Joriy yil 30 iyunodil sudlovni ta'minlash va korruptsiyaga qarshi kurashish borasidagi vazifalar muhokamasiga bag'ishlab o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev ana shu qat'iy va haqqoniy talabni kun tartibiga qo'ydi.
Davlatimiz rahbari bundan uch yil oldin ayni mavzuda sud`yalar korpusi bilan uchrashuv o'tkazib, jumladan, "Sud`yalarning ongida – adolat, tilida – haqiqat va dilida – poklik ustuvor bo'lishi shart", deya ta'kidlagandi. O'sha yig'ilishda Prezidentimiz qadimgi zamon faylasufi Sitseronning "Erkin bo'lishni xohlasang, qonunning quliga aylan" degan hikmatli so'zlari mag'zini chaqib, sud-huquq sohasi mas'ullariga atroflicha tushuntirib bergandi.
Videoselektor yig'ilishida qayd etilganidek, uch yil avval belgilab berilgan ustuvor vazifalar yuzasidan o'tgan davrda 20 dan ortiq qonun, farmon va qarorlar qabul qilingan. Islohotlar natijasida sudlar tomonidan ilk marotaba 2 ming 273 nafar fuqaroga nisbatan oqlov hukmi chiqarilgan.
Shuningdek, jinoyat yo'liga bilib-bilmay kirgan 3,5 mingdan ortiq yoshlar va xotin-qizlarga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo'llanmasdan, ular mahalla va jamoatchilik kafilligiga olingan. Inson huquqlarini buzganligi uchun huquq-tartibot idoralarining 60 nafar xodimi jinoiy javobgarlikka tortilgan.
Xalqaro hamkorlik va jahoniy e'tirof
Haqiqatan ham, so'nggi yillarda sud-huquq sohasida amalga oshirilgan islohotlar amaliy natijasini bermoqda. Bu yo'nalishda yangi qabul qilingan qonunlar, joriy etilayotgan ta'sirchan aniq mexanizmlar, miqdori tobora ortib borayotgan oqlov hukmlari – bu kabi ijobiy holatlar yurtdoshlarimizda adolat, baxtli hayot va kelajakka ishonchni yanada mustahkamlamoqda.
Sud-huquq sohasida erishilayotgan samaralar xalqaro ko'lamda ham e'tirof etilmoqda. Jumladan, yaqinda BMTning Inson huquqlari bo'yicha oliy komissari, shuningdek AQSH Davlat departamenti o'z hisobotlarida O'zbekistonda amalga oshirilayotgan shiddatli o'zgarishlar, xususan, diniy e'tiqod erkinligini ta'minlash va odam savdosiga barham berish borasidagi islohotlarga ijobiy munosabat bildirdi.
BMTning Sud`yalar va advokatlar mustaqilligi masalalari bo'yicha maxsus ma'ruzachisi Diego Garsiya-Sayan O'zbekistonga amalga oshirgan tashrifi yuzasidan o'z ma'ruzasini BMT Inson huquqlari kengashining navbatdagi sessiyasiga taqdim etdi. Ushbu ma'ruzada O'zbekistonda keyingi yillarda sud-huquq tizimida erishilgan ijobiy natijalar alohida ta'kidlangan.
Diego Garsiya-Sayan, avvalambor, Prezident Shavkat Mirziyoev rahbarligida O'zbekistonda davlat institutlari va siyosatni isloh etish hamda modernizatsiya qilish bo'yicha keng qamrovli dastur ishlab chiqilganiga xalqaro hamjamiyat e'tiborini qaratgan. Hozirgi davrda odil sudlov tizimida amalga oshirilayotgan islohot ana shu dasturning tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi Prezident Shavkat Mirziyoev o'z lavozimini bajarishga kirishgan paytidan boshlab amalga oshirgan muhim ishlar qatorida, jumladan, sud hokimiyati mustaqilligini mustahkamlash va huquqshunoslarning o'z kasbiy faoliyatini yanada erkin bajarishini ta'minlashga qaratilgan islohotning 8 ta amaliy natijasini birma-bir sanab o'tgan.
Birinchi natija – sud hokimiyati va sudlar xizmatini tashqi siyosiy bosimlardan muhofaza qilish borasida keng vakolatlarga ega bo'lgan konstitutsiyaviy organ sifatida Sud`yalar oliy kengashi tashkil etilgan.
Ikkinchi natija – sud tizimi qayta tuzilgan, xususan, Oliy xo'jalik sudiga tegishli vazifalar Oliy sud tasarrufiga o'tkazilgan, ma'muriy ishlar bo'yicha sudlarning yangi tizimi yaratilgan hamda Adliya vazirligi zimmasidagi sudlar faoliyatining ma'muriy jihatlari bilan bog'liq ayrim ma'muriy va texnik funktsiyalar Oliy sud huzurida yangi tashkil etilgan Sudlar faoliyatini ta'minlash bo'yicha departament ixtiyoriga berilgan.
Uchinchi natija – prokurorlarga nisbatan munosabatda sud`yalar mustaqilligining o'ziga xos ko'rsatkichi sifatida, jinoyat ishlari bo'yicha oqlov hukmlari miqdori izchil ortib bormoqda.
To'rtinchi natija – sudyalik lavozimlariga nomzodlarni saralash va tayinlashning yangi tartib-taomillari joriy etilgan;
Beshinchi natija – sudyalar almashtirilmasligi kafolatlarini mustahkamlash bo'yicha amaliy choralar ko'rilgan.
Oltinchi natija – sudyalarni birlamchi va uzluksiz tayyorlash tizimini mustahkamlashga qaratilgan bir qator ishlar amalga oshirilgan, shu jumladan, Sud`yalar oliy kengashi huzurida Sud`yalar oliy maktabi ochilgan.
Yettinchi natija – sudlar chiqargan qarorlar Oliy sud veb-saytida muntazam ravishda e'lon qilib borilmoqda va odil sudlovdan foydalanish imkoniyatlarini osonlashtirish hamda bu boradagi shaffoflikni oshirishga qaratilgan elektron tartib-taomillar bosqichma-bosqich tatbiq etilmoqda.
Sakkizinchi natija – korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha siyosat sohasida bir qator juda muhim islohotlar amalga oshirilgan, xususan, Korruptsiyaga qarshi kurashish to'g'risidagi qonun qabul
qilingan va bunday choralarni amalga oshirish uchun ta'sirchan mexanizmlar yaratilgan.
D. Garsiya-Sayanning fikricha, ushbu chora-tadbirlarni tom ma'noda mustaqil va xolis odil sudlov tizimini barpo etish yo'lidagi dastlabki qadamlar deb hisoblash lozim. Sud hokimiyati davlat hokimiyatining boshqa tarmoqlaridan haqiqatan ham mustaqil bo'lishiga erishish hamda sud`yalar, prokurorlar va advokatlar o'z kasbiy faoliyatini hech qanday asossiz aralashuvlar va bosimlarsiz, erkin amalga oshirishlarini ta'minlash uchun hali juda ko'p ishlar qilish kerak bo'ladi.
BMT Maxsus ma'ruzachisi bu borada bir qator tavsiyalar ham bergan.
Birinchi tavsiya: islohotlarni davom ettirish, xususan, sud islohotlarini xalqaro standartlarga mos ravishda amalga oshirish;
ikkinchi tavsiya: sudlar faoliyatiga boshqa hech qanday organlarning aralashmasligiga erishish;
uchinchi tavsiya: Sud`yalar oliy kengashi vakolatlarini kengaytirish;
to'rtinchi tavsiya: oliy yuridik ta'limni rivojlantirish;
beshinchi tavsiya: sud tizimida gender tenglikni, ya'ni ayol sud`yalar ham ishlashini ta'minlash va nogironlar odil sudlov imkoniyatlaridan boshqalar bilan teng asosda foydalanishlari uchun zarur sharoitlar yaratish.
Ushbu tavsiyalarning aksariyati o'tgan qisqa davrda amalga oshirilgan va oshirilmoqda. E'tiborli jihati shundaki, O'zbekiston Prezidenti mamlakatimiz sud-huquq tizimining navbatdagi bosqichida belgilab bergan yangi vazifalarning mohiyati ham BMT Maxsus ma'ruzachisining bu boradagi fikrlari bilan uyg'un va hamohangdir.
Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat
Mamlakatimiz sud-huquq tizimida yuz berayotgan ijobiy o'zgarishlarga mahliyo bo'lib, oldimizda turgan muhim ishlardan chalg'ib qolmasligimiz kerak. Prezidentimiz ta'biri bilan aytganda, "xalqimiz sud-huquq tizimidan rozi, deyishga hali erta".
Birgina misol: so'nggi 3,5 yilda surishtiruv va tergov jarayonlarida qiynoqlarga yo'l qo'ymaslik bo'yicha jiddiy va ortga qaytmaydigan islohotlar amalga oshirildi. Ammo, afsuski, Andijon shahar va Chiroqchi tuman ichki ishlar idoralarida yaqinda sodir bo'lgan fojiali holatlar tufayli ikki nafar inson hayotdan bevaqt ko'z yumdi.
Bunday noxush holatlar, bir tomondan, qiynoq qurbonlari yaqinlarining tizim rahbarlaridan emas, davlatdan norozi bo'lishiga olib kelmoqda. Ikkinchi tomondan, sohadagi ayrim xodimlarning loqaydligi va bilimsizligi keng jamoatchiligimiz va xalqaro hamjamiyat ko'z o'ngida islohotlarimizni obro'sizlantirmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 22 iyundagi Farmoni bilan tasdiqlangan Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi doirasida 53 ta normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish, 37 ta chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqish va amalga oshirish hamda 8 ta xalqaro shartnomani ratifikatsiya qilish – jami 98 ta hujjat ustida izchil ish olib borish belgilangan.
Xususan, sud faoliyatiga oid 5 ta Kodeks, ya'ni Jinoyat kodeksi, Jinoyat-protsessual kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Jinoyat-ijroiya kodeksi va Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksni yangi tahrirda ishlab chiqish ko'zda tutilgan. Sud`yalar hamjamiyati organlarining huquqiy asoslari ham shakllantiriladi. Shuningdek, "Advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risida" hamda "Bepul yuridik yordam to'g'risida"gi yangi qonunlar ishlab chiqiladi.
Ammo, qonunlarning qabul qilinishi, o'z-o'zidan, odil sudlov sifatini oshirishga olib kelmasligi bor gap. Shuning uchun Yurtboshimiz bu borada muayyan yangi tashabbuslarni ilgari surdi.
Jumladan, hozirgi kunda faoliyat yuritayotgan sud`yalarning atigi 14 foizi, ya'ni 147 nafarini ayollar tashkil etishini inobatga olgan holda, gender tenglikka e'tibor qaratish lozim. Sud statistikasi oshkoraligini ta'minlash ham bugungi kunning muhim vazifasidir.
Davlat rahbari qayd etganidek, ichki ishlar idoralari ma'muriy binolari, jazoni ijro etish joylariga o'rnatilgan barcha kuzatuv kameralari Ichki ishlar vazirligi markaziy apparatiga ulanishini ta'minlash zarur.
Sudlar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan inson huquqlari bo'yicha xalqaro shartnomalar normalarini qo'llash amaliyotini kengaytirish davr talabidir. Dastlabki amaliy qadamlardan biri – sud zalida temir panjaralardan foydalanishning bekor qilinishi bo'lib, bu ham insonparvarlik tamoyili amalda ekanini ko'rsatadi.
Sud`yalar, umuman, yuristlarning xalqaro huquq sohasi bo'yicha savodsizligi eng katta muammolardandir.
Inson huquqlari bo'yicha milliy markazga Ombudsman va Toshkent davlat yuridik universiteti bilan birga "Inson qadr-qimmati – eng oliy qadriyat" maxsus o'quv modulini ishlab chiqish vazifasi yuklandi. Ushbu modul bo'yicha tasdiqlanadigan aniq jadval asosida huquq-tartibot idoralari rahbar xodimlarini o'qitish tashkil etiladi.
Sud`yalar oliy maktabida "Inson huquqlari va xalqaro huquq" kafedrasini ochish zarurligiga e'tibor qaratilgani ham tahsinga loyiq. Zero, inson huquqlarini o'qitish bu – nafaqat xalqaro majburiyatlarni bajarish, balki demokratik, insonparvar va xalqparvar sud-huquq tizimini rivojlantirishning eng muhim shartlaridan biridir.
Salohiyatsiz sudya – tobe sud`yadan ham xavfliroq
Mamlakat rahbari joriy yilda aholidan kelib tushgan murojaatlarning 8 mingdan ziyodi yoki 44 foizida sudlarda ishlar to'liq va xolis ko'rilmayotgani, uzoq muddat cho'zilayotgani bildirilgani xususida to'xtaldi. Ayrim viloyatlarda jinoyat va fuqarolik sudlari, ma'muriy va iqtisodiy sudlar ustidan shikoyatlar ko'paygani tashvish uyg'otmay qolmaydi.
Shu nuqtai nazardan, parlament deputatlari va senatorlari o'zlari saylangan hududlarda sud`yalar korpusi, sektor rahbarlari va jamoatchilikni jalb qilgan holda, odil sudlovga ko'maklashish va korruptsiyaga qarshi kurashish bo'yicha doimiy muloqotlarni davom ettirishlari lozim.
O'tgan yili iqtisodiy sudlarda apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibida ko'rilgan ishlarning 2,5 mingdan ortig'i, ya'ni 44 foizi bekor qilingan yoki o'zgartirilgan. Prezidentimiz haqli tanqid qilganidek, bu – har ikki shikoyatdan biri bo'yicha tuman va viloyat iqtisodiy sudi chiqargan qarorlar yuqori sudda o'zgarayotgani, tadbirkor va investorlar sarson bo'layotganidan dalolat beradi.
Shu bois sud hokimiyati sohasining mas'ullariga ilg'or tajribalar va xalqaro standartlar asosida sud tizimini "bir sud – bir instantsiya" tamoyili asosida qisqa fursatda qayta ko'rib chiqish tavsiya etildi. Bunda tuman (shahar) va viloyat sudlari hamda Oliy sud vakolatlari aniq chegaralab qo'yiladi. Tuman va shaharda ishlar faqat birinchi bosqichda, viloyatda – apellyatsiya, Oliy sudda esa, kassatsiya shaklida ko'riladi.
Endilikda sud tizimida eskilik sarqiti bo'lgan "nazorat tartibida ishlarni ko'rish" amaliyotidan to'liq voz kechiladi. Zero, bu amaliyot sudning mazmun-mohiyatiga to'g'ri kelmasligi uning nomidan ham ko'rinib turibdi.
Davlat rahbari sud`yalarning adolatli qaror qabul qilishlariga ta'sir o'tkazadigan barcha omillarni bekor qilish zarurligini qayd etdi. Xususan, Oliy sud raisi va Bosh prokurorning protest keltirish huquqini bekor qilish bo'yicha taklif parlament palatalari tomonidan ko'rib chiqiladi.
Yig'ilishda ayrim sud`yalar qaror chiqarishda faqat sud majlisida tekshirilgan dalillarga asoslanmasdan, tergov materiallariga bog'lanib qolayotgani ham tanqid qilindi. Binobarin, bunday holatlar qonun, sud va davlat obro'siga putur yetkazadi.
Bundan buyon sud majlislarini audioyozuvdan foydalangan holda majburiy qayd etish tizimini joriy etish zarur. Toki, odil sudlov xalqning ko'z o'ngida ochiq-oshkora amalga oshirilib, adolat qaror topsin.
Sud faoliyatida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish bugungi davr talabidir. Joriy yil yakuniga qadar Oliy sudda yagona “Adolat” axborot tizimlari kompleksi ishga tushiriladi. Bunda barcha uchun sudlarga elektron murojaat qilish, murojaatlar holatini onlayn tarzda kuzatish, taraflarga ma'lumotlarni elektron shaklda yuborish imkoniyati yaratiladi.
Sud faoliyatiga aralashishga hech kimning haqqi yo'q, deb ta'kidladi Prezidentimiz. Sudlarning fuqaro va tadbirkorlar foydasiga chiqargan qarorlari tufayli birorta rahbar ularga tazyiq o'tkazishga harakat qilsa, islohotlarimizga xiyonat qilgan bo'ladi.
Salohiyatsiz, ya'ni bilimsiz, tajribasiz va uquvi yo'q sudya tobe va qaram sud`yadan ko'ra ham xavfliroqdir. Shu ma'noda, sud hamjamiyatining madaniyatini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega.
Sudyalar oliy kengashi, ayniqsa, Sud`yalar oliy maktabi faoliyatida shaffoflik va xolislikni ta'minlash lozim. Sudyalar oliy kengashi tarkibini ham xalqaro standartlarga asosan takomillashtirish taqozo etiladi.
Bugungi davr hamda shiddatli islohotlar sur'ati sud`yalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining kasb malakasini doimiy ravishda oshirib borishni talab qilmoqda. O'tgan yili Sud`yalar oliy maktabida sud`yalarning 12 foizi, ya'ni 155 nafari va sud xodimlarining 2,7 foizi – 85 nafari malaka oshirgan.
Bu ishlarni yanada kengaytirish zarur. Bunda, koronavirus karantini sharoitidan kelib chiqqan holda, masofaviy ta'limni yo'lga qo'yish lozim. Zero, sud tizimi xodimlarini qayta tayyorlash va muntazam malakasini oshirish – qonuniy, xolis va odil sudlovning muhim omilidir.
Advokatura – odil sudlovning ajralmas qismi
Odil sudlovni ta'minlash uchun inson huquqlarini mustaqil va ishonchli himoya qiluvchi yana bir muhim tizim – advokatura institutining munosib o'rni va mavqeini ta'minlash darkor. Binobarin, odil sudlovning ajralmas qismi bo'lmish ushbu institutning adolat qaror topishidagi o'rni beqiyosdir.
Ma'ruzada ushbu sohaga taalluqli bir qator raqamlar keltirildi:
- O'zbekistonda bugun 4 ming atrofida advokat faoliyat ko'rsatmoqda;
- yurtimizdagi 8,5 ming aholiga o'rtacha bitta advokat to'g'ri keladi;
- advokatlarning 43 foizi Toshkent shahrida faoliyat ko'rsatmoqda;
- viloyatlarning 20 ta tumanida birorta ham advokatlik firmasi ro'yxatdan o'tmagan.
Prezidentimiz bu yo'nalishda ham bir qancha vazifalarni belgilab berdi. Jumladan:
advokatlik faoliyatini boshlashi uchun yosh mutaxassislardan 2 yil yuridik staj talab etish bekor qilinadi;
talabalikdan advokat yordamchisi sifatida amaliyot o'tash tartibi joriy etiladi;
yuridik oliy o'quv yurtlarida “advokatlik faoliyati” mutaxassisligi bo'yicha magistrlar tayyorlash yo'lga qo'yiladi;
davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatadigan advokatlarni elektron tanlash tizimi ishga tushiriladi. Bu tizim dastlab poytaxtimizda eksperiment tariqasida joriy etiladi;
o'ta og'ir jinoyatda ayblanayotgan shaxslarning ishi bo'yicha, bundan tashqari, qamoqqa olish yoki uy qamog'i tarzidagi ehtiyot chorasini qo'llash masalasi ko'rib chiqilayotgan holatlarda ham advokat ishtirokining majburiyligi belgilab qo'yiladi;
advokatlik faoliyati jozibadorligini oshirish, bu kasb egalarining himoyasi va kafolatini kuchaytirish bo'yicha qonun hujjatlari paketi ishlab chiqilib, keng muhokama uchun e'lon qilinadi.
Shu ma'noda, Milliy strategiya doirasida ishlab chiqiladigan "Advokatura va advokatlik faoliyati to'g'risida"gi qonunda quyidagi muhim omillar qamrab olingani e'tiborga molik:
- advokatlik faoliyatini tashkil etish, advokatlar mustaqilligi kafolatlari va ularning daxlsizligini ta'minlash;
- advokaturani aholi ishonchini qozongan institutga aylantirish, professional huquqiy yordam sifatini oshirish va advokat kasbining nufuzini yuksaltirish;
- shuningdek, sud jarayonida tenglik va tortishuv tamoyillarini to'liq ta'minlash nazarda tutiladi.
Prokuratura va tergov: muammolar bor, yechimlar ham
Davlatimiz rahbari hozirgi tergov sifati va xodimlar malakasi talabga javob bermasligini tanqid qildi.
Misol uchun, joriy yilning 5 oyida tergov organlari asossiz ayb qo'ygan 323 nafar fuqaro sudlar tomonidan oqlangan, 1 ming 854 nafar shaxsga nisbatan qo'yilgan asossiz ayblovlar olib tashlangan. O'tgan yilning o'zida 236 nafar oqlangan shaxsga davlat hisobidan 6,7 milliard so'mlik moddiy va ma'naviy zarar to'lab berilgan.
Huquq-tartibot idoralarida ishlarning tergovga aloqadorligi buzilib ketgani qattiq tanqid ostiga olingani bejiz emas. Xususan, shunday jinoyat turlari borki, ularni har qanday tergov idorasi tergov qilishi mumkin bo'lsa, ayrim moddalar esa qaysi tergov organiga mansubligi qonunda ko'rsatilmagan.
Shuningdek, 2018-2019 yillarda birinchi instantsiya sudlarida jami 192 ta jinoyat ishi bo'yicha 307 nafar shaxs oqlangan. Shunga qaramay, hech qaysi holatda prokuror ayblovdan voz kechmagani ajablanarlidir.
Prezidentimiz uqtirganidek, endilikda tergov jarayonidagi xatolar sud majlisida aniqlansa, prokuror sudning tugashini kutib o'tirmasdan, o'z tashabbusi bilan ayblovdan voz kechadigan tartib joriy etilishi lozim.
Milliy strategiyada prokuratura organlari faoliyatini xalqaro standartlarga asosan takomillashtirish ko'zda tutilgan. Bunda:
birinchidan, xalqaro standartlarga muvofiq prokuratura faoliyati ustidan nazorat mexanizmlarini mukammallashtirish;
ikkinchidan, prokuratura faoliyatining shaffofligi va uning jamiyat oldidagi hisobdorligini ta'minlash, prokurorlar malakasini uzluksiz oshirish;
uchinchidan, prokuratura tizimi boshqaruvida kollegial organlar rolini kuchaytirish nazarda tutilgan.
Xulosa qilib aytganda, O'zbekiston Prezidenti belgilab bergan dolzarb va muhim vazifalar mamlakatimizda odil sudlovni to'la ta'minlashga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, "Odil sudlovsiz esa, korruptsiya avj olib, inson huquqlari poymol bo'laveradi, investor, tadbirkor, odamlar davlatga ishonmay qo'yadi".
Akmal Saidov,
Inson huquqlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori
("Ishonch" gazetasi, 2020 yil 4 iyul soni)
- Qo'shildi: 06.07.2020
- Ko'rishlar: 4402
- Chop etish