Birlashgan Millatlar Tashkiloti Inson huquqlari kengashining Jenevada bo'lib o'tayotgan 44-sessiyasi doirasida 2020 yil 13 iyul` kuni BMT Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayanning 2019 yili O'zbekistonga amalga oshirgan rasmiy tashrifi yakunlariga doir ma'ruzasini ko'rib chiqishga bag'ishlangan videokonferentsiya o'tkazildi.
BMTga a'zo mamlakatlar delegatsiyalarining bevosita ishtirokisiz o'tayotgan Inson huquqlari kengashining ushbu sessiyasi ishida Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasi onlayn rejimda ishtirok etdi.
Sessiyada BMT Maxsus ma'ruzachisining tashrifi yakunlari yuzasidan taklif etilgan tavsiyalar asosida mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar haqida O'zbekiston delegatsiyasining sharhlari ham tinglandi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi o'z ma'ruzasida O'zbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalarni alohida ta'kidladi. Xalqaro hamjamiyat e'tibori, avvalambor, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O'zbekistonda davlat institutlari va siyosatni isloh etish hamda modernizatsiya qilish bo'yicha keng qamrovli dastur ishlab chiqilganiga qaratildi. Hozirgi davrda odil sudlov tizimida amalga oshirilayotgan islohot ana shu dasturning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.
Diego Garsiya-Sayan Prezident Shavkat Mirziyoev o'z lavozimini bajarishga kirishgan paytidan boshlab amalga oshirgan muhim ishlar qatorida, jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqshunoslarning o'z kasbiy faoliyatini yanada erkin bajarishini ta'minlashga qaratilgan islohotlarning muayyan amaliy natijalarini sanab o'tdi.
Xususan, O'zbekistonda sud hokimiyati va sudlar xizmatini tashqi siyosiy bosimlardan muhofaza qilish borasida keng vakolatlarga ega bo'lgan konstitutsiyaviy organ sifatida Sud`yalar oliy kengashi tashkil etilgan. Sud tizimi qayta tuzilgan, xususan, Oliy xo'jalik sudiga tegishli vazifalar Oliy sud tasarrufiga o'tkazilgan.
Ma'muriy ishlar bo'yicha sudlarning yangi tizimi yaratilgan. Adliya vazirligi zimmasidagi sudlar faoliyatining ma'muriy jihatlari bilan bog'liq ayrim ma'muriy va texnik funktsiyalar Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini ta'minlash bo'yicha departament ixtiyoriga berilgan.
Mamlakatda prokurorlarga nisbatan munosabatda sud`yalar mustaqilligining o'ziga xos ko'rsatkichi sifatida, jinoyat ishlari bo'yicha oqlov hukmlari miqdori ortib bormoqda. Sud`yalik lavozimlariga nomzodlarni saralash va tayinlashning yangi tartib-taomillari joriy etilgan. Sud`yalar almashtirilmasligi kafolatlarini mustahkamlash bo'yicha amaliy choralar ko'rilgan.
Sud`yalarni birlamchi va uzluksiz tayyorlash tizimini mustahkamlashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan, jumladan, Sud`yalar oliy kengashi huzurida Sud`yalar oliy maktabi ochilgan. Sudlar chiqargan qarorlar Oliy sud veb-saytida muntazam ravishda e'lon qilib borilmoqda. Odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini osonlashtirish hamda bu boradagi shaffoflikni oshirishga qaratilgan elektron tartib-taomillar bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.
Korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha siyosat sohasida bir qator muhim islohotlar amalga oshirilgan. Xususan, Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun qabul qilingan va bunday choralarni amalga oshirish uchun ta'sirchan mexanizmlar yaratilgan.
BMT Maxsus ma'ruzachisining fikricha, ushbu amaliy chora-tadbirlarni tom ma'noda mustaqil va xolis odil sudlov tizimini barpo etish yo'lidagi dastlabki qadamlar deb hisoblash lozim. Sud hokimiyati davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan haqiqatan ham mustaqil bo'lishiga erishish hamda sud`yalar, prokurorlar va advokatlar o'z kasbiy faoliyatini hech qanday asossiz aralashuvlar va bosimlarsiz amalga oshirishlarini ta'minlash uchun hali juda ko'p ishlar qilish kerak bo'ladi.
D. Garsiya-Sayan ma'ruzasi yakunida O'zbekistonda sud`yalar va prokurorlar mustaqilligini yanada mustahkamlash hamda huquqshunoslar o'z kasbiy faoliyatini erkin amalga oshirishlarini ta'minlashga qaratilgan bir qator tavsiyalar ham berdi. Xususan, mamlakatimiz sud-huquq tizimini takomillashtirish istiqbollariga taalluqli quyidagi tavsiyalar taqdim etildi:
- sud-huquq tizimidagi islohotlarni xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirishni davom ettirish, xususan, xalqaro huquq normalarining milliy huquq normalaridan ustunligini konstitutsiyaviy asosda mustahkamlab qo'yish;
- sudlar faoliyatiga boshqa hech qanday organlarning aralashmasligiga erishish, ya'ni sud hokimiyatining tom ma'nodagi mustaqilligini ta'minlash;
- Sudyalar oliy kengashining mustaqilligini mustahkamlash va vakolatlarini kengaytirish, uni shakllantirish tartibini yanada mukammallashtirish;
- sudyalik lavozimiga nomzodlarni saralash tartib-taomillarini takomillashtirish;
- sudyalarning vakolat muddatlarini qayta ko'rib chiqish;
- sud tizimida gender tenglikni, ya'ni ayol sud`yalar ham teng asosda ishlashini ta'minlash;
- prokuratura organlarining vakolatlarini cheklash;
- advokatlarning maqomi va mustaqilligini mustahkamlash;
- odil sudlov imkoniyatlari va malakali yuridik yordamdan barchaning, jumladan, nogironlarning ham erkin foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Maxsus ma'ruzachisining ma'ruzasida qayd etilgan tavsiyalarning aksariyati mamlakatimiz tomonidan o'tgan qisqa davrda bajarilgan. Ayni vaqtda ushbu tavsiyalarning qolgan qismi izchillik bilan amalga oshirilmoqda.
E'tiborli jihati shundaki, O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev shu yil 30 iyun` kuni odil sudlovni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida mamlakatimiz sud-huquq tizimining navbatdagi bosqichi uchun belgilab bergan yangi vazifalarning mohiyati ham BMT Maxsus ma'ruzachisining bu boradagi fikrlari, umuman, BMT Inson huquqlari kengashining 44-sessiyasida bildirilgan tavsiyalar bilan uyg'un va hamohangdir.
Inson huquqlari bo'yicha
O'zbekiston Respublikasi
Milliy markazining
matbuot xizmati
- Qo'shildi: 13.07.2020
- Ko'rishlar: 4179
- Chop etish