlar: 1803
- Chop etish