7 avgust kuni Toshkent shahrida O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining oltinchi yalpi majlisi o'z ishini boshladi, deb xabar bermoqda O'zA.
– Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusning joylardagi ijrosi doimiy o'rganib borilyapti. Xabaringiz bor, yaqinda Senat huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi. 100 nafar faol yoshlardan tashkil topgan mazkur tuzilmaning aksariyat a'zolari, aniqrog'i 84 nafari mahalliy Kengashlar tarkibidagi yosh, salohiyatli deputatlar orasidan saylangan.
Bugungi majlisimizda Yoshlar parlamenti a'zolari ham ishtirok etmoqda. Bizning ulardan umidimiz katta. Ular mamlakat yoshlarining orzu-intilishlari, tashvishlari-yu tashabbuslarini ilgari surish barobarida, hududlarimizdagi dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni ham mahalliy Kengash minbarlariga, Senat minbariga ham dadil olib chiqishi lozim, – dedi Senat Raisi.
Senatning oltinchi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Odam savdosiga qarshi kurashish to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuni ham muhokama markazida bo'ldi.
Ta'kidlanganidek, Qonunni yangi tahrirda ishlab chiqish zarurati bugungi kunda odam savdosidan jabrlanganlarni himoya qilish va ularga yordam berish masalalariga doir aniq qoidalar tartibga solinmaganligi hamda voyaga yetmaganlarning savdosiga qarshi kurashishni o'ziga xos xususiyatlari, shu jumladan, indentifikatsiya qilish, yordam berish va himoya qilishning huquqiy maqomi belgilamaganligi bilan izohlanadi.
Yangi tahrirdagi Qonunda ana shu jihatlar e'tiborga olingan. Jumladan, sohaga oid asosiy tushunchalar va tamoyillar, uni davlat tomonidan tartibga solishga oid normalar, vakolatli davlat organlari, Milliy komissiya, xududiy komissiyalar va Milliy ma'ruzachiga oid me'yorlar aniq belgilangan.
Ma'lumki, hozirgi kunda respublikamizda 9 mingdan ortiq nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat ko'rsatsa, ularning 100 ga yaqini odam savdosiga qarshi kurashish borasida ish olib bormoqda. Qonunda mazkur yo'nalishga doir faoliyatni amalga oshirayotgan davlat organlariga ko'maklashuvchi tashkilotlar qatorida nodavlat notijorat tashkilotlari ham belgilanib, ularning vakolat va vazifalari aniq ochib berilmoqda.
Shu bilan birga, amaldagi Qonundan farqli o'laroq yangi tahrirdagi Qonunda odam savdosidan jabrlanganlarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va moslashuvini ta'minlash tartibi va jabrlanganlar haqidagi ma'lumotlarning maxfiyligini ta'minlash tartibi va ularga taqdim etiladigan xavfsizlik choralari va boshqa kafolatlari yoritilmoqda.
Bundan tashqari, milliy konunchiligimizda ilgari bo'lmagan odam savdosidan jabrlanganlarni identifikatsiya qilish va ularni qayta yo'naltirish tushunchalari alohida bobda belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi odam savdosidan jabrlangan fuqarolarning huquq va qonuniy manfaatlarini kafolatli himoya qilishga xizmat qiladi. Senat a'zolari mazkur Qonunni ma'qulladi.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 07.08.2020
- Ko'rishlar: 3899
- Chop etish