Prezidentning yaqinda Jizzaxda viloyat faollari bilan uchrashuvdagi ma’ruzasida bir nuqta ko‘pchilikning e’tiborini tortdi. Unda davlatimiz rahbari shunday degan edi:
«Xudo menga sog‘liq berib, umr bersa, bizda kambag‘allik va ishsizlik bo‘lmaydi. Nimaga desangiz, bunga men yetti yil umrimni tikdim. Tizim yaratdim, qonun yaratdim, dunyoni ochib berdim. Xalqim yaxshi yashasin, niyatlari amalga oshsin, bolalari baxtli bo‘lsin, nevaralari sog‘lom tug‘ilsin, maktabi ishlasin, yo‘llari ravon bo‘lsin deb ishga keldim...».
Yozilgan nutqdan tashqariga chiqib aytilgan ushbu mulohazalar odamlarni favqulodda sergaklantirdi. Ehtimol, shundandir ayni iqtibos matbuot va ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p «aylandi».
Nega? Chunki bu so‘zlar samimiy va chin yurakdan aytilgan edi.
І
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay ommaviy axborot vositalari sahifalarida mamlakatimiz hayoti uchun o‘ta muhim bo‘lgan ikki xabar tarqaldi.
Birinchisi – Jahon bankiga tegishli. Unda shunday deyiladi: «O‘zbekiston kambag‘allik darajasini 2021 yildagi 17 foizdan 2023 yilda 11 foizga kamaytirdi, qishloq joylarida (8 foiz) shaharlarga (4 foiz punkt) nisbatan kattaroq pasayish kuzatildi. 1,6 millionga yaqin odam kambag‘allikdan chiqib ketdi.
Ikkinchi mana bu xabarga esa Markaziy bank mas’ul: «2023 yil yakuniga ko‘ra, – deyiladi unda, – O‘zbekistonda jami ish bilan band bo‘lgan aholi soni 312 ming kishiga yoki o‘tgan yilga nisbatan 2,3 foizga oshdi».
Qayd etilishicha, o‘tgan yilning ikkinchi yarim yilligidan boshlab mehnat bozori ko‘rsatkichlari yaxshilanishda davom etmoqda. Jumladan, joriy yilning yanvar oyiga kelib iqtisodiyotdagi ishsizlik darajasi sezilarli darajada kamayib, 6,8 foizni tashkil qilgan. Bandlikka asosiy hissa qo‘shgan sohalar qurilish va savdo tarmoqlari bo‘lib, qishloq xo‘jaligida band bo‘lganlar miqdori esa kamaygan. Shuningdek, mehnat bozoridagi bo‘sh ish o‘rinlari (vakansiyalar) soni bilan o‘lchanadigan ishchi kuchiga bo‘lgan talab 14 foizga oshdi.
Bu iqtiboslarni biror adib yoki jurnalistning hayajon to‘la maqolasidan olganimiz yo‘q. keltirilgan ikki iqtisodiy axborot ham maqomiga ko‘ra rasmiydir. Jahon banki tahlilida shu ko‘rsatkichlar tan olinayotgan ekan, demak, biz to‘g‘ri yo‘ldamiz: olib borilayotgan ishlar o‘z samarasini berayotir.
Lekin adolat haqqi-hurmati shuni ham aytib qo‘yish kerakki, odamlarimiz orasida bo‘layotgan bunday o‘zgarishlarni tushunmayotganlar, ko‘rib ko‘rmaslikka olayotganlar ham bor. Men bundaylarga qarata, dunyoda insofu diyonat degan gaplar bor va bu tushunchalarga hali qiron kelmagan, degan bo‘lardim. Va yana aytgan bo‘lardimki, insoniyat tamaddunining gultoji bo‘lgan Rim ham birdan bunyod bo‘lmagan...
Albatta, men iqtisodchi emasman. Ammo Prezidentimiz olib borayotgan xalqparvar siyosatning ichida yashayotganim uchun ko‘p jarayonlar haqida o‘zimning shaxsiy qarashlarimni shu aziz Vatanning bir farzandi sifatida aytishga haqliman, deb o‘ylayman.
ІІ
Ko‘hna dunyo tarixi shuni ko‘rsatadiki, daf’atan sodir bo‘lgan muayyan yangilanishlar goho inson ruhiyati, qalb olami, tafakkuri, yashash va turmush tarzini butunlay o‘zgartirib yuboradi. Bu evrilish uning Vatanga muhabbati, hayotbaxsh islohotlarga daxldorlik hissi, o‘z taqdiri, kelajagiga munosabatini ham isloh etadiki, aslida, eng buyuk o‘zgarishlar ana shundan keyin boshlanadi...
Bugungi yangilanayotgan, batamom yangi qiyofa kasb etayotgan O‘zbekistonimizda kechayotgan qaynoq jarayonlar so‘zimizga yaqqol isbot, desam, yanglishmagan bo‘laman. Bu tarixiy yangilanishlarga jahon afkor ommasi tomonidan «Buyuk bunyodkorliklar davri», deya ta’rif berilayotganining boisi ham shundadir, ehtimol.
Darhaqiqat, istiqlolning dastlabki yillari, aniqrog‘i, 2016 yilga qadar oldimizda bir qarashda zabt etish qiyin bo‘lgan murakkab va og‘ir dovonlar turgandi. Bu – tafakkurimiz, dunyoqarashimiz, turmush tarzimiz, orzu-maqsadlarimizdagi yangilanish, isloh etilishi zarur bo‘lgan hayotiy tushunchalarimiz bilan bog‘liq cho‘qqilar edi.
Agar ta’bir joiz bo‘lsa, tarixan o‘tgan qisqa davrda xalqimiz Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yangi davr, yangi zamon – Yangi O‘zbekiston dovonlarini qat’iy ishonch, yaqin va uzoq istiqbolni ko‘zlagan puxta reja, yuksak aql-idrok bilan zabt etib kelmoqda.
ІІІ
Prezident Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Yangi O‘zbekiston xalqimiz uchun erkin, obod va farovon hayot yaratib berishdan iborat bo‘lgan davlatga aylanmoqda.
Bu ishlarning samarali natijalarini nufuzli davlat va siyosat arboblari, ekspert va tahlilchilari e’tirofidan ham bilsa bo‘ladi. Eng muhimi, O‘zbekistonda bu demokratik o‘zgarishlar kimlargadir yoqish, maqtanish, turli reytinglarga kirish uchun emas, aksincha, xalqimizning bugungi hayoti va ertangi istiqbolini o‘ylab, milliy manfaatlarimiz yo‘lida amalga oshirilmoqda.
Ochig‘i, mamlakatimizda davlat va hokimiyat idoralari uzoq vaqt davomida xalq hayotidan uzilib qolgandi. Yashirishning hojati yo‘q: ilgari hokim yoki vazir deyilsa, olisdagi xilqat darajasida bo‘lgan odamlar tasavvur qilinardi. Chunki vazirlik ham, hokimiyat ham o‘zini qalin temir panjara bilan ihotalagan, vazir va hokimning esa nafaqat yoniga yo‘lash, hatto, ko‘rish imkonsiz edi.
Bugun amaldorlar xalq orasiga kirdi. Prezidentimiz bu jarayonni juda xalqona tilda ifodalaydi: tepadan pastga tushish...
Binobarin, shunday! Davlat va uning organlari, avvalo, xalqqa xizmat qilishi kerak. Ayni tamoyillar asosiga qurilgan davlat hokimiyatigina tom ma’noda xalqchil, demokratik hokimiyat hisoblanadi. Bunday davlat va jamiyatning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy va ma’naviy-ma’rifiy ildizlari мuсtaҳkam va baquvvat bo‘ladi. Shu sababdan xalqning og‘irini yengil qilish, uning muammolarini vaqtida va samarali yechish, odamlarning hayot darajasi va sifatini yaxshilash barcha islohotlarning bosh maqsadi etib belgilandi.
Mamlakatimizda davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha bo‘g‘indagi mansabdor shaxslar fuqarolar bilan yuzma-yuz uchrashib, ularning dardu tashvishlari bilan qog‘ozda emas, amalda jiddiy shug‘ullanishmoqda. Davlat organlari xalq uchun, har bir fuqaro uchun ochilib, ular bilan faol muloqot olib bormoqda. Majburiy mehnat, xususan, bolalar mehnati, ishsizlik, kambag‘allik, aholini uy-joy bilan ta’minlash, ta’lim va tibbiyot bilan bog‘liq muammolar mavjudligi ochiq tan olinib, ular birin-ketin bartaraf etilmoqdaki, buning natijasi o‘laroq, odamlar adolat, haqiqat degan tushunchalarni faqat so‘zda emas, o‘zlarining hayotlari misolida ham his etishmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2016 yil 8 sentyabrdan Prezidentlik vazifasini bajarishga kirishishi bilan xalq qabulxonalari faoliyatini yo‘lga qo‘ydi. Ushbu tuzilmalar xalq va davlat o‘rtasidagi «devor»ni olib tashladi. Xalqning dardi to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat rahbariga yetib boradigan bo‘ldi. Natijada real hayot, real muammolar, hech qanday bo‘yoqlarsiz, boricha namoyon bo‘ldi. Bu davlat rahbariga jamiyat rivoji uchun aniq choralar ishlab chiqish imkonini berdi.
ІІ
Barchamiz ko‘rib, sezib turibmizki, bugun mamlakatimiz iqtisodiy tizimi to‘liq qayta barpo etilmoqda. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin, bozor mexanizmlarini amalda joriy etish boshlandi. Avval iqtisod, keyin siyosat, deganlaridek, iqtisodiyotni oyoqqa turg‘azmasdan turib, ma’naviyatu ma’rifat haqida gap-so‘z bo‘lishi mumkin emasdi. Shu bois bu boradagi ishlar, avvalo, aholining muammolarini hal etishdan boshlandi. Buning natijasida bugun juda jo‘n bir amaliyotga aylanib qolgan bank kartochkasidagi pullarni naqd pulga aylantirish, milliy valyuta kursining «qora bozor»da boshqa, banklarda esa boshqacha bo‘lishi, xorijiy valyutalarni sotib olish, fuqarolikka ega bo‘lish, O‘zbekistonning istalgan hududidan uy-joy va mol-mulk sotib olish hamda ularni ro‘yxatga qo‘yish bilan bog‘liq ko‘p-ko‘p muammolarga yechim topildi.
Islohotlar aholining barcha qatlamlari manfaatlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi: tadbirkorlar o‘z biznesini rivojlantirish uchun erkinlik va yangi-yangi imkoniyatlarga ega bo‘ldi, dehqon va fermerlar, klaster xo‘jaliklari o‘zlari yetishtirgan hosilning haqiqiy egasiga aylandi. Holbuki, yaqin tariximizda ham «tepa»dan buyruq bo‘lmasa, bir qadam bosishga haqimiz yo‘q edi. Ahvol shu darajaga yetib borgan ediki, uyimizning tomigacha paxta ekdik, lekin kosamiz oqarmadi.
Eng yomoni, sovet zamonini qo‘ya turaylik, «Ozodlik tongi» deya sharaflaydiganimiz – mustaqillikdan keyin ham bolalar, ayollar mehnatidan voz kechmadik, kechagi kunlarimizgacha norasida go‘daklarimiz, munis va mushtipar ayollarimizni chillaning issig‘ida qovjiratib, kuzu qishning ayozida dirdiratib dalaga haydadik...
Hisob-kitoblarga ko‘ra, o‘sha yillari millionlab odamlar paxta terimiga majburan safarbar etilardi. Bular orasida bolalardan tashqari, ta’lim va tibbiyot muassasalari xodimlari, korxona va tashkilotlar ishchi-xizmatchilari, qo‘yingki, qimirlagan jon bor, hamma «zarbdor front»ga chaqirilardi. Bunday pallada ta’lim, tibbiyot va boshqa barcha muhim sohalar istiqboliyu rivoji keyingi planga tushar, chunki paxta bu siyosat, mamlakat ijtimoiy-siyosiy mafkurasining dominant (ustun) qadriyati edi. Hatto shunday tartib joriy qilingan ediki, rahbar so‘ralgan miqdordagi «terimchi»ni berolmasa, o‘rnini pul bilan «yopar»di...
O‘tgan kunlarimiz haqida shu mulohazalarni yozar, gapirar ekansan, beixtiyor o‘ylaysan: kechagina qo‘lidagi kartasidan pul naqdlashtirish uchun bankdan yoki u-bu yuqoriroq idorada ishlaydigan «uchar»lar orasidan tanish qidirgan va unga bu «beminnat» xizmati uchun yechilgan pulning hatto o‘ttiz foizigacha «tashakkur»i ramzi sifatida uning qo‘liga tutqazishga rozi bo‘lgan ba’zi odamlarimiz bugungi imkoniyatlar qadriga yetmoqdami? Yoki hali eslaganimiz, kuzning adog‘igacha dalada g‘o‘zapoya sanab yuradigan ziyoliyu ishchi-xizmatchilarimiz-chi?.. Holbuki, kechagina bu masalalar jamiyatimizning eng og‘riqli va adolatsizlikning yuqori nuqtasiga yetgan muammolari edi...
To‘g‘ri, bu musibatli va rangsiz hayot tarzi bugun o‘zgardi. Ammo u o‘z-o‘zidan bo‘lib qolgani yo‘q. Osmondan ham tushgani yo‘q. Nega buni biz tez unutamiz, qadriga yetmaymiz?!
Mayli, asosiy mavzudan chalg‘imaylik. Bugun iqtisodiy islohotlar haqida gap ketganda, turizmning rivojlanishi, soliq tizimidagi yangilanishlar, valyuta bozorining erkinlashtirilishi, naqd pul bilan bog‘liq muammolarning bartaraf etilishi, bank-moliya sohasidagi o‘zgarishlar, xalqaro moliya operatsiyalarining jahon andozalari asosida amalga oshirilayotganini ishonch bilan ayta olamiz. Eng muhimi, valyuta bozori liberallashdi. Chunki bizda uzoq vaqt valyutaning erkin konvertatsiyasi cheklandi. Hozir korxonalar import operatsiyalarini amalga oshirish uchun bemalol valyuta xarid qilish imkoniga egadirlar. Vaholanki, iqtisodiyotning eski modeli butunlay konvertatsiyaning yo‘qligiga bog‘langan edi, konvertatsiya tizimi eng korrupsiyalashgan soha edi. Obrazli qilib aytganda, bu eski modelning borlig‘i, o‘zagi edi.
O‘rni kelganda, pisandadan tashqari aytmoqchimanki, ayni kunlarimizda bu o‘zgarishlarni eslaydigan odamlar juda kam. Nega? Chunki «yaxshilik tez unutiladi» degan mentalitetimizga xos klassik «qadriyatimiz» bu yerda ham ishlab ketadi. Holbuki, aynan konvertatsiya muammosi tufayli qanchadan-qancha tadbirkorlar ish faoliyatini to‘xtatgan. Buning oqibatida esa ming-minglab ish o‘rinlari boy berilgan edi.
Bugun biz ko‘rayotgan qiyinchiliklar, ma’lum zo‘riqishlar in’ikosi o‘sha xatolarimiz, kamchiliklarimiz zamirida berkinganini, tabiiyki, ko‘pchilik odamlarimiz bilmaydi ham, tushunmaydi ham. Afsuski, bularni sharhlab beradigan olimlarimiz, mutaxassislarimiz sanoqli.
Men iqtisodiyotdan tashqaridagi bir odam sifatida buni shunday tasavvur qilaman: to‘g‘ri, rels ham, vagonlar ham bor edi, faqat muammo shunda ediki, bu konstrukt joyida muqim turishga moyil edi. O‘zini o‘zi chegaralab olgan, atrofdan ihotalangan edi. Va yana buni joyidan jildiradigan tashqi ta’sirga kuchli ehtiyoj bor edi. Bu, aytish mumkin bo‘lsa, iqtisodiyotdagi liberal siyosat edi...
Xalqimizda «hechdan ko‘ra kech...» degan gap bor. To‘g‘risi ham, bo‘lmagandan ko‘ra-kech bo‘lsa-da, bo‘lgani yaxshi. Bugun iqtisodiyotimiz asta-sekin izga tushayotir, poyezd joyidan jilgan... Xususan, odamlarimiz ko‘ziga yaqqolroq ko‘rinadigan bir manzara – bugun ishbilarmon yurtdoshlarimiz uchun barcha imkoniyatlar yaratildi, yaratilmoqda. Ularning erkin biznes yuritishi shaxsan davlatimiz rahbarining e’tiborida. Bunga har yili o‘tkazish an’anaga aylangan Prezidentimizning tadbirkorlar bilan muloqoti ham bir misoldir.
Shu o‘rinda o‘zim guvoh bo‘lgan, ayni muammolarning ichida yashagan bir odam sifatida ba’zi mulohazalarni bildirmoqchiman. Men uzoq yillar Jizzaxdagi akkumulyator zavodiga rahbarlik qilganman. Va o‘sha jarayonlarda naqd pul muammosini ham, konvertatsiya masalasini ham bevosita ko‘rganman. Bu, yumshoq qilib aytganda, tadbirkor, ishbilarmon uchun qip-qizil azobning o‘zginasi edi. Hech esimdan chiqmaydi, hatto, eslasam, yuragim og‘riydiki, yarim kechadan erta tonggacha naqd pul tushumi bo‘yicha turli yig‘ilishlar, selektorlar bo‘lar, katta-katta amaldorlar, jiddiy odamlar shu masala bo‘yicha jig‘ibiyroni chiqib, talashib-tortishishar va hatto bir-biri bilan so‘kishib, yoqalashishgacha borib yetardi. Konvertatsiya masalasi bundan ham og‘ir va iqtisodiyotimiz uchun kulfatliroq edi.
Masalan, shaxsan o‘zim zavodda ish o‘rinlarini ko‘paytirish, mahsulot sifatini oshirish uchun chet eldan hamkorlar topib, zamonaviy uskunalar olib kelib o‘rnatganman, ammo o‘sha uskunalarning valyutadagi kreditini to‘lashga kelganda yuzimiz qizargan. Chunki topilgan milliy valyutani konvertatsiya qilish muammo edi. Mabodo, Xudo berib, valyuta topsangiz ham, uning teng yarmini davlatga topshirishga majbur edingiz. Chunki tartib shunday edi. Bunday holat faqatgina bizning korxona emas, ko‘pga kelgan to‘y, deganlaridek, mamlakatdagi barcha ishlab chiqaruvchilar, ishbilarmonlaru tadbirkorlar boshiga tushgan ko‘rgulik edi. Shu sabab ham bizda ishlab chiqarish oqsadi, chet ellik investorlar qadami yurtimizdan tortildi, hali aytganimizdek, vagonlarimiz joyida turib qolaverdi.
Prezidentimiz bu muammoni juda yaxshi bilar, xalqona tilda aytadigan bo‘lsak, bu azoblarni jonidan o‘tkazgan edi. Shuning uchun ham bu masalalarni shaxsan o‘z nazoratiga oldi. Iqtisodiyot sohasidagi birinchi qilgan o‘zgarishi valyuta bozorini liberallashtirish bo‘lsa, ikkinchi eng muhim yangilik pul muomalasidagi islohotlar bo‘ldi. Qolaversa, iqtisodiyotimizni qo‘llab-quvvatlovchi, ishbilarmon va tadbirkorlarimiz faoliyati uchun keng yo‘l ochuvchi, ularni himoya qiluvchi huquqiy asoslar yaratildi. Ushbu sa’y-harakatlar samarasi o‘laroq, ko‘plab chet el investorlari O‘zbekistonga qaytdi...
Jahon tan olgan iqtisodiy qonuniyatga ko‘ra, erkin konvertatsiya, avvalambor, xalqaro savdo munosabatlarining to‘laqonli a’zosi bo‘lish uchun mutlaqo zarurat. Faqat xalqaro savdo munosabatlarining a’zosi bo‘lgan mamlakatlar xalqaro mehnat taqsimida ishtirok etib, undan kelib chiqadigan foyda va imtiyozlarga ega bo‘ladi.
Bugungi kunda mamlakatimiz aholisi yiliga 2 foizga o‘smoqda, prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga borib xalqimiz nufusi40 millionga yetadi. Bunday katta davlatda tinchлiк va barqarorlikni saqlash, xalqimizga munosib sharoit yaratish uchun iqtisodiyot ham, boshqaruv ham, ta’lim va tibbiyot ham yangicha bo‘lishi, barcha sohalarda o‘sish, rivojlanish bo‘lishi kerak.
Davlatimiz rahbarining farmoni bilan qabul qilingan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi bugun ana shu maqsadga xizmat qilmoqda, desam, yanglishmagan bo‘laman. Izchil islohotlar samarasida asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan xorijiy investitsiyalar va kreditlar hajmi ilgarigi yillardagidan 5 karra ko‘payib, 2017-2023 yillarda 16 milliard dollardan oshdi.
Tadbirkorlar sinfi shakllanib, jamiyatimizda haqiqiy kuchga, islohotlar drayveriga aylandi. Buning natijasi o‘laroq, so‘nggi yillarda yalpi ichki mahsulot hajmi 2018 yildagi 52,9 milliard dollardan 2023 yilda 90,9 milliard dollarga yetdi. Aholining xarid qobiliyati va o‘rtacha oylik ish haqi 2018 yilga nisbatan qariyb 1,6 marotaba oshib, bugungi kunda 375,1 dollarni tashkil etmoqda.
Endi mavjud salohiyatimizga tayanib, yanada yuqori marralar belgilanmoqda. 2030 yilga borib iqtisodiyotimizni 2 barobardan ko‘proqqa oshirib, 160 milliard dollarga yetkazish, aholi jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmini hozirgi 2496 dollardan 4 ming dollarga yetkazish kutilmoqda. Buning natijasida O‘zbekiston «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kiradi.
Bu maqsadlarga yetishish uchun, eng avvalo, ilg‘or texnologiyalarga asoslangan sanoatni rivojlantirish talab etiladi. Bunda mehnat unumdorligi ikki barobar oshadi. Shu maqsadda xorijiy hamkorlar bilan birga umumiy qiymati 115 milliard dollar bo‘lgan yirik loyihalar allaqachon boshlangan. Jumladan, keyingi yillarda strategik megaloyihalar ishga tushiriladi. Xususan, Olmaliqda 3 ta mis boyitish fabrikasi va yangi mis eritish zavodi, Ohangaron misni qayta ishlash klasteri, Navoiy, Qo‘ng‘irot va Qorako‘lda yirik kimyo-polimer klasterlari, Toshkent va Navoiy viloyatlarida fosforit xomashyosidan yuqori qo‘shilgan qiymatli tayyor mahsulot ishlab chiqarish korxonasi, Tebinbuloq va G‘allaorolda temir ishlab chiqarish majmualari ish boshlaydi. Natijada 2030 yilgacha yuqori daromadli mahsulot uchun zarur bo‘lgan mis ishlab chiqarish 3,5 barobar, oltin – 1,5 karra, kumush – 3 marta, uran – 3 barobarga oshiriladi.
Shuningdek, O‘zbekiston tarixida ilk bor alyuminiy, litiy, po‘lat, grafit ishlab chiqarish boshlanadi. Bu xomashyolardan avtomobil, elektronika, «yashil energiya» qurilmalari, kimyo va polimer kabi yuzlab yangi mahsulotlarni ishlab chiqarsa bo‘ladi. Bu 2,5 million yuqori daromadli ish o‘rni, deganidir. Prezidentimiz o‘zining saylovoldi dasturida qayd etganidek, tez orada 4 ta nufuzli xorijiy kompaniyaning loyihalari ishga tushirilib, avtomobilsozlik sohasida haqiqiy raqobat paydo bo‘ladi va ishlab chiqarish yillik hajmi hozirgi 350 mingdan – 1 million donaga yetkaziladi. Bunda yiliga 300 mingta elektromobil ishlab chiqariladi. Umuman, sanoatda qo‘shilgan qiymat hajmi 20 milliarddan 45 milliard dollarga yetkaziladi.
Kezi kelganda aytmoqchimanki, sanoat va iqtisodiyotning kelajagi bu eksportdir. So‘nggi yillarda charm-poyabzal, to‘qimachilik, oziq-ovqat, elektrotexnika, farmatsevtika yo‘nalishlarida minglab yangi korxonalar ochildi. Natijada eksport hajmi 1,5 barobar ko‘payib, 20 milliard dollardan oshdi. Tashqi bozorlarga chiqish xarajatlari yuqori ekanini inobatga olib, strategiyada ilmga asoslangan, yuqori daromadli, eksportbop mahsulotlarni ko‘paytirish mo‘ljallanyapti.
V
Yurtimizda ijtimoiy muammolarni hal etishning ham mutlaqo yangi va o‘ziga xos tizimi yaratildi. «Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat» tamoyilining yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda asosiy norma sifatida mustahkamlanishi, inson qadrini yanada ulug‘lash, hozirgi va kelgusi avlodlarning farovon turmushini ta’minlashga qaratilgani yanada ahamiyatlidir. Ijtimoiy davlatda barqaror рiвожланishniнг muhim maqsadi – ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qo‘llab-quvvatlash, kambag‘allik va ishsizlikni qisqartirish, yoshlar va ayollar tadbirkorligiga кўмаклашish, ta’lim, sog‘liqni saqlash va ma’naviy-madaniy sohalarning muntazam taraqqiy etishini ta’minlash, samarali ijtimoiy sug‘urta ta’minotini yo‘lga qo‘yish, jamiyatda keskin ijtimoiy farqlanish va ijtimoiy tengsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, aholiga munosib turmush sharoitlarini yaratish kabi vazifalardir.
Bugun O‘zbekistonda kambag‘allik muammosini hal etish ijtimoiy siyosatda alohida o‘rin egalladi. Unga qarshi faol kurash 2020 yilda mamlakatimiz Prezidenti tomonidan ushbu holatning birinchi marta rasman tan olingan paytida boshlangandi. Aholining ehtiyojmand qatlamini manzilli qo‘llab-quvvatlash maqsadida ma’lumotlar bazalari shakllantirildi. 2021 yildan boshлаб kam ta’minlanganlarni «Ijtimoiy himoya yagona reyestri» axborot tizimiga kiritish orqali hisobga olish mexanizmi joriy etilgan. 2022 yilda 9,5 mingta mahallada hokim yordamchilari, yoshlar yetakchilari va xotin-qizlar faollari ish boshladi. Hokim yordamchilari tomonidan yuz minglab insonlar bandligi ta’minlandi. 2017 yilda 500 ming nafar kam ta’minlangan oilaga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan bo‘lsa, bugungi kunda ushbu ko‘rsatkich 2,5 milliondan ziyodni tashkil qilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar hajmi yetti baravar oshirilib, yiliga 13 trillion so‘mga yetdi.
Ko‘rilayotgan chora-tadbirlar tufayli maqolamiz avvalida keltirganimizdek, 2021-2023 yillarda mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 17 foizdan 11 foizga pasayib, 1,6 millionga yaqin fuqaro kambag‘allikdan chiqdi. Bunday natijalarga erishishda aholini zamonaviy kasb-hunarlarga o‘qitish, ularga munosib ish o‘rinlari yaratish, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tizimli va uzoqni ko‘zlagan siyosat hal qiluvchi omil bo‘lmoqda.
Kambag‘allikni kamaytirish, bu aholida tadbirkorlik ruhini uyg‘otish, kasbga tayyorlash va ish o‘rinlarini ko‘paytirishga qaratilgan kompleks vazifadir. Bu borada joriy etilgan «Yoshlar daftari», «Ayollar daftari», «Temir daftar» kabi tizimlarni alohida e’tirof etish zarur. Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bilan ana shu tizim asosida ishlashga kirishilganidan so‘ng ko‘plab yurtdoshlarimiz nafaqat o‘z oilasi farovonligini oshirishga kirishdilar, balki o‘z korxonalarini tashkil etib, ish beruvchilarga aylanishdi.
Bundan uch yil ilgari Jizzaxga «Ayollar daftari» dasturi doirasida borganimiz kechagidek esimda. O‘shanda Sharof Rashidov tumanidagi mahallalardagi kam ta’minlangan oilalardan biriga kirgandik. Katta va yaydoq hovlida boquvchisini yo‘qotib, to‘rtta norasida bolasi bilan yolg‘iz qolgan ayol chorasizlikdan ko‘zlari jovdirab turgani haligacha ko‘z o‘ngimda. Bu oila o‘sha mahal ro‘yxatga olindi, zarur yordam ko‘rsatildi.
Yaqinda shu mahalladan o‘tayotib, o‘sha xonadon eshigi oldida to‘xtadim. Uyning devorlari oqlangan, darvozalari bo‘yalgan – uyga rang kirgan. Hovli sathi ham o‘zgargan. Biz ko‘rgan yaydoq maydon o‘rnida bejirim issiqxona paydo bo‘libdi. Qolgan maydonlarga ziravorlar ekilgan, atrof ko‘karib, yashnab turibdi. Uy bekasi bilan ham uchrashdik. Harakatlari dadil, qarashlari o‘ktam. Yordam taklif qilsak, ikki qo‘li ko‘ksida: «Davlatimiz, Prezidentimiz meni jar yoqasidan olib chiqdi. Sizlar kelgan o‘sha mahallar shunday ruhiy holatda edimki, tushuntirib berolmayman. Dunyo ko‘zimga qorong‘i ko‘rinib, turli yomon xayollarga ham borganman. Chunki to‘rtta bola bilan yolg‘iz qolish og‘ir ekan. Tanish-bilish ham bir yordam beradi, ikki beradi, keyin u ham odam, o‘z tashvishi bor hammaning. Shunday og‘ir kunda Xudo sizlarni yetkazdi. Ko‘rsatilgan yordamdan issiqxona qurdim, tomorqamni tikladim, mol-hol qildim. Topilgan daromaddan tikuv mashinasi olib, mahalladagi qiz-juvonlardan to‘rt-beshtasini ish bilan ta’minladim...» dedi.
Ochig‘i, o‘sha ayol bilan bo‘lgan uchrashuv mening ko‘nglimni ko‘tarib yubordi. Chunki Prezidentimiz boshlagan ishlar asta-sekin o‘z samarasini berayotir, odamlar dardiga malham bo‘layotir. Albatta, bu bir oila, bir ayol misolidagi holat. Mamlakatimizda esa ushbu ijtimoiy loyihalar tufayli dasturxoni barakaga, hayoti baxtga to‘layotgan oilalar yuz minglab topiladi.
Ijtimoiy himoya haqida gap ketganda, pensionerlar manfaati kuchli himoyaga olinayotganini ham eslatib o‘tish joiz. Hozir (2023 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra) O‘zbekiстон aholisining qariyb 12,4 foizi (4,5 million kishi) pensiya va nafaqa olmoqda. So‘nggi vaqtda ular soni yiliga 200-250 ming nafarga o‘sib bormoqda. Safning kengayishi bilan tizimda ham bir qancha o‘zgartirishlar qilishga ehtiyoj sezildi. 2017 yilgacha pensionerlarni qiynab kelgan muammolardan biri – ularga pullar naqd shaklda berilmayotganida edi. O‘sha yili 1 fevraldan boshlab mazkur masala yechim topdi: pensiya va nafaqalar istalgan shaklda – naqd yoki plastik karta orqali berila boshlandi.
Pensiya tizimidagi yana bir ijobiy o‘zgarish – 2019 yilda yuz berdi. Ya’ni pensiya hisoblashda ish haqiga belgilangan yuqori chegara pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 8 baravaridan 10 baravarga oshirildi. Buning natijasida 531 ming nafar fuqaroning pensiya miqdori oshdi. Qolaversa, o‘sha yilning 1 yanvaridan boshlab ishlaydigan pensionerlarga ham pensiyalarini to‘liq olish imkoniyati yaratildi. 2023 yilning 1 yanvaridan esa pensiya tayinlash uchun olinadigan o‘rtacha ish haqining yuqori chegarasi pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravariga yetkazildi.
VI
Taraqqiyotning tamal toshi ham, mamlakatni qudratli, millatni buyuk qiladigan kuch ham ilm-fan, ta’lim va tarbiyadir. Bu – inkor etib bo‘lmaydigan haqiqat. Shuning uchun ham O‘zbekistonda ta’lim tizimini kompleks rivojlantirish, malakali kadrlar tayyorlash maqsadlariga katta kuch va mablag‘lar yo‘naltirilmoqda. Bu jarayonda o‘qituvchilarning mavqeini yuksaltirish bo‘yicha ulkan ishlar qilindi. O‘qituvchi va o‘quvchilar yuqorida aytganimizdek, paxta terimi, dala yumushlari, obodonlashtirishu qurilish ishlari kabi har qanday turdagi majburiy mehnatdan, yana ham aniqroq aytganda, «tekin mardikor»likdan ozod qilindi.
Hammamiz yaxshi bilamizki, ta’lim tizimiga adolatsiz yondashuv muallimning obro‘yi, sha’ni, qadri haminqadar baholangani tufayli aksariyat erkak o‘qituvchilar ishini tashlab ketishga majbur bo‘lgandi. Buning oqibatida, qo‘pol bo‘lsa ham aytay, maktab va bolalar ta’lim-tarbiyasi ayol pedagoglar qo‘lida qolgandi. Farzand o‘stirayotgan har birimiz uyda, hayotda bolaga otaning, erkak kishining tarbiyasi nechog‘lik muhim ekanini yaxshi bilamiz va anglaymizki, bu pirovard natijasi ayanchli tus olishi mumkin bo‘lgan holat edi.
Xo‘sh, erkak o‘qituvchilar nega maktabni tashlab ketishgandi? Javob juda oddiy: ularning dars berib topadigan puliga kuni o‘tmay qolgandi. O‘zingiz o‘ylang, muallim ertayu kech ishdaman, deb yursayu, maoshi o‘zining ehtiyojiga yetmasa, oilaning boshi, ro‘zg‘orning ustuni bo‘lgan erkak uchun bundan og‘ir malomat bormi?! O‘sha yillari o‘z ishini qo‘yib, kun ko‘rish, ro‘zg‘or boqish uchun «ippodrom»ga chiqib ketgan nafaqat maktabdagi o‘qituvchilar, balki ilm-fanda ma’lum rutbayu obro‘ga ega yuzlab domlalarni ham ko‘pchiligimiz yaxshi bilamiz.
Albatta, bu gaplarni birovning holiga pisanda qilish, kulish uchun aytmayapman. Ahvol shunday edi. Va bu ko‘rgilikdan hech kim himoyalanmagandi ham.
Bugun insofi bor, vijdoni uyg‘oq odam tan olishi kerakki, ta’lim sohasida vaziyat o‘nglandi. Maktabga, muallimga ko‘rsatilayotgan e’tibor tufayli ustozlar o‘z sevimli kasblariga qaytishmoqda. Davlatimiz tomonidan ularni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, so‘nggi yillarda maktab o‘qituvchilarining oylik maoshlari 2,5 baravar, oliy ta’lim professor-o‘qituvchilarining oyligi 4 baravar oshirildi. Bugun oddiy qishloq maktablarida dars berayotgan o‘qituvchilar orasida ming dollar maosh oladigan ustozlar yuzlabni tashkil qiladi.
Yoki bu misolni OTM professorlari faoliyatida ko‘raylik. 2016 yilda ular 2 million so‘m atrofida maosh olgan bo‘lsa, 2023 yil 1 dekabrdan bu miqdor 11 million 148 ming so‘mga yetdi. Bundan tashqari, faol olimlarga ilmiy darajasi uchun byudjetdan yana 60 foizgacha ustama haq to‘lanmoqda. Umuman olganda, ta’lim sohasi bugun katta islohotlar maydoniga aylandi, desam, buni hech kim inkor eta olmaydi.
Birgina keyingi yillarda ayni jabhada paydo bo‘lgan Prezident maktablari tizimini olaylik. Boshlang‘ich ta’limning jahon andozalariga javob beradigan bunday tizimi bugun barcha viloyatlarda yaratildi. Va eng quvonarlisi, ularning bitiruvchilari dunyoning eng nufuzli universitetlariga kirish uchun grantlarni yutib olmoqdalar. Bundan tashqari, o‘sha islohotlar zamirida mamlakatimizda xususiy ta’lim rivojlantirildi, hozir 383 dan ortiq shu tipdagi maktablar va 65 dan ortiq nodavlat oliy ta’lim muassasalari faoliyat yuritmoqda.
Mamlakatimizdagi OTMlar soni 210 tadan oshdi. Ular orasida dunyoning nufuzli universitetlari filiallari ham bor. Oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 42 foizga ko‘tarildi.
Shu o‘rinda biz bugun deyarli unutib yuborgan tizimdagi xunuk bir manzarani eslamoqchiman. Bundan atigi 8 yil ilgari ham bahor oyoqlashi bilan poytaxt va OTMlar joylashgan shaharlarimiz qo‘ltig‘iga pul qistirgan ota-onalarga to‘lib ketardi. Maqsad – farzandini o‘qishga joylash. Bilim, adolat, omad degan tushunchalarga hech kim ishonmas, hammaning bilgani, sig‘ingani dollar edi. Chunki shu muomala bo‘lmasa, ish bitmasligini hatto bolalarning o‘zlari ham bilishardi. Ahvol bundayligining esa o‘ziga yarasha sabablari bor edi. Birinchidan, soha korrupsiya uyasiga aylangan bo‘lsa, ikkinchidan, mavjud OTMlar soni bitiruvchilar soniga mutanosib emasdi. Bugun o‘qishga kirish imkoni nihoyatda keng. Bir abiturent bir paytning o‘zida bir necha OTMga hujjat topshirishi va talaba bo‘lishi mumkin.
Xo‘sh, ayni o‘zgarishlarni bugun kim eslayotir?!.
Kezi kelganda aytish kerakki, bugun zamonaviy tipdagi maktablar qurish, eskirganlarini qayta rekonstruksiya qilish masalasi ham Prezidentimizning alohida nazoratida. Hozir eng olis, tog‘li yoki dashtu dalalardagi qishloqlarda ham toshu paxsadan ko‘tarilgan tomi loysuvoq, shifti chang-tutundan qorayib ketgan, yeri bir qarich changga botib yotadigan birorta maktab qolgan emas.
Bu haqiqatni tan olaylik. Vaholanki, yaqin-yaqingacha bolalarimiz ichiga kirishga odam qo‘rqadigan shunday binolarda saboq olishardi. Xo‘sh, bu ishlar xamirdan qil sug‘urganday oson bitgan, deb qaysi mard ayta oladi?! Taassufki, aksariyat hollarda biz bunday ishlarni nazardan qochiramiz, taassufki, savobning tagi teshik, deganday, saxovatni ham, mehnatni ham, o‘zgarishlarni ham tezda unutamiz...
Yoki ta’lim-tarbiya sohasining yana bir bo‘lagi – maktabgacha ta’lim tizimini olaylik. Ochig‘ini aytish kerak, sovet davrida uncha oliy maqomda va to‘kis bo‘lmasa-da, bu borada ma’lum tartib bor edi. Qishloqlarda ham «Yasli», «Detsad» degan gaplar bo‘lar va qishloq ayollari bolalarini o‘sha yerga berib, o‘zlari davlat ishida ishlashga yoki boshqa yumushlarga imkoniyat topganday bo‘lardi. Bu jarayon mustaqillik yillariga kelib «uzilib» qoldi. Shaharu qishloqlardagi bunday muassasalar yopilib, binosi va maydonlari yeng ichida sotib yuborildi.
Qiziqki, o‘rtada bir avlod, ayniqsa, qishloq joylarda «bolalar bog‘chasi» degan gapni go‘yo unutdi. Hatto, bu tushuncha maishiy hayotimizdan chiqib ketganday bo‘ldi. Lekin biz o‘sha mahallar ham zo‘r berib, «qishloq ayoliga sharoit yaratishimiz kerak, u ishlashi, o‘ziga qarashi, zamonaviy dunyoda shahar ayollari bilan teppa-teng sharoitga ega bo‘lishi kerak», deya lof urishdan tiyilmadik. Hech kimning xayoliga qishloqdagi ayolning uch-to‘rtta bolasi bor, ishga boradigan bo‘lsa, go‘daklarini etagiga solib boradimi, degan gap kelmadi. Buning ustiga, televizorga chiqib olib, qishloq ayoli ham o‘ziga zeb berib, orolanib yurishi kerak, bu oila mustahkamligida muhim omillardan biri, deya etika-estetikadan «dars» berdik. Nafsilamrini aytganda, bu gaplar xato emas edi: chindanam barcha ayol go‘zal bo‘lishga, baxtli hayot kechirishga loyiq. Ammo buni sharoit ko‘tarishi kerak, o‘sha sharoit esa yo‘q edi.
2016 yildan keyin ortiqcha urg‘u berilmasdan, shov-shuv va turli ijtimoiy-iqtisodiy sharh va «tushuntiruv»larsiz bu muammolarni ham hal qilishga kirishildi. Nazarimda, qay shaklda «piar» qilsa, ko‘proq olqish olish emas, mavjud muammoni tezroq hal etish ustida ko‘proq bosh qotirildi. Shu harakatlar samarasi o‘laroq, keyingi yillarda maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 6 barobarga ko‘paydi. Sohada xususiy sektor ishtiroki sezilarli darajada kengaydi. Olis va chekka hududlarda yuzlab oilaviy bog‘chalar tashkil etildi. Natijada bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish ko‘rsatkichi 74,3 foizga chiqdi. 2025 yilda bu ko‘rsatkichni 80 foizga yetkazish uchun barcha zarur choralar ko‘rilyapti.
Eng muhimi, O‘zbekistonda qabul qilingan «Ta’lim – 2030» konsepsiyasi asosida ushbu sohada islohotlar izchil davom ettirilmoqda.
Ammo meni hayron qoldiradigan bir jihat bor: ta’lim sohasida shuncha yangilanishlar olib borilayotgan ekan, o‘qituvchilar, professoru akademiklarning qadri yuksalayotgan ekan, nega ziyolilarimiz bu o‘zgarishlar haqida gapirmaydi yoki mulohazalari o‘zaro gurunglardan yuqoriga ko‘tarilmaydi?! Holbuki, ular bundan yetti-sakkiz yil oldingi vaziyatni oddiy odamlardan ko‘ra teranroq tushunishadi, bilishadi-ku?
VII
Mamlakatimizda aholiga malakali tibbiy yordam ko‘rsatishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Bunga keyingi yillarda sog‘liqni saqlash sohasiga byudjetdan ajratilgan mablag‘lar 7,3 trillion so‘mdan 24,7 trillion so‘mga, shifokorlarning o‘rtacha oylik maoshi 1131,2 ming so‘mdan 3282,7 ming so‘mga, hamshiralar maoshi 692,1 ming so‘mdan 2008,6 ming so‘mga, dori vositalari va tibbiy buyumlar uchun byudjetdan ajratilgan mablag‘lar 0,4 trillion so‘mdan 1,8 trillion so‘mga, tibbiyot sohasidagi OTMlar soni 7 tadan 9 taga, xususiy tibbiyot tashkilotlari soni 4 000 tadan 7 010 taga yetgani ham bir misoldir.
Ma’lumki, kasallikni davolashdan ko‘ra, uning oldini olish oila uchun ham, davlat uchun ham samarali va foydalidir. Shu bois mamlakatimizda profilaktik tibbiyot rivojiga ustuvor ahamiyat qaratildi. Eng avvalo, birlamchi tibbiyot bo‘g‘ini, tez va shoshilinch tibbiy yordam tizimi isloh qilinmoqda. Har bir mahallada «xonadonbay» ishlaydigan патронаж xizmatini tashkil etish orqali sog‘liqni saqlash tizimi aholiga yaqinlashtirildi. Birgina 2022 yili joylarda 136 ta oilaviy shifokorlik punkti va oilaviy poliklinika hamda chekka hududlarda 1000 dan ortiq mahalla tibbiyot punktlari tashkil etildi. Oilaviy shifokorlar tomonidan aholiga bepul tarqatiladigan 70 xildagi dori-darmon uchun mablag‘lar hajmi o‘tgan yillarga nisbatan 3 barobar oshirildi. Oilaviy poliklinikalarda kunduzgi davolash o‘rinlari tashkil etilishi natijasida 740 ming kishi shifoxonaga bormasdan, bevosita o‘zi istiqomat qilayotgan mahallada muolaja olish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Yuqori malaka va texnologiyalar talab qiladigan tibbiy xizmatlar ko‘lami ham kengaymoqda. Avvalambor, 25 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazining hududlarda yuzdan ortiq filiali faoliyat boshladi. Natijada ilgari poytaxtda amalga oshirilgan 200 turdagi operatsiya va tashxisni aksariyat mahalliy shifoxonalarda o‘tkazish imkoniyati yaratildi. 130 dan ziyod turdagi jarrohlik amaliyoti viloyat shifoxonalarida, 60 turi esa tumanlarda birinchi marta yo‘lga qo‘yildi. Tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 3,1 barobar oshirilib, ularning majburiy mehnatga jalb etilishiga chek qo‘yildi.
Eng muhimi, ko‘rilayotgan choralar natijasida aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 74,7 yoshdan oshishiga erishildi. Kelgusida ushbu ko‘rsatkichni 78 yoshga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Joriy yildan birlamchi bo‘g‘in orqali eng ko‘p uchraydigan 10 ta kasallikni davolash va 6 ta tibbiy xizmatdan iborat kafolatlangan tibbiy paketni aholiga bepul taqdim etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish, tug‘ish yoshidagi va homilador ayollar, bolalarga 7 turdagi vitaminlar, yod va foliy kislotasini bepul tarqatish ishlarini davom ettirish ko‘zda tutilmoqda.
VIII
Birda bunyod etish, birda vayron qilish insoniyatga xos tushuncha bo‘lib, azaldan yaqin qo‘shni, hamfikr va hammaslaklikda tarix so‘qmoqlaridan mardonavor o‘tib kelayotgan ota-bobolarimiz bu borada juda katta hayotiy tajribaga ega. Боiсi, asrlar mobaynida boshimizda ne-ne alp jahongirlarning nayzasi sinmadi deysiz?! Dono yo‘lboshchilar tufayli ba’zan xalqlarimiz tinch-totuv umrguzaronlik qildi, yurt obod bo‘ldi, ba’zan esa zulm va zalolat girdobida orzu-maqsadlarimiz vayron etildi.
Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo xalqlarining keyingi yillardagi hayoti aynan Shavkat Mirziyoyevning ezgu tashabbuslari bilan yaqin qo‘shnichilik, o‘zaro ishonchli va do‘stona hamkorlikning yangi davri sifatida tarix zarvaraqlariga muhrlanmoqda. Bugun biz ana shunday tarixiy davrning nafaqat kuzatuvchisi, balki faol ishtirokchisi ekanimizdan haqli ravishda faxrlansak arziydi.
Men ayni mavzudagi mulohazalarni juda ko‘p maqolalarimda tilga olganman va bundan keyin ham Muhtaram Prezidentimizning bu borada olib borayotgan tarixiy siyosatini qayta-qayta aytishdan charchamayman. Bu, leytmotiv bo‘lishga arziydigan, Shavkat Mirziyoyevning siyosiy irodasini yorqin namoyon etadigan fikrlar, tarixiy faktlar quyidagicha tartib olishi mumkin: qadimdan ajdodlarimiz qo‘shnichilik munosabatlarini qadriyat sifatida e’zozlab kelgan. Bu haqda gap ketganda, avloddan-avlodga o‘tib, tobora sayqallanib borayotgan «Qo‘shning tinch – sen tinch», «Uzoqdagi qarindoshdan yaqindagi qo‘shni yaxshi» kabi hikmatli iboralarni eslash o‘rinlidir.
Ammo tarixan o‘z tasdig‘ini topgan bu tushunchalar hayotimizga singib ketmadi; o‘tmishi, tiliyu dini, madaniyati bir bo‘lgan mintaqa davlatlari milliy siyosatlar va mafkuralar fonida og‘a-inidan ko‘ra ko‘proq begonaga, o‘zaro muloqotdagi til esa goh pinhon, gohida esa ochiq-oshkor mehr-muhabbat, do‘stlik lisonidan, diplomatik qochirim va pisandalar tiliga aylanib qoldi. Va hatto, ayni kayfiyat mintaqa davlatlari munosabatlarida o‘zaro «nafrat tili»ni shakllantirganday ham bo‘ldi. Boshqa davlatlardagi ahvolni qo‘yib turaylik, bundan sakkiz yil ilgari oddiygina gap, qo‘shnilar bilan bordi-keldimiz, chegara, bojxona tekshiruvi degan masalalar ahvoli qanday edi? Savdo-sotiq, madaniy aloqalar haqida-ku, gapirmasa ham bo‘ladi. Chunki bunday harakatlar deyarli unutilgandi.
Shavkat Mirziyoyev ana shunday og‘ir va qaltis bir vaziyatda hokimiyatga keldi. Mamlakat girdiga solingan temir panjaralarni sindirish, O‘zbekistonni ochiq mamlakatga aylantirish, ayniqsa, mintaqa davlatlari bilan muzlatilgan munosabatlariga iliqlik kiritishni o‘z tashqi va ichki siyosatining ustuvor maqsadi deb belgilagan Shavkat Mirziyoyev uchun bu mashaqqatli sinov edi. Ammo bugun xuddi kino tasmasidek ko‘z oldimizdan o‘tadigan o‘sha kunlar o‘z xayrli xotimasi bilan mazkur tarixiy syujetning qiymatini yanada oshirganiga guvoh bo‘lish odamda o‘zgacha shavq uyg‘otadi.
Haqiqatan ham, yurtimizning barcha hududlarida xalqlarimiz o‘rtasida quda-andachilik, qarindoshlik va qardoshlik an’analari uzilmas rishta sifatida o‘zaro chambarchas bog‘lanib ketgani hech kimga sir emas. Lekin esga olganimiz «muzlik davri»da bunday qadriyatlar oyoqosti bo‘lgani ayni haqiqatdir. Hech esimdan chiqmaydi, o‘sha kezlarda Toshkentdan vodiy viloyatlariga Tojikiston hududini kesib o‘tadigan temir yo‘l batamom qo‘porilib, o‘rniga daraxt o‘tqazib tashlash buyurilgan va shunday qilingan ham edi. Buning sababi nima ekanini aytmasam ham hamma tushunadi: o‘rtadagi sovuqchilik. Ammo birgina shu «siyosiy xarakter» ortidan iqtisodiyot qancha zarar ko‘rganini, odamlar nechog‘lik aziyat chekkanini o‘sha paytda o‘ylaydigan odam yo‘q edi.
Darvoqe, insonlar taqdiri. Men ayni jumlalarni yozarkanman, qo‘shni davlatdagi fuqarolar urushidan keyin minalashtirib tashlangan tog‘oldi chegara hududlarida portlab umri xazon bo‘lgan minglab odamlar taqdiri yuragimni o‘rtaydi. Aynan o‘rtadagi sovuqchilik sabab zararsizlantirilmagan hudud uzoq yillar «jahannam dalasi» sifatida odamlar qalbini qo‘rquv va xavotirga to‘ldirib turdi. Siyosatdagi bunday «qaysar» qat’iyat nafaqat iqtisodiy-siyosiy, balki ijtimoiy, deylik, xalqlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarga ham putur yetkazdi.
Aytaylik, Farg‘ona vodiysi, voha viloyatlarining chegara qishloqlarida yashovchi oilalar qo‘shni Tojikiston, Qirg‘izistonga to‘y-ma’rakaga borib kelishi uchun bir necha chig‘iriqdan o‘tishi, yuzlab chaqirim yo‘l bosishi kerak edi. Vaholanki, chaqirsa, bir-birining ovozini eshitadigan yaqin masofada yashovchilar shirin diydor uchun bitta ariq, mahalla yoki qishloq oralab o‘tib borsa, yetarli bo‘lardi.
Chegaradan o‘tish mashaqqatlari tufayli uzoq yillar yuzma-yuz ko‘risha olmagan, to‘yida xursandchiligiga sherik bo‘lolmagan, dunyodan o‘tganida so‘nggi manziliga kuzata olmagan insonlarning qayg‘u-iztiroblariga ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Yillar davomida ota-onasi, jondan aziz farzandlariga mushtoq yashayotganlarni ko‘rganda, dunyoda inson uchun chorasizlik, imkonsizlikdan ortiq azob yo‘q ekanini yurak-yurakdan his etardik. Chegaralar ochilgach, hayoti sog‘inchlarga aylangan insonlar bir-birining diydoriga to‘ydi, ko‘p yillik orzu-armonlar ushaldi. To‘y va ma’raka, sayohatlarga emin-erkin borib kelish imkoniyati yaratildi.
Davlatimiz rahbari yechimi cho‘ng bir siyosiy iroda talab qiladigan muammoni joyidan qo‘zg‘atdi: chegara, suv havzalari, transchegaraviy daryolardan foydalanish kabi faqat kengashib yechish mumkin bo‘lgan masalalarni hal etishga kirishdi.
O‘z o‘rnida aytish kerakki, geosiyosiy nuqtai nazardan o‘ta muhim zonada joylashgan mintaqamiz doim global qudratlar qiziqish markazida bo‘lib kelgan va ularning aksariyati bu yerda paydo bo‘lgan milliy davlatlarning yaqinlashuvini ta’sir o‘tkazishga zarar beruvchi omil o‘laroq baholaganlar. O‘tgan asrning boshlarida sovetlar tomonidan etnik prinsiplarga ko‘ra bo‘lib tashlangan Turkiston xalqlari mustaqil bo‘lganidan keyin ham ayirmachilik, bo‘lginchilik, millatchilik botqog‘idan chiqa olmadi.
Ayni shu sababga ko‘ra, amerikalik mashhur siyosatchi va davlat arbobi Zbignev Bjezinskiy geosiyosat atamashunosligiga «Yevroosiyo bolqonlari» degan tushunchani kiritganda, ehtimol, haq edi.
–.... Ovro‘pada «Bolqon» degan so‘z, – deydi u – darhol etnik ixtiloflar manzaralarini ko‘z oldingizga keltiradi va siz bu mintaqadagi ulug‘ davlatlarning o‘zaro mojarolarini eslab ketasiz. Yevroosiyo ham o‘zining «Bolqonlari»ga ega, biroq «Yevrosiyo Bolqonlari» hajmiga qaraganda ancha katta, aholisi yanada qalin va etnik jihatdan turfa xildir. Ular juda katta hududda joylashgan bo‘lib, global beqarorlikning markaziy zonasini tashkil qiladi va o‘z ichiga Janubi-Sharqiy Ovro‘pa rayonlarini, O‘rta Osiyoni, Janubiy Osiyo qismlarini, Fors qo‘ltig‘i va Yaqin Sharqni oladi...
Olim bu tarkibga to‘qqizta mamlakatni kiritadi va ularning beshtasi mintaqamiz davlatlaridir. Albatta, Bjezinskiy nimani nazarda tutganini tushunib turibmiz. U to‘g‘ri tusmollaganidek, mutaqillik yillarida mintaqamizda etnik xarakterdagi, hudud va suv talashish ustida bir necha tortishuvlar bo‘ldi. Va taassufki, bu mojarolarning ko‘pi qonli to‘qnashuvlar tarzida kechdi. Biroq мuсtaqillikdan so‘ng yigirma besh yillar o‘tgach, bu yerda ham ijtimoiy, ham siyosiy hayot o‘zgardi. Mulohazalarimizni Bjezinskiyga taqqosan aytadigan bo‘lsak, mintaqaga Shavkat Mirziyoyev olib kirgan siyosiy iqlim uning qarashlariga tahrir kiritdi.
Men shu o‘rinda o‘z mazmun-mohiyatiga ko‘ra juda ta’sirli bir misolni keltirmoqchiman. O‘tgan yili «Kabar» agentligiga bergan intervyularidan birida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov «Kampirobod» suv ombori masalasi atrofidagi ba’zi buzg‘unchi kuchlar, noto‘g‘ri va odamlarni chalg‘ituvchi fikrlarga qarshi o‘z pozitsiyasini qat’iy bildirib, jumladan, shunday degan edi:
“... Endi eng asosiy masalaga to‘xtalsam. O‘zbek tomoni shundoq ham O‘zbekistonga oqayotgan suvni qay usulda olishining bizga farqi bormi? Quvur orqalimi, ariq yoki havodanmi – ahamiyati yo‘q. Muhimi, har bir harakat o‘zaro kelishib olinishi kerak. Bundan buyon qirg‘iz – o‘zbek do‘stligi mustahkam bo‘ladi. Do‘stlik rishtalarimizni Xudodan boshқа hech kim uza olmaydi. Shu bois ham Yaratgan Egamdan hamisha tinch yashashimizni so‘rashimiz kerak”.
Qo‘shni mamalakatlaro‘rtasidagi siyosiy-iqtisodiy munosabatlarni kuzatib borayotgan ekspertu tahlilchilar, siyosatchilar juda yaxshi bilishadiki, Qirg‘iziston bilan aynan suv va chegara muammosida deyarli 25 yillik ixtilofimiz bor va u yechilmay kelayotgandi. Bugun bu muammolarning barchasi hal etildi. Bundan ham quvonarlisi, siyosat o‘zgardi, qarashlarimiz uyg‘unlashdi.
Mintaqa davlatlari o‘rtasida o‘zaro yaqinlashuv tendensiyasining kuchayganligi haqidagi fikrimni mustahkamlash uchun men yana bir kichik iqtibos keltirmoqchiman. Bu – Qozog‘iston rahbari Qosim-JomartToqayevga tegishli. 2024 yil 16 may kuni o‘z mamlakatida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari xavfsizlik kengashi kotiblarining birinchi yig‘ilishida u shunday dedi:
“Hamkorlik va o‘zaro ishonchni rivojlantirish yo‘lida vaziyat tubdan o‘zgarganini mamnuniyat bilan qayd etamiz. To‘liq mas’uliyat bilan ayta olaman: tom ma’noda 10 yil avval Markaziy Osiyo mintaqasida bunday holat yo‘q edi. Hozir davlat rahbarlari, hukumat rahbarlari, xavfsizlik kengashlari kotiblari, huquq-tartibot idoralari rahbarlari u yoqda tursin, xo‘jalik boshqarmalariga rahbarlik qilayotgan insonlar bir-biri bilan chambarchas aloqada. Bu esa Markaziy Osiyo mintaqasidagi vaziyat barqaror rivojlanish sari intilayotganidan juda yaxshi dalolatdir”.
Darhaqiqat, keyingi yillarda mintaqadagi o‘zgarishlarni nafaqat xalqlarimiz yoki siyosiy elitamiz, balki tashqarida turganlar, siyosatchiyu tahlilchilar ham sezishmoqda, e’tirof etishmoqda. Jumladan, AQSHning Pittsburg universitetidagi Boshqaruv va bozorlar markazi direktori Jennifer Brik Murtazashvili o‘tgan yili xorijiy OAVlarga bergan bir intervyusida shunday degan edi: «... Markaziy Osiyoni boricha ko‘rish vaqti keldi. Bu endi postsovet hududi emas. U Yevroosiyo. Men Markaziy Osiyoga postsovet prizmasi orqali qarab kelingan deb o‘ylayman, unga Yevroosiyo superkontinentining yuragi sifatida qaralmadi...».
Uning uzoq vaqtdan beri Markaziy Osiyoni o‘rganib kelayotgan mutaxassis ekanligini hisobga oladigan bo‘lsak, iddaosi birmuncha асослi va salmoqli ekanligi oydinlashadi. Ammo Qirg‘iziston va Qozog‘iston rahbarlari ham, AQSHlik olima ham birdek quvonib e’tirof etayotgan bu ulkan o‘zgarishlar qanday sodir bo‘ldi, nimaning hisobiga bunday natijalarga erishildi? Garchi, ko‘pincha ochiq aytilmayotgan bo‘lsa-da, ayni harakatlar ortida kim turganini dunyo ham, mintaqa xalqlari ham juda yaxshi tushunadi. Anglab turganingizdek, bu jarayonlar Shavkat Mirziyoyev shaxsiyati va siyosiy irodasi bilan bog‘liq.
Shu o‘rinda gap ming yillardan buyon qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yashab kelgan xalqlarimiz haqida ketar ekan, bir jihatni ochiq tan olish kerak: davlatimiz rahbari siyosati tufayli bugun qo‘shni davlatlar o‘rtasida yuzaga kelgan iliq munosabatlar xalqlarimiz hayotida, kayfiyatida ham o‘zgachalik kasb eta boshladi. Masalan, yaqinda mamlakatimiz futbolchilari Parij olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritganda ijtimoiy tarmoqlar sportchi yoshlarimiz nomiga yo‘llangan hamdu sanoyu, shirin tilaklarga to‘lib ketdi. Omad tilaganlar orasida minglab qozog‘istonlik, tojikistonlik, turkmanistonlik va qirg‘izistonlik qo‘shnilarimizning borligi meni xursand qildi, ochig‘i. Chunki ulardagi samimiyat davlatlarimiz va odamlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar chin ma’noda mustahkamlanayotganini namoyon etib turardi.
Darhaqiqat, samimiyat samimiylikka chorlaydi, degan gap ayni haqiqatdir. Bundan atigi o‘n yillar oldin bir-biriga bepisandlik bilan qaraydigan xalqlarimiz qo‘shnisining, birodarining g‘alabasidan xursand bo‘layotgan ekan, buni ijtimoiy mutaxassislar tilida aytganda, beqaror etnik kontekstdagi tarixiy islohot, deyish mumkin bo‘ladi. Zotan, bugundan ko‘p ham nari bo‘lmagan zamonlarda ham o‘zaro kamsitish, sha’nini yerga urish, kimo‘zarga qasdlashish ma’lum ma’noda hayot tarzimiz edi...
IX
Tabiiyki, bitta maqolada O‘zbekiston rahbarining mamlakat, mintaqa va tashqi siyosatda olib borgan siyosatini to‘liq qamrashning imkoni yo‘q. Shu bois men mazkur islohotlar, tarixiy yangilanishlarning ba’zilarigagina muxtasar to‘xtaldim. Va angladimki, shu jarayonning o‘zi ham Millatimiz Liderining yorqin siymosi – siyosiy portretini aniq tasavvur qilishga imkon beradi.
Maqolani Prezidentimizning so‘zlaridan olingan iqtibos bilan boshlagan edik. Albatta, buning sababi bor edi. Davlatimiz rahbari o‘sha uchrashuvda, mening nazarimda, xalqqa yuragini ochdi. Yuragidagi orzu-armonlari, dilining tub-tubidagi niyatlarini el bilan baham ko‘rdi. Qalbdan otilib chiqqan bu yoniq so‘zlar Prezidentimizning o‘z xalqi oldida bergan hisobidek edi.
Ayni otashin nutq qalblarimizda aks-sado bergani bor gap. Zotan, umrini xalq uchun tikkan Millat Liderining qat’iyati, Vatanga va Millatga bo‘lgan so‘nmas muhabbati, men ishonamanki, Yangi O‘zbekistonning porloq kelajagini yaratish yo‘lida barchamiz uchun ilhom sarchashmasi bo‘lib xizmat qilajak.
Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos
O‘zA
- Qo'shildi: 21.05.2024
- Ko'rishlar: 1636
- Chop etish